YeI Rossiyaning don shartnomasini bekor qilganini qoraladi
Olam
−
18 iyul 2023
6149Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiya Federatsiyasini don yo‘lagi kelishuvini bekor qilgani uchun qoraladi. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida yozgan.
“BMT va Turkiyaning sa’y-harakatlariga qaramay, Rossiyaning Qora dengizdagi don tashabbusini to‘xtatish bo‘yicha harakatlarini keskin qoralayman. Don eksportini to‘xtatish haqidagi qaror bema’ni harakatdir”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga harakat qilmoqda.
“Yevropa Ittifoqi Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozoriga eksport qilishni osonlashtirishda davom etadi ", deydi fon der Lyayen.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bugundan boshlab don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni to‘xtatganini ma’lum qilgandi. Avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putin don shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘lganini aytib o‘tgandi.
Bundan oldin esa Putin don bitimi doirasida Rossiya uchun hech narsa qilinmagani, bu bir tomonlama o‘yin ekanini bildirgandi.
Biroz avval AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan don shartnomasidan chiqish Rossiyaga qimmatga tushishini aytgandi.
Ma’lumot uchun, don kelishuvi 2022 yil 22 iyulda Istanbulda tuzilgan. U yerda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokida ikkita hujjat imzolangan – Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itilarni eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risida. Tashabbus 2022 yil noyabrida 120 kunga, martgacha, keyin yana ikki marta – ikki oyga uzaytirilgan. Yakuniy muddat – 17 iyul kuni tugagan.
LiveBarchasi