YeI rossiyaliklarga ko‘p martalik Shengen vizasini berishni taqiqlamoqchi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolariga ko‘p martalik Shengen vizalarini berishni deyarli to‘liq to‘xtatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda ushbu masalani muhokama qilayotgan uch nafar yevropalik amaldorga tayanib, “Politico” nashri xabar berdi.

Yangi choraga ko‘ra, Rossiya fuqarolariga asosan bir martalik kirish vizalari beriladi. Cheklovlar shu hafta ichida ma’qullanishi mumkin.

Bryussel Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng, 2022 yilda Moskva bilan soddalashtirilgan viza tartibi to‘g‘risidagi kelishuvni to‘xtatib, Rossiya fuqarolari uchun viza olish jarayonini murakkablashtirgan. Ayrim YeI a’zo davlatlari, xususan, Boltiqbo‘yi mamlakatlari bundan ham qattiqroq cheklovlar joriy qilib, Rossiya fuqarolari uchun o‘z hududlariga kirishni deyarli to‘sib qo‘ydi. Shu bilan birga, vizalar berish masalasi har bir davlat hukumatining vakolatida qolmoqda. Bu esa Yevropa komissiyasi jarayonni murakkablashtirishi mumkinligini, biroq barcha Shengen mamlakatlariga kirish bo‘yicha to‘liq taqiq joriy etish vakolatiga ega emasligini anglatadi.

Yevrokomissiya statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya Shengen vizasiga eng ko‘p ariza topshirgan davlatlardan biri bo‘lgan – Rossiya fuqarolari qariyb 606 ming ariza topshirgan, shundan 500 mingdan ortig‘i tasdiqlangan. Shu bilan birga, 2023 yilga nisbatan vizalar soni ortgan bo‘lsa-da, u 2019 yildagi pandemiyagacha va urushgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichlaridan ancha past – o‘sha yili rossiyaliklarga 4 milliondan ortiq hujjat rasmiylashtirilgan. Hozirda eng faol ravishda viza berayotgan mamlakatlar – Vengriya, Fransiya, Ispaniya va Italiya.

“Politico”ning yozishicha, Yevropa komissiyasi dekabr oyida yangi umumevropa viza strategiyasini taqdim etmoqchi. Unga ko‘ra, YeI dushman deb hisoblagan mamlakatlarga nisbatan viza siyosati vositalaridan foydalanish va rossiyaliklar uchun hujjat berish mezonlarini yanada qat’iylashtirish ko‘zda tutilgan.

YeI Rossiya bilan soddalashtirilgan viza kelishuvini 2022 yil 12-sentabrda to‘xtatgan, oqibatda arizalarni ko‘rib chiqish muddati uzaytirilgan va konsullik to‘lovi oshirilgan. Polsha, Latviya, Litva, Estoniya va Chexiya kabi qator Yevropa davlatlari esa rossiyalik sayyohlarga viza berishni butunlay to‘xtatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya EI Shengen viza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing