Yangiyo‘lda xonadonida kobra boqib kelgan shaxs ilonlarni ochiqqa qo‘yib yubordi
Jamiyat
−
03 Oktabr
15255Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Tuyabug‘uz” MFY hududida ilonlar qo‘yib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kecha, 2 oktyabr kuni Yangiyo‘l tumani “Tuyabug‘uz” MFY hududida fuqaroning xonadonida saqlangan kobra ilonlarni qo‘yib yuborilganligi holati bo‘yicha tuman Ekologiya bo‘limi, tuman Ichki Ishlar bo‘limi, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, tuman Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari hamda MFY raisi va faollardan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Aniqlanishicha, tumanning “Tuyabug‘uz” MFY hududida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro N.Yu. o‘zi yashayotgan xonadonida 30 dan ortiq “Osiyo kobra” ilonlarini tegishli ruxsatnomalarsiz saqlab kelgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra, fuqaro N.Yu. xonadonida saqlanayotgan ilonlar ochiqqa qo‘yib yuborilgan. Bu holat mahalliy aholi tomonidan aniqlanib, 2 ta kobra iloni tutib o‘ldirilgan.
“Hozirgi vaqtda ishchi guruh tomonidan shu yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida dorilash ishlari olib borilib, uy hayvonlarini vaqtincha tutqunlikda saqlab turish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Fuqaroga nisbatan IIB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilinadi. Holat yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi