Yaponiya O‘zbekistondagi 3 ta loyihaga 162 mln dollar tikadi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2020
5994O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 9.09.2020 yildagi “Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va Yaponiya tijorat banki ishtirokida investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) o‘rtasida 2019 yil 16 dekabrda imzolangan memorandumga muvofiq quyidagi uchta loyihani amalga oshirish nazarda tutilmoqda:
• 2020-2021 yillarda Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini tashkil etish (Data-markaz);
• “O‘zbektelekom” AKning xalqaro paketli kommutatsiya markazlarini kengaytirish;
• “O‘zbektelekom” AK telekommunikatsiya transport tarmog‘i va ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini kengaytirish.
Loyihalarni moliyalashtirish uchun JBIC va Yaponiyaning “Sumitomo Mitsui Banking Corporation” (SMBC) banki tomonidan jami 162,95 mln dollar ekvivalentida yapon iyenasidagi kreditlar ajratiladi.
Hujjat bilan umumiy qiymati 193,73 mln dollarga teng uchta loyihani moliyalashtirish manbalari tasdiqlandi:
• JBICning 10 yil muddatga, JPY CIRR plyus 1,48 foiz, shu jumladan TIF Milliy bankining 0,5 foiz miqdoridagi bank marjasiga teng yillik foiz stavkada 138,51 mln dollar ekvivalentida yapon iyenasidagi krediti;
• SMBCning 6 yil muddatga, 6 oylik LIBOR plyus 4 foiz, shu jumladan TIF Milliy bankining 0,5 foiz miqdoridagi bank marjasiga teng bo‘lgan yillik foiz stavkada 24,4 mln dollar ekvivalentida yapon iyenasidagi krediti;
• “O‘zbektelekom” AKning 6,42 mln dollar miqdoridagi o‘z mablag‘lari;
• O‘zbekistonning 24,36 mln dollar miqdorida soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish ko‘rinishidagi ulushi.
“O‘zbektelekom” AK JBIC va SMBC kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ijro organi hisoblanadi, shuningdek kreditlarni qaytarish, shu jumladan majburiyat komissiyasi, foizlar va boshqa xarajatlar bilan bog‘liq to‘lovlar kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Loyihalarning TIA parametrlari qarorga ilovalarda keltirilgan.
LiveBarchasi