Yangi soliq kodeksida nimalar o‘zgardi?
Tahlil
−
02 yanvar 2020
14291Ijtimoiy tarmoqlarda XXI bo‘lim, 71 bob va 480ta moddadan iborat yangi tahrirdagi Soliq kodeksi matni e’lon qilindi. Yangi soliq kodeksini qabul qilishda soliq mexanizmlarini optimallashtirish va aholi, tadbirkorlarga soliq yukini kamaytirish maqsad qilingandi.
Soliq o‘zgarishlarini amalga oshirishda 3 ta masala – soliq yukini kamaytirish, soliqqa tortishni soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishni hal etish vazifasi belgilangandi.
Soliq yukini kamaytirishda QQS (qo‘shimcha qiymat solig‘i) bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha summani qaytarish, asosiy vositalar hamda ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha QQS bir yo‘la hisobga olinishi belgilandi. Byudjet tashkilotlaridan boshqa barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov 12 foiz miqdorida belgilandi. Bu ko‘rsatkich avval 25 foiz edi.
Yangi kodeksda YATTlar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) to‘laydigan soliq summasi 30 foizgacha kamaytirilishi belgilandi. Eski kodeksga ko‘ra, YATTlar soliq to‘lashda deyarli boshqa faoliyati keng darajadagi yuridik shaxslar to‘laydigan summani to‘lardi. Lekin ularning xo‘jalik yurituvi va faoliyat gorizonti buning aksini ko‘rsatadi. Rivojlangan davlatlarda ham mavjud bu faoliyat turiga (sole proprietorship) soliq yuki ancha kamaytirilgan.
Eski kodeksda mavjud bo‘lgan 13ta soliq turlari yangisida 9tagacha kamaytirildi. Ular quyidagilardan iborat:
1) qo‘shilgan qiymat solig‘i;
2) aksiz solig‘i;
3) foyda solig‘i;
4) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
5) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk solig‘i;
8) yer solig‘i;
9) ijtimoiy soliq.
Yagona yer solig‘i, davlat boji, bojxona to‘lovlari va tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq turlari bekor qilindi. Kodeksda soliq organlari soliq tekshiruvlarining kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditini o‘tkazishi belgilab qo‘yildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliqlarni to‘lashni tanlash huquqi berilmoqda. Xususan, ular soliqni qat’iy belgilangan miqdorlarda to‘lash yohud jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiya asosida to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Soliq nazorati shakllari 13 tadan 2 taga qisqartirildi. Tekshirishlarni tayinlash tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda, tekshirishlar inson omilisiz faqat dastur asosida amalga oshiriladi. Davlat soliq xizmati organlari endilikda jarimalarni profilaktik tadbirlar o‘tkazgandan keyingina qo‘llaydi.
Yangi kodeksda ortiqcha undirilgan soliq qaytarilishida foizlar qo‘shilishi ham belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, Ortiqcha undirilgan soliq summasiga foizlar soliq to‘lovchi undan soliq ortiqcha undirilgani fakti o‘ziga ma’lum bo‘lgan kundan yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida murojaat etgan taqdirda hisoblanadi. Foizlar undirilgan kundan keyingi kundan e’tiboran haqiqiy hisobga olingan (qaytarilgan) kunga qadar hisoblanadi.
Hisoblangan foizlar tegishli byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining shu kunlardagi amal qilayotgan qayta moliyalashtirish stavkasiga teng etib qabul qilinadi.
Konsert-tomosha ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan norezidentlarni) jalb etish yo‘li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromadlar oladigan yuridik shaxslar uchun soliq stavkasi 5 foiz qilib belgilandi.
2019 yilning 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazilgandi.
Unda parlament quyi palatasi deputatlari, parlament quyi palatasining Davlat byudjeti boshqarmasi xodimlari hamda Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi mutasaddi rahbarlari, soliq maslahatchilari ishtirok etgandi.
Soliq kodeksidagi konseptual o‘zgarishlar, eng avvalo, soliq qonunchiligi normalari qo‘llanilishini maksimal darajada soddalashtirib, qarama-qarshiliklar va ziddiyatli holatlarni bartaraf etish, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, insofli soliq to‘lovchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani aytilgandi.
LiveBarchasi