Yaponiya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini joriy qildi. Qanday cheklovlar kiritilmoqda?
Olam
−
27 yanvar 2023
5558Yaponiya yangi sanksiyalar paketi doirasida Rossiyaga robotlar, radioaktiv materiallar, vaksinalar va tibbiy asboblar yetkazib berishni to‘xtatadi. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, taqiq yadroviy inshootlar, neft va tabiiy gaz qidirish uskunalari, turli xil kimyoviy moddalar, portlovchi moddalarni aniqlash uskunalari, portativ generatorlar, lazerli payvandlash mashinalarini o‘z ichiga oladi.
Qayd etilishicha, taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatiga 80 dan ortiq yangi asbob-uskunalar va vaksina komponentlari kiritilgan bo‘lib, 2023 yil 3 fevraldan ularning Rossiyaga eksporti to‘xtatiladi.
Ta’kidlash joizki, Yaponiya hozirgacha Rossiyadagi 50 dan ortiq rus tashkilotlariga sanksiyalar kiritgan. Xususan, Yaponiyada Rossiyaning bir necha banklari va 40 ta kompaniyaning aktivlari muzlatib qo‘yilgan.
Shuningdek, Rossiyaga yetkazib berish taqiqlangan tovarlar va texnologiyalar, jumladan, yarimo‘tkazgichlar, aloqa uskunalari, dasturiy ta’minot va dastgohlar ro‘yxatida hozirda 500 dan ortiq mahsulotlar mavjud.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi