Yaponiya osmonida Xitoy dronlari ko‘paygani aytilmoqda
Olam
−
27 fevral 2023
9534Yaponiya Mudofaa vazirligi rasmiylari so‘nggi yillarda deyarli har kuni Sharqiy Xitoy dengizidagi mamlakat havo hududi chegaralari yaqinida Xitoyning uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) paydo bo‘layotganini qayd etgan. Bu haqda bugun, 27 fevral kuni “Yomiuri” gazetasi vazirlikdagi manbasiga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xitoy dronlarining Yaponiya havo hududiga bir marta bostirib kirishi 2017 yilning may oyida sodir bo‘lgan va taxminan 5 daqiqa davom etgan. So‘nggi yillarda Xitoy hukumati Yaponiya chegaralari yaqinida dronlardan foydalanishni kuchaytirgan, shu munosabat bilan Yaponiya hukumati 2021 yil avgustidan buyon chegarada harbiylar sonini 12 martaga oshirgan.
Shuningdek, Yaponiya rasmiylari mudofaa kuchlariga mamlakat havo hududini buzgan xorijiy havo sharlari va dronlarini urib tushirishga ruxsat beruvchi qonunchilikka o‘zgartirish kiritmoqchiligini ma’lum qilgan.
Mamlakatning mudofaa kuchlari faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik harbiylarga xorijiy samolyotlar tomonidan havo hududi buzilgan taqdirda ularga hamrohlik qilish va Yaponiya hududini tark etishni talab qilish maqsadida qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tarish huquqini beradi. Biroq quroldan faqat favqulodda vaziyatlarda va o‘zini himoya qilish uchungina foydalanishga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaponiya Mudofaa vazirligi tekshiruv natijalarini e’lon qilgan va unga ko‘ra, mamlakat havo hududida noma’lum uchish apparatlari – Xitoyning razvedka havo sharlari aniqlangan. Bu borada Xitoyga rasmiy bayonot berilgan va jiddiy xavotir bildirilgandi. Pekin esa Yaponiyaning bunday ayblovlar uchun zarur dalillari yo‘qligini ta’kidlab, Yaponiya tomoniga qarshi norozilik bildirgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi