“Yashil” hududlar o‘rtasida ichki turizmga ruxsat berish zarur – Prezident

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha xalqaro sayohatlar 89 foizga, ish o‘rinlari 74 milliontaga qisqarishi, sohadagi jami yo‘qotishlar 800 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Ma’lumki, joriy yil 16 martdan mamlakat tashqi va ichki turistlar uchun yopilgan edi. Oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Bu gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, transport va boshqalar bilan qo‘shib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy ta’sir qildi.

Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida bu sohaga ham qator yengilliklar berildi. Jumladan, 1 ming 750 ta sub’ektga mol-mulk, yer va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard so‘mga yaqin imtiyoz taqdim etildi. Lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun esa pandemiya sharoitida ishlashga o‘rganish zarur.

Shu bois bu boradagi xorijiy tajriba o‘rganildi. Xususan, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.

Davlat rahbariga ushbu loyiha taqdimot qilindi. Shuningdek, mamlakatda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishildi.

Prezident birinchi bosqichda “yashil” hududlar o‘rtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligini ta’kidladi. Tog‘li joylar va ko‘l bo‘ylarida yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Hokimlar bilan birgalikda ko‘chma dam olish maskanlari dislokatsiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi ta’kidlandi.

“Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob bo‘lishi kerak. Belgilanadigan me’yorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun yetarli bo‘lishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat bo‘lmaydigan tizim ishlab chiqish zarur“, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Turizm yo‘nalishida tadbirkorlar ko‘rgan zararni yaqin 1-2 yil ichida to‘liq qoplash qiyin. Shu bois Prezident bu sohaga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish lozimligini ta’kidladi.

Xususan, turistik yig‘imlardan ozod qilish bo‘yicha avval berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, soha korxonalari foyda solig‘ini hisoblashda 2020-2021 yildagi ko‘rgan zararlarini keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi.

Mehmonxonalarga ko‘rsatgan xizmatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga aylanma mablag‘ uchun kredit foiz to‘lovlarining 10 foizigacha bo‘lgan qismiga subsidiya beriladi.

Raqobat – iqtisodiyotning muhim asoslaridan biri. U mahsulot va xizmatlarda sifatni ta’minlab, aholiga tanlov imkoniyatini yaratadi. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralardan maqsad ana shu.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida hamda unga muvofiq 2019 yil 14 yanvarda qabul qilingan “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida shu borada aniq vazifalar belgilangan edi.

Bugungi kunda mamlakatda 2 ming 965 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlamoqda. Ushbu korxonalarning yarmidan ko‘pi hatto dividend to‘lash imkoniga ega emas.

2019 yil 11 dekabr kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu korxonalarni bozor prinsiplari asosida isloh qilish, xususiy investorlarga sotish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shundan kelib chiqib, Respublika bo‘yicha yalpi xatlov o‘tkazildi.

Yil boshidan beri 299 ta davlat aktivlari 348 milliard so‘mga sotildi. Yangi investorlar ushbu ob’ektlarga jami 3,3 trillion so‘m investitsiya kiritib, 4 ming 700 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish majburiyatini olgan.

Xususan, sobiq “Chorsu” mehmonxonasi, “Samarqandkimyo” korxonasi, “O‘zbekiston” mehmonxonasidagi davlat ulushi, Qo‘ng‘irot soda zavodi sotildi. Bu ob’ektlarga 425 million dollar investitsiya kiritilib, 800 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Taqdimotda davlat aktivlarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan ob’ektlar va yer maydonlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishga doir rejalar haqida ma’lumot berildi.

 
 

Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turizm “Yashil” hudud

Baholaganlar

85

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing