Yaponiya ham o‘z havo hududiga Xitoyning “josus sharlari” kirganini aytmoqda
Olam
−
15 fevral 2023
5829Yaponiya kecha, 14 fevral kuni 2019-2021 yillar oralig‘ida Xitoyning uchta ayg‘oqchi sharlari o‘z havo hududiga kirganligidan qat’iy shubhalanayotganini aytdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yaponiya Mudofaa vazirligi 2019 yilning noyabridan 2021 yilning sentyabrigacha uchta “balon shaklidagi uchuvchi jism” aniqlanganini va bular Xitoy tomonidan uchirilgan uchuvchisiz razvedka samolyotlari deb taxmin qilinishini ma’lum qilgan. Vazirlik Xitoy hukumatidan diplomatik kanallar orqali ushbu masala bo‘yicha faktlarni tasdiqlashni so‘raganini va buning boshqa takrorlanmasligini qat’iy talab qilganini aytgan.
Biroq rasmiy Pekin bugun, 15 fevral kuni Tokioning ayblovlarini rad etgan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Vang Venbin navbatdagi matbuot brifingida Yaponiyaning da’volari shu oy boshida Xitoy havo sharining Amerika Qo‘shma Shtatlari ustidan uchib o‘tishi ortidan paydo bo‘lganini aytgan. U Tokioni yangi ayblovlari bilan Vashington bilan qadam tashlashda ayblagan.
“Biz Yaponiya tomonining Xitoyga qarshi tuhmat kampaniyasiga qat’iy qarshimiz. Yaponiya xolis pozitsiyani qo‘llab-quvvatlashi va qasddan spekulyatsiya qilish orqali AQSHga ergashishni to‘xtatishi kerak”, degan Vang Venbin.
Yaponiya Mudofaa vazirligi esa mamlakat havo hududiga ruxsatisiz kirgan har qanday sharlarni yig‘ishi va kuzatuvga olishini bildirgan. Shuningdek, Yaponiya mudofaa vaziri Yasukazu Hamada Havo mudofasi kuchlari samolyotlari ruxsat etilmagan sharlarni urib tushirga tayyorligini aytgan.
“Fuqarolarning hayoti va mol-mulkini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hollarda kerakli choralar ko‘rilishi mumkin”, degan vazir Hamada.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH harbiy-havo kuchlari samolyoti tomonidan Karolina yaqinidagi Sharqiy sohilda Xitoyga tegishli havo shari urib tushirilgan va amerikaliklar uni Xitoy harbiy kuzatuv dasturining bir qismi ekani, so‘nggi yillarda beshta qit’ada kamida yigirmata missiyani amalga oshirganini ma’lum qilgan edi. Biroq, Xitoy bunday ayblovlarni rad etib, havo sharini shamol tufayli yo‘nalishini o‘zgartirgan fuqarolik tadqiqot kemasi ekanini da’vo qilgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi