YeI: “Idlibdagi harbiy harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi zarur”
Olam
−
21 fevral 2020
4317Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat rahbari tomonlarni Suriyaning Idlib provinsiyasidagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda 21 fevral, juma kuni Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan davlat va hukumat rahbarlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida aytilgan.
“Suriya rejimi va Idlibdagi uning tarafdorlari tomonidan yangilangan harbiy hujumlar insoniyatga nisbatan katta zulmga olib keldi. Yevropa Ittifoqi barcha tomonlarni zo‘ravonliklarni darhol to‘xtatishga chaqirmoqda", deyiladi bayonotda.
Bayonotda keltirilishicha, Suriyadagi mojaro tomonlari Sochida erishilgan kelishuv majburiyatlarini to‘liq bajarishlari zarur. "Yevropa Ittifoqi barcha tomonlarni sulhni qat’iy ta’minlashga, tinch aholining himoyasini kafolatlashga va 2018 yil 17 sentyabrdagi Sochi memorandumi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga chaqiradi", deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi rahbarlari "barcha muhtojlarga to‘sqinliksiz va to‘g‘ridan-to‘g‘ri gumanitar yordam ko‘rsatish" zarurligini ta’kidladi. "Xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik juda katta ahamiyatga ega. Shu sababli Suriyadagi vaziyatni Xalqaro jinoiy sud qayta ko‘rib chiqish kerak. Yevropa Ittifoqi Idlibdagi himoyasiz fuqarolarga insonparvarlik yordamini kuchaytirishga tayyor”, deyiladi bayonotda.
LiveBarchasi