“Yangi O‘zbekiston”ga nega buncha tez darz ketdi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi “Istiqlol” stellasi barelefiga zarar yetgani, yo‘laklarda yoriqlar paydo bo‘lgani va boshqa kamchiliklar aks etgan suratlar tarqalgandi. Ushbu holatga O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi munosabat bildirdi. 

Qayd etilishicha, vazirlik Matbuot xizmati xodimlari “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da bo‘lib, mavjud holatni o‘rgangan. 

Barelef muallifi, haykaltarosh Shohrux O‘rozovning ma’lum qilishicha, barelefning hozirgi ko‘rinishi vaqtincha gipsdan tayyorlangan va stellaning yuzasiga moslab ishlangan haykaltaroshlik ishi sanaladi.

Shohrux O‘rozovning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda ijodiy ishlarning badiiy darajasi yuqori bo‘lishi uchun uni bronzaga ko‘chirish ishlari olib borilmoqda. Uning ma’lum qilishicha, barcha haykaltaroshlik namunalari odatda dastlab gipsdan tayyorlanadi. So‘ng ma’lum sinov muddati o‘tgach, bronza yoki toshlarga ko‘chiriladi. Hozirda stella majmuasiga ishlangan barelefning bronza ko‘rinishi deyarli 60-70 foiz tayyor holatga keltirilgan va tez kunlarda majmuaga olib kelib o‘rnatiladi.

“Aslida haykaltaroshlik texnologiyasida birinchi eskiz tayyorlanadi, keyin ishchi model, undan keyin gips variantda model yaratiladi. Shundan so‘ng, qolip olib, qattiq materiallarga bronza, mis yoki toshlarga ko‘chiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ishlar sifatsiz qilingan deyilmoqda. Aslida sifatsiz emas, gips variantda turibdi. Yomg‘ir, qor ta’sirida ustidagi bo‘yoqlari ko‘chgan, lekin gisp varianti turibdi. Hozirda bronzaga ko‘chirish jarayoni jadallik bilan ketmoqda, bronzadan qilinadigan ishlarning deyarli 60-70 foizi tayyor. Uni olib kelib o‘rnatilganidan keyin, gips olib tashlanadi. Bronza variantida bunday yomon ko‘rinish ro‘y bermaydi”, deydi haykaltarosh.

Eslatib o‘tamiz, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va “Istiqlol” stellasi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgandi. Qurilish ishlariga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bosh-qosh bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2255

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing