YeI Rossiyaga qarshi 12-sanksiyalar paketini e’lon qiladi – fon der Lyayen
Olam
−
05 noyabr 2023
5917Yevropa Ittifoqi yaqin orada Rossiyaga qarshi 12-sanksiya paketini taqdim etadi. Bu haqda kecha, 4 noyabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Tez orada biz 12-sanksiya paketini taklif qilamiz. Yangi choralar import va eksport taqiqlarini qamrab oladi”, deydi Yevrokomissiya rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi paket neft narxining yuqori chegarasini va Rossiya tomonidan sanksiyalar chetlab o‘tilishini oldini olishni nazarda tutadi.
“Bloomberg” agentligining yozishicha, Yevropa Ittifoqining Rossiya Federatsiyasiga qarshi 12-cheklovchi chora-tadbirlar paketi 5 milliard yevrolik savdo cheklovlarini o‘z ichiga olishi mumkin. Yangi paketga payvandlash uskunalari, kimyoviy moddalar va harbiy maqsadlarda qo‘llaniladigan boshqa texnologiyalar eksportiga cheklovlar kiritilishi taxmin qilingan. Shuningdek, metall, qurilish materiallari, transport vositalari va olmos importini cheklash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 11-sanksiya paketidagi “Qora ro‘yxat”ga O‘zbekistondagi 2 kompaniya ham kiritilgandi.
LiveBarchasi