“Yashirin iqtisodiyot” davom etmoqda: 232 mingta korxonada 1 nafardan xodim bor – Mirziyoyev
Jamiyat
−
15 dekabr 2022
14596O‘zbekistondagi xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo‘g‘i 1 nafarni tashkil qiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
“Bu degani, ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert”da oylik to‘lab kelmoqda”, deya ta’kidladi davlat rahbari.
Bunday holat 47 ta tumanda juda yuqoriligi qayd etildi. Misol uchun, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida – 80%, Jondor, Koson, Urgut, Pastdarg‘om, Uchqo‘rg‘onda – 75%, Guliston, Namangan, Qo‘shko‘pir tumanlarida – 70% korxonalarda 1 ta ish o‘rni ko‘rsatilgan.
Chakana savdo, yo‘lovchi va yuk tashish, qishloq xo‘jaligi xizmatlari, mehmonxona, oshxona, AT, avtomobil ta’mirlash kabi faoliyatlar bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilgan.
Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan ko‘pi aynan shu faoliyatlar bilan shug‘ullanadi.
Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari yaxshi emasligi ko‘rsatib o‘tildi. 2022 yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan.
Bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq to‘lash va davlat bilan hamkorlikka o‘ta olmayapti.
Shuningdek, 25 yoshgacha bo‘lganlarni ishga qabul qilganda, tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.
Tegishli viloyat hokimlariga uch kun muddatda ushbu tuman hokimlariga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha taklif berish topshirildi.
“Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilgan-ku! Lekin ushbu tumanlarning hokimi, birinchi o‘rinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70-80 foiz korxonalarda 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib ko‘rmagan?”, deya so‘radi davlat rahbari.
Viloyat hokimlariga mas’ul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda so‘rov o‘tkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.
LiveBarchasi