Yaponiya Bosh vazirning o‘ldirilishi ortidan diniy guruhni tergov qilmoqchi
Olam
−
17 Oktabr 2022
6563Yaponiya Bosh vaziri mamlakatning sobiq yetakchisi Sindzo Abe o‘ldirilganidan so‘ng diqqat markazida bo‘lgan “Birdamlik cherkovi” diniy tashkiloti ustidan surishtiruv o‘tkazishni buyurdi. Bu haqida BBC nashri xabar bermoqda.
Sobiq Bosh vazirni o‘ldirishda ayblanayotgan shaxs mazkur tashkilotni uning onasini xonavayron qilishda, Abeni esa ushbu tashkilotni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Mazkur diniy sekta ustidan tekshiruv esa uning ko‘plab hukumat vakillari bilan aloqalari borligini ko‘rsatdi. Ko‘tarilgan mojaro mamlakat Bosh vaziri Fumio Kisidani hukumat vakillarining tashkilot bilan mazkur aloqalari uchun uzr so‘rashga majbur qildi.
Diniy sekta a’zolari avvaliga tekshiruv o‘tkazish borasidagi so‘rovlarni e’tiborsiz qoldirgan yoki rad etgan. Shunga qaramay, hukumat mazkur tadbirni tashkil etish arafasida. Sekta a’zolari esa, avvalroq Abe qotilligi uchun nohaq ayblanayotganlarini aytishgan. “Cherkov”ning bir necha sobiq a’zolari tashkilotni qo‘llab-quvvatlab, da’volar qo‘zg‘atgan.
O‘z navbatida, Yaponiya yetakchisi diniy tashkilot ko‘plarni xonavayron qilganligini tan oldi va “ularga yordam berish uchun qilingan harakatlar hali ham yetarli emas” deya bayonot berdi. Ushbu voqeani esa siyosiy sharhlovchilar janob Kisidaning jamoatchilik ishonchini qozonish uchun harakati sifatida baholadilar. O‘tgan oyda Kisida partiyasining “cherkov” bilan aloqalari haqida xabarlar paydo bo‘lgach, uning saylovchilar orasidagi reytingi keskin tushib ketdi. Kisida rahbarlik qiluvchi “Liberal-demokratik partiya” ustidan olib borilgan ichki tergov uning 379 deputatidan 179 nafari “Birdamlik cherkovi” bilan aloqada ekanligini ko‘rsatdi.
Ma’lumot o‘rnida, 1950 yillarning boshlarida Janubiy Koreyada Sun Myon Mun tomonidan tashkil etilgan “Birdamlik cherkovi” guruhi keyingi o‘n yil ichida Yaponiyaga kirib, o‘z izdoshlarini ko‘paytira bordi va mustahkam mavqega ega bo‘lish uchun siyosatchilar bilan aloqa o‘rnatdi. Tahlilchilar fikricha, guruh o‘z izdoshlarini siyosatchilar idoralariga ko‘ngillilar yoki boshqa xodimlar sifatida ishlash uchun yuboradi va konservativ partiya bilan aloqa o‘rnatadi. Liberal Demokratik Partiya sekta bilan har qanday tashkiliy aloqani rad etgan.
Aytish o‘rinliki, sobiq Bosh vazir Abening diniy guruh bilan aloqasi uning o‘limidan oldin ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylanib ulgurgan edi. U o‘tgan yili “cherkov” bilan bog‘liq tadbirda ishtirok etgani aytiladi. Abening bobosi, shuningdek, Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri, antikommunistik tabiati tufayli sektaga yaqin bo‘lgan, deb ishonilgan.
Abega suiqasd
Joriy yilning 8 iyul kuni Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe ko‘chadagi chiqishi davomida otib ketildi. 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami qo‘lbola o‘qotar qurol bilan uni ikki marta otib tashladi. Abe qutqaruv vertolyotida shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar unga qon quyishdi va bir necha soat davomida uning hayoti uchun kurashdilar. Sobiq Bosh vazir 67 yoshida vafot etdi.
12 iyul kuni Tokiodagi Zojoji ibodatxonasida oila a’zolari, yaqin do‘stlari va hamkorlari uchun shaxsiy buddist dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Abening jasadi krematsiya qilindi.
LiveBarchasi