YeI davlatlari deportatsiyaning yangi qoidalarini zudlik bilan ma’qullashni talab qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi davlatlari muhojirlarni deportatsiya qilish tartibini tezlashtirishga qaratilgan yangi qoidalarning zudlik bilan qabul qilinishi kerakligini bildirdi. Bu haqda kecha, 17 oktyabr kuni Bryusselda e’lon qilingan YeI sammiti deklaratsiyasida keltirilgan.

Deklaratsiyaning migratsiya bo‘limida Yevropa Ittifoqi noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborishni osonlashtirish va tezlashtirish uchun barcha darajalarda qat’iy choralar ko‘rishga chaqirishi ta’kidlangan.

YeI yetakchilari, shuningdek, immigratsiyaning siyosiy ekspluatatsiyasiga qarshi kurashish va YeIning tashqi chegaralarini barcha mavjud vositalar yordamida hamda Yevropa va xalqaro huquqni hurmat qilgan holda himoya qilishga qat’iyatli ekanini yana bir bor tasdiqlagan.

Deklaratsiyada ta’kidlanishicha, Rossiya, Belarus va boshqa davlatlar ittifoqqa a’zo davlatlarning qadriyatlarini, jumladan, boshpana olish huquqini suiiste’mol qilishiga va demokratiyaga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Yevropa Kengashi Polsha va ushbu muammolarga duch kelayotgan boshqa davlatlar bilan birdamlik bildirgan.

Sammit deklaratsiyasida istisno holatlar tegishli choralar ko‘rishni talab qilishi ham aytib o‘tilgan.

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash malakali ishchilar oqimiga to‘sqinlik qilmasligi kerak

Germaniya kansleri Olaf Shols noqonuniy migratsiyani kamaytirish kerakligini aytdi. Shu bilan birga, Sholsning fikricha, YeI malakali ishchi kuchining zarur immigratsiyasiga doimo ochiq qolishi kerak.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen avvalroq ushbu sohadagi mavjud direktivalar va qoidalarni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi ishlab chiqilishini e’lon qilgan edi. Sammit oldidan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga yo‘llagan maktubida fon der Lyayen hujjatda quvib chiqarish bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha aniq majburiyatlar bo‘lishini va noqonuniy muhojirlarni uylariga yuborish jarayonini samarali tarzda tartibga solish kerakligini tushuntirgandi.

Sammit arafasida Italiya hukumati rahbari Jorjia Meloni bir qancha davlatlar, jumladan Avstriya, Vengriya va Polsha rahbarlari bilan uchrashib, deportatsiya markazini Albaniyaga ko‘chirish kabi “pragmatik yechim” haqida gaplashdi. Meloni bilan uchrashuvda Olaf Shols ham, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirok etmadi. Ularning ikkalasi ham avvalroq Albaniya va boshqa uchinchi mamlakatlarda deportatsiya markazlarining joylashtirilishiga shubha bilan qaragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hisobotda Ukraina-Rossiya koridori muhojirlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishi ma’lum qilingandi. Birinchi o‘rinni Meksika-AQSH, ikkinchi o‘rinni Suriya-Turkiya yo‘nalishi egallagan. Beshinchi o‘rinda Rossiya-Ukraina migratsiya koridori turadi. 

Mehnat muhojirlarining eng ko‘p qismi Janubiy, Shimoliy va G‘arbiy Yevropada ish topadi. Ikkinchi o‘rinda Shimoliy Amerika turadi, arab mintaqasi esa kuchli uchlikni yopadi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, xalqaro migratsiya inson taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishning sababchisi bo‘lib qolmoqda, buni 2000 yildan 2022 yilgacha xalqaro pul o‘tkazmalarining yiliga 128 milliard AQSH dollaridan 831 milliard AQSH dollariga oshgani tasdiqlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi muhojirlar Bryussel' deportatsiya yangi qoidalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing