YeI rossiyaliklarga ko‘p martalik viza berishni taqiqladi

Olam

image

Rossiya fuqarolari endilikda Shengen hududiga kirish uchun har safar yangi viza olishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Yevrokomissiya matbuot xizmati xabar berdi.

Bayonotda aytilishicha, bu qaror Ukraina bilan urush tufayli “rossiyalik arizachilar bilan bog‘liq migratsion va xavfsizlik xavfi sezilarli darajada oshgani” sababli qabul qilingan.

Hujjat mualliflari “Rossiyaning migratsiyani qurol sifatida qo‘llayotgani”, kiber va sanoat josusligi xavfi, shuningdek, vizalarning Ukrainaga qarshi targ‘ibot maqsadida noqonuniy ishlatilishi mumkinligini qayd etgan.

“Rossiyalik viza arizachilari vizani olishdan avval yanada sinchkov va tez-tez tekshiruvdan o‘tishlari kerak. Shu sababli, ularga nisbatan 24-modda (2)-bandda ko‘rsatilgan ko‘p martalik viza qoidalaridan ancha qat’iyroq tartiblar qo‘llanadi”, deyiladi Yevrokomissiya hujjatida.

Yevroittifoq joriy yilning oktyabr oxirida joriy etilgan 19-sanksiyalar paketida rossiyaliklarga Shengen vizalarini berish tartibini keskinlashtirmagan, ammo bunday chora ko‘rib chiqilayotgani haqida ANSA, DPA va “Politico” nashrlari xabar bergan. To‘liq viza taqiqi esa hozircha rejalashtirilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolariga ko‘p martalik Shengen vizalarini berishni deyarli to‘liq to‘xtatishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shengen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing