Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida qanday yangiliklar aks etmoqda?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. U 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat. Hukumat tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi ham ishlab chiqildi.

Qonun loyihasining asosiy jihati u to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan xususiyatga ega bo‘lib, qo‘shimcha qonunosti hujjatlarni qabul qilishni talab qilmaydi, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavludaxon Xo‘jayeva.

Яngi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasidа qаndай yangiliklаr аks эtmоqdа?

“Amaldagi kodeks 294 moddadan iborat bo‘lib, unda ishlamaydigan havolaki normalar ham talaygina. So‘nggi yillarda mehnat bozoridagi vaziyat ham o‘zgardi, qabul qilingan sohaga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida ko‘pgina yangi institutlarni, yangi mexanizmlarning amaliyotga kiritilganligi kodeksni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini tug‘dirdi”, deydi deputat.

Loyihada ish beruvchi sub’ektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qat’i nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlarning alohida tarkibiy bo‘linmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda.

Xo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qoidaning belgilanishi ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlarini doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi.

Ta’kidlanishicha, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka oid alohida bo‘limda mazkur munosabatlarning huquqiy asosi ochib berilmoqda. Ijtimoiy sheriklik xodimlar, ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi mehnat va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini muvofiqlashtirishdagi hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan tizimni nazarda tutadi.

Loyihada nogironligi bo‘lgan shaxslarning, o‘rindoshlik asosida ishlovchilarning, kasanachilar mehnatining, masofadan ishlovchi xodimlarning, shuningdek, navbatchilik uslubida ishlayotgan shaxslar mehnatini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari batafsil bayon etilmoqda.

“Bugungi kunda ish beruvchi xodimning ishlash darajasidan qat’i nazar, uning pensiya yoshiga to‘lishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi holatlari mavjud. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat va bandlik sohasidagi kamsitishlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiyasiga mos kelmaydi”, deydi deputat Xo‘jayeva.

Shuning uchun loyihada xodimning pensiya yoshiga to‘lishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlanmoqda.

Shuningdek, moslashtirilgan ish vaqti rejimi belgilanayotgani qonun loyihasining muhim jihatlaridan. Bu ma’lum bir xodimlar yoki tashkilotning tarkibiy bo‘linmalaridagi xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishi, tugashi va umumiy ish kuni muddatini xodimning o‘ziga tartibga solishga ruxsat etgan holda ish vaqtini tashkil etish usuli hisoblanadi.

Deputatning qayd etishicha, amaldagi kodeksda bo‘lmagan ish bilan taminlash jarayonlarini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchalarini yuritish, mehnat shartnomalarini tuzish va yagona malumot bazasida ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmlari ochib berilmoqda.

Mehnat shartnomasining o‘zi bilan nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha mehnat shartnomalari bekor qilinishi mumkin bo‘lgan xodimlar doirasi masofaviy-ishchilar, uyda ishlovchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan ishchilar, uy xizmatchilari xisobiga kengaytirilyapti.

Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasiga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishdan olingan saboqlarni hisobga olgan holda, xodimga qisman ish haqi bilan, lekin eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan ta’til berish imkoniyatini belgilaydigan, shuningdek, ish haqi to‘lanmagan ta’tilni 6 oygacha uzaytiradigan me’yorlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda

Loyihada so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda individual mehnat munosabatlari va jamoatchilik munosabatlarini tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy me’yorlar to‘plangan. Shuningdek, Mehnat kodeksining qoidalarini xalqaro huquq me’yorlariga, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan xalqaro shartnomalarga, fuqarolik, oilaviy va boshqa bir qator huquq sohalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilmoqda.

“Umuman aytganda, ushbu hujjat mazkur sohadagi qator muammolarni, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi”, deya ta’kidlagan Mavludaxon Xo‘jayeva.

U so‘zi yakunida loyihani maromiga yetkazishda Qonunchilik palatasi deputatlari mas’uliyat bilan yondashinini qo‘shib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Mehnat kodeksi Mavludaxon Xo'jaeva

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing