Yodgor Sa’diyev 73 yoshni qarshiladi
Madaniyat-san’at
−
12 iyun 2019
14353Bugun, 12 iyun kuni o‘zbek madaniyati va san’ati darg‘asi, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev tavallud topgan kun. Aktyor Yodgor Sa’diyev 73 yoshni qarshiladi.
Yodgor Sa’diyev xalq orasida katta obro‘-e’tiborga ega aktyorlardan biri. U 1946 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlagan. Faoliyatini O‘zbek milliy akademik drama teatrida boshlagan Yodgor Sa’diyev bugungi kunda ham mazkur teatr sahnasida faoliyat yuritib, yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
1946 yil Toshkentda, san’atkorlar oilasida tavallud topgan Yodgor Sa’diyev bolaligidan ham san’atga, ham sportga havasmand bo‘lib voyaga yetdi. “Paxtakor” futbol jamoasida darvozabon bo‘lib ko‘zga tushgan Yodgor Sa’diyev sportchilarga xos ba’zi muammolar sabab futboldan ketadi.
Aktyor 1971 yilda hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tugatib, O‘zbek milliy akademik drama teatrining yosh aktyolari qatoridan joy oladi. Otaxon teatrning ustoz aktyorlari nazariga tushgan Yodgor Sa’diyev epizod rollarda uzoq qolib ketgani yo‘q. “Qaroqchilar”, “Uylanish”, “Boy ila xizmatchi”, “Yulduzli tunlar”, “Alisher Navoiy”, “Kelinlar qo‘zg‘aloni” kabi spektakllarda 60dan ziyod esdaqolarli rollar ijro etdi.
Teatr sahnasida omadi chopgan Yodgor Sa’diyevga kino ham begona bo‘lmadi. “Dilbarim”, “Minorxo‘rlik Jo‘ra ovchi”, “Yengilmas”, “O‘n uch terak ko‘chasi”, “Qizil qumlar” nomli filmlar bugun TVlarda efirga uzatilmasada, ularni keksa tomoshabinlar yaxshi eslashadi.
O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyevning ijodida “Shaynanat” seriali juda katta o‘rin tutadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, aktyor necha yillarkim xalq ko‘z o‘ngida Asadbek bo‘lib yashab kelmoqda. Bu ham bo‘lsa, uning o‘z rolini ishonarli va qoyilmaqom qilib ijro etganidan dalolat. 1998 yilda suratga olingan “Shaytanat” seriali haligacha tomoshabinlarning tilidan tushmay kelyapti.
45 yillik ijodiy faoliyatga ega bo‘lgan aktyor 1998 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi “Qalqon” studiyasiga rahbarlik qilib kelmoqda. Aktyor o‘tgan yillarda yana teatrga qaytdi. Yodgor Sa’diyevning muxlislari uni O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida “Imon” spektakli bilan kutib olishdi. Ham hayotiy, ham ijodiy tajribaga ega bo‘lgan aktyorni hayot ko‘p sinovlardan o‘tkazdi. Tobladi, bardoshini elakladi. Sa’diyevdagi salobat, nigohlaridagi chaqin, ovozidagi viqor o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q yoki bu shunchaki aktyorlik mahorati emas. Bu taqdirning past-balandini ko‘rgan, goh achchiq, goh shirin in’omlarini totgan insonning hayotiy qiyofasi.
Yodgor Sa’diyevning teatr va kino sohasida ko‘p yillik ijodi hukumat tomonidan e’tiborga olinib, 1989 yilda Respublika Davlat mukofotiiga loyiq topildi. 1998 yilda O‘zbekiston xalq artistiunvoniga sazovor bo‘ldi. 2005 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.
LiveBarchasi