Yaponiyada parranda grippi sabab bir kunda 930 ming tovuq yo‘q qilinmoqda
Olam
−
09 yanvar 2023
2975Yaponiyaning Ibaraki prefekturasida parranda grippi avj olgani sababli 930 mingga yaqin tovuq yo‘q qilindi. Bu haqda mamlakat Qishloq, o‘rmon va baliqchilik vazirligiga tayanib, “Yomiuri” gazetasi xabar berdi.
Mamlakatda kuz-qish mavsumi boshlanganidan buyon bu 56-holat hisoblanadi. Genetik tahlilga ko‘ra, parranda grippining yuqori patogenli shtammi aniqlangan. Kasallikning tarqalishi natijasida prefekturadan ko‘p miqdorda o‘lik qushlar topilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatda 2020 yilda kuz-qish mavsumi davomida virus tufayli 9,87 million parranda yo‘q qilingan bo‘lib, hali nihoyasiga yetmagan joriy mavsumda ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha antirekord o‘rnatilgan. Ya’ni hozirgacha deyarli 10 million – 9,98 million parranda yo‘q qilingan.
“Mutaxassislarning fikricha, virusning atrof-muhitdagi konsentratsiyasi juda yuqori, vaziyatning keskinligi hammaga ayon. Ushbu holatda prefektura va hudular o‘zaro hamjihatlikda harakat qilishi zarur”, deydi Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi vaziri Tetsuro Nomura.
Shuningdek, parrandachilik xo‘jaliklariga yovvoyi hayvonlarning kirib kelishi kabi holatlarda dezinfeksiya qilish orqali yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida, parranda grippi asrimiz boshida aniqlangan dunyo hamjamiyati uchun eng xavfli kasallik hisoblanadi. Gripp dastlab Italiyaning Turin shahridagi fermer xo‘jaligida aniqlangan edi.
Virusning ba’zi shtammlari odamlar uchun patogen hisoblanadi va yuqori darajada o‘limga olib keladigan og‘ir kasallikdir. Parranda grippi isitma, ich ketishi, qusish, kataral sindrom, burun va milklarning qonashi, ko‘krak qafasidagi og‘riqlar, pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi bilan birga kechadi.
LiveBarchasi