Yaponiyaning yangi sanksiyalar paketida kimlar borligi ochiqlandi
Olam
−
28 fevral 2023
3881Yaponiya Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketi doirasida 48 ta jismoniy shaxs, 73 ta tashkilot va Rosbankka alohida cheklovlar kiritdi, ya’ni ularning Ukrainaga qarshi harakatlari aniqlansa, aktivlari muzlatiladi. Bundan tashqari, 21 ta tashkilotga, jumladan, “Vagner” guruhiga nisbatan eksport cheklovlari joriy etilgan. Bu haqda TASS xabar berdi.
Individual sanksiyalar ro‘yxati ikki qismga bo‘lingan bo‘lib, ulardan birida 39 nafar shaxs, ikkinchisida esa 9 nafar mansabdorlarning nomi qayd etilgan. Xususan, ro‘yxatdan Qrim, Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarining alohida shaxslari, hukumat rahbarlari, vazirliklar, politsiya va bojxona tizimlaridagi amaldorlar, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va boshqa turli muhim organlar boshliqlari o‘rin olgan.
Ukrainaga qarshi harakatlari aniqlansa, aktivlari muzlatib qo‘yiladigan tashkilotlar ro‘yxati 73 ta banddan iborat bo‘lib, ularga “Vimpel” kemasozlik zavodi, P.D.Grushin nomidagi Fakel konstruktorlik byurosi, “Molot” Petrovskiy elektromexanika zavodi, “Rostov” vertolyot ishlab chiqarish majmuasi, Ulan-Ude aviatsiya zavodi va boshqa bir qator korxonalar kiradi. Bunday cheklovlar Rosbankka nisbatan ham joriy etilgan.
Yaponiya yuqoridagi korxona va tashkilotlarga doir individual sanksiyalar bilan bir qatorda, ma’lum mahsulot toifalarini eksport qilishni ham taqiqlaydi. Biroq bu haqdagi tafsilotlar keyinroq taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida joriy yilning 25 fevral kuni bo‘lib o‘tgan G7 onlayn sammitida eksport cheklovlari dronlarga ham aloqador bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.
Umida Muxtorbekova
LiveBarchasi
29 Oktabr