Yangi tashkil etilgan Paralimpiya qo‘mitasiga rais saylandi
Sport
−
26 may 2021
5395Kecha, 25 may kuni O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasining Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi. Yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan eng asosiy masalalardan biri bu O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi lavozimiga rahbar saylash edi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov so‘z olib, lavozimga shu kunga qadar O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Muxtorxon Maqsudovich Toshxo‘jayev nomzodini ilgari surdi.
“Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlari hamda Jakarta-2018 (Indoneziya) ParaOsiyo o‘yinlarida yurtimiz paraatletlari tomonidan qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar zamirida Muxtorxon Maqsudovichning xizmatlari beqiyos bo‘lganligi alohida e’tirof etildi”, deyiladi xabarda.
Bosh Assambleyaga taklif etilgan delegatlar bir ovozdan Muxtorxon Maqsudovich Toshxo‘jayev nomzodini O‘zbekiston Milliy Paralimpiya ko‘mitasi raisi etib sayladi.
LiveBarchasi