Yangi Zelandiya parlamentida deputatlar noodatiy norozilik raqsiga tushdi (video)
Olam
−
15 noyabr
5762Yangi Zelandiya parlamentining maorilar va Buyuk Britaniya vakillari o‘rtasidagi Vaytangi shartnomasining yangi tamoyillarini talqin qilishga bag‘ishlangan majlisi deputatlarning nomaqbul xatti-harakatlari tufayli ikki marta to‘xtatildi. Bu haqda “Radio New Zealand” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki deputat ushbu norozilik harakati sabab Vakillar palatasi zalidan chiqarib yuborilgan. Birinchi bo‘lib zaldan Yangi Zelandiya Leyboristlar partiyasi deputati Uilli Jekson chiqarilgan. U Yangi Zelandiya ACT partiyasi yetakchisi Devid Seymurni yolg‘onchi deb atab, bu so‘zlarini qaytarib olishdan bosh tortgan.
Jeksonga ko‘ra, maorilar Buyuk Britaniya bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga hech qachon rozi bo‘lmaydi va o‘z huquqlarini himoya qilishni davom ettiradi. Shuningdek, u Seymur tomonidan taklif etilgan “Shartnoma tamoyillari to‘g‘risidagi qonun loyihasi”ni yevropaliklar va maorilar o‘rtasidagi munosabatlarning haqiqiy tabiatini yashirishga qaratilgan, deb atagan.
“Siz uyatdan yerga kirishingiz kerak, siz yolg‘onchisiz”, deydi u.
Yangi Zelandiyada bunday ayblovlar parlament etikasi qoidalariga zid hisoblanadi. Shu bois Vakillar palatasi spikeri Jerri Braunli Jeksonni gapini qaytarib olishga va uzr so‘rashga chaqirgan, ammo Jekson bu talabni rad etgan.
Maori partiyasi deputati Xana-Raviti Maypi-Klerk esa norozilik harakati uyushtirib, “Shartnoma tamoyillari to‘g‘risidagi qonun loyihasi” muhokamasini buzgan va qonun loyihasi nusxasini yirtib tashlagan. U maori xalqining an’anaviy “haka” deb nomlanuvchi raqsini ijro etgani uchun bir kunga ishdan chetlatilgan. Spiker uni “tartibsizlik boshlovchisi” deb atab, 1 kunlik ish haqidan mahrum etilganini bildirgan.
Qayd etilishicha, deputatlar tomonidan ijro etilgan “haka” shunchalik tartibsizlik keltirib chiqarganki, Vakillar palatasi faoliyati 30 daqiqaga to‘xtab qolgan. Maypi-Klerk zaldan chiqarib yuborilganidan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan.
Bahsli qonun loyihasi
Devid Seymur tomonidan taklif qilingan “Shartnoma tamoyillari to‘g‘risidagi” qonun loyihasi maori xalqining mamlakatdagi huquqiy maqomini tartibga solishni maqsad qilgan. 1840 yilda maori qabilalari sardorlari va Buyuk Britaniya vakillari o‘rtasida tuzilgan Vaytangi shartnomasi, Seymur fikriga ko‘ra, maorilarga boshqa yangi zelandiyaliklardan farqli ravishda maxsus huquqlar beradi. Uning taklifiga ko‘ra, Vaytangi shartnomasi qoidalari milliy qonunchilikka muvofiqlashtirilishi kerak. Ushbu qonunning asosiy tamoyili barcha Yangi Zelandiya fuqarolarining teng huquqlarini ta’minlashdan iborat. Biroq, qonun loyihasi keskin tanqidga uchragan va barcha parlament partiyalari unga qarshi ovoz berishni va’da qilgan.
Vaytangi shartnomasi
Vaytangi shartnomasi (“Treaty of Waitangi”) – bu 1840 yil 6 fevralda maori qabilalari sardorlari va Britaniya qirolligi vakillari tomonidan imzolangan kelishuv hisoblanadi. Vaytangi shahrida imzolangan hujjat Yangi Zelandiya davlatining asosini tashkil etib, mamlakatning asosiy konstitutsiyaviy hujjatlaridan biri hisoblanadi. Bu hujjat inglizlar va maori xalqining birga yashash shartlarini belgilab bergan. Unga ko‘ra, orollar Britaniya toji ostiga o‘tgan, biroq qabilalar o‘z hududlari va resurslari ustidan suverenitet hamda huquqlarni saqlab qolgan.
Shunga qaramay, Britaniya hukumati shartnomani bir necha bor buzib, maori xalqining ba’zi yerlarini tortib olgan. Hujjat hanuzgacha mahalliy aholi tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Kelib chiqadigan nizolarni hal qilish uchun Vaytangi shartnomasi doirasidagi nizolarni tartibga solish boshqarmasi tashkil etilgan. Bu idora Yangi Zelandiya Adliya vazirligi tarkibiga kiradi.
Muxolifat partiyalari hukumat partiyalarini qonun loyihasini rad etishga chaqirgan. Yashillar partiyasi yetakchisi Kloi Svorbrik qonun loyihasini ovoz berishda vijdon va prinsiplar ustuvorligini so‘ragan.
Qonun loyihasi koalitsiya shartnomasi doirasida kiritilgan bo‘lsa-da, “Milliy” va “Yangi Zelandiya Birinchi” partiyalari bu qonun loyihasini keyingi bosqichlarda qo‘llab-quvvatlamasliklarini e’lon qilgan. Bu esa uning muvaffaqiyatsizlikka uchrash ehtimolini kuchaytiradi. Qonun loyihasi bo‘yicha Adliya qo‘mitasi olti oy davomida muhokama o‘tkazadi, shundan so‘ng u parlamentga qayta kiritiladi.
LiveBarchasi