Yangi Prezidentning aytar so‘zi bor. Eronni qanday o‘zgarishlar kutib turibdi?

Olam

image

Eron xalqi o‘zgarishlarni, korrupsiyaga qarshi kurashishni hamda farovonlikni talab qilmoqda va bu talablar yangi hukumat tomonidan bajariladi. Bu haqda bugun, 21 iyun kuni Eronning yangi saylangan Prezidenti Ibohim Raisiy mamlakat rahbari sifatida o‘tkazgan birinchi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Eron xalqining istagi — o‘zgarish, Eron xalqining xohishi — korrupsiya, qashshoqlik va kamsitishlarga qarshi kurash, shuningdek adolatga erishish”, deydi Eron Prezidenti.

Raisiyning qo‘shimcha qilishicha, yangi hukumat xalqning istak va xohishlarini, albatta, eshitishi kerak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning ustuvor yo‘nalishlari — ishbilarmonlik muhiti, odamlar hayoti va hukumatdagi vaziyatni yaxshilash, shuningdek ma’muriy tizimni isloh qilish hamda o‘zgarishlarga to‘sqinlik qiladigan an’anaviy byurokratiyani yo‘q qilish.

Yadro shartnomasi

Raisiyning ta’kidlashicha, boshqa tomonlar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarsa, Eronning yangi hukumati yadroviy kelishuvni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Bizning talabimiz shundan iboratki, siz kelishuv shartlarini bajarishingiz kerak, shunda biz o‘zimiznikini bajaramiz”, deydi u yangi hukumat uchun yadroviy kelishuvning ahamiyati haqidagi savolga javob berib.

Raisiyning qo‘shimcha qilishicha, Eronning manfaatlari ta’minlanmasa, rasmiy Tehron yadroviy bitim bo‘yicha muzokaralar olib bormaydi. Matbuot anjumanida Eronning yangi Prezidenti AQSHni “Qo‘shma harakat rejasi” bo‘yicha o‘z majburiyatlariga qaytishni so‘ragan.

“AQSH shartnomani buzdi va kelishuvdan chiqdi. Yevropaliklar esa o‘z majburiyatlarini bajarmayapti. AQSH kelishuvga qaytishi, Yevropa davlatlari esa Amerikaning bosimiga berilmasligi kerak”, deydi u. 

Ma’lumot o‘rnida, 2015 yil 15 iyulda rasmiy Tehron va 5+1 (AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy va Rossiya) Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish evaziga mamlakat yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Unga ko‘ra, Eron MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) inspektorlarining mamlakat yadro inshootlariga tashrif buyurishiga ruxsat berishi kerak edi. O‘z navbatida, G‘arb davlatlari buning evaziga Erondan sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlamoqchi edi. Biroq, 2018 yilda Donald Tramp boshchiligidagi AQSH ko‘plab shartnomalar qatori ushbu kelishuvdan ham rasman chiqdi. Bunga javoban Eron o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni barajrishdan bosh tortdi.

Eronning yangi Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashish niyatida emasligini aytdi

“Men Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti bilan uchrashish niyatida emasman. Biz Bayden ma’muriyati bilan muloqotni boshlashimiz uchun AQSH o‘zining samimiyligini tasdiqlashi kerak”, deydi Raisiy.

Qayd etish kerakki, Avstriyaning Vena shahrida joriy yilning aprel oyidan boshlab rasmiy Tehron bilan xalqaro “beshlik” (Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy va Fransiya) o‘rtasida Eron yadroviy kelishuvini tiklash maqsadida yuzma-yuz muzokaralar olib borilmoqda. 

Uchta ishchi guruh mutaxassislari Eron yadro dasturi bo‘yicha “Qo‘shma harakat rejasi”ni tiklash uchun kelishuv matnini ishlab chiqmoqda. Unda AQSHni yana bitimga qaytarish, Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish va rasmiy Tehronning yadroviy majburiyatlarni bajarishi ko‘zda tutilmoqda. AQSHning ushbu kelishuvga qaytish ehtimoli bo‘lsa-da, hozircha rasmiy Vashington va Tehron vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tmadi.

Eronning Saudiya Arabistoni bilan aloqalari

Raisiyning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Tehron va Ar-Riyod o‘rtasidagi muloqotni tiklash hamda ikki davlat elchixonalarini qayta ochish uchun hech qanday to‘siqlar yo‘q.

“Saudiya Arabistoniga kelsak, biz dunyoning barcha davlatlari, ayniqsa qo‘shnilar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Saudiya Arabistoni bilan ikki o‘rtadagi elchixonalarni qayta ochishga hech qanday to‘siqlar yo‘q. Biz bu haqda oldin ham aytganmiz va hozir ham shu fikrdamiz”, deydi yangi Prezident.

Ma’lumot o‘rnida, Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi navbatdagi inqiroz yirik shia olimi Oyatulloh Nimr an-Nimrning 2012 yilda hibsga olinib, 2016 yil 2 yanvarda Saudiya Arabistonida qatl qilinishidan so‘ng kelib chiqdi. Nimr an-Nimr — Al-Saud (Saudiya Arabistonini boshqarayotgan sulola) rejimini tanqid qilgan va diniy ozchiliklar huquqlariga rioya qilishga hamda qirollikda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga chaqirgan shialar ilohiyotchisi.

Nimr an-Nimr qatl qilingan kecha g‘azablangan eronlik namoyishchilar Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi va Mashhaddagi konsulligi hududiga bostirib kirdi. Bunga javoban Ar-Riyod Tehron bilan munosabatlarni buzdi. Bahrayn, Sudan va Jibuti Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatladi. O‘z navbatida, BAA Erondagi diplomatik vakolatxonasi darajasini pasaytirdi, Quvayt va Qatar esa o‘z elchilarini chaqirib oldi. Eron va arab davlatlari munosabatlari shu bilan uzilib qoldi.

Yamandagi urush

Raisiyning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistoni iloji boricha tezroq Yamanning ichki ishlariga aralashish hamda ushbu mamlakatda urush olib borishni to‘xtatishi kerak.

Ma’lumot o‘rnida, Yamanda 2014 yil avgustdan beri hukumat kuchlari va hutiylarning qurolli tuzilmalari o‘rtasidagi to‘qnashuv davom etmoqda. Ushbu urush 2015 yilning mart oyida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaning Yamanga bostirib kirishi bilan o‘zining eng faol bosqichiga chiqdi. Ko‘p yillik ziddiyatlar mamlakatda yirik gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 24 milliondan ortiq yamanliklar — mamlakat aholisining taxminan 80 foizi insonparvarlik yordamiga muhtoj. Bundan tashqari 3 milliondan ortiq kishi mamlakat bo‘ylab ko‘chib yurishga majbur.

Eslatib o‘tamiz, zamonaviy Eron tarixidagi o‘n uchinchi prezidentlik saylovi joriy yilning 18 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 48,8 foizi ishtirok etgan. Shuning yarmidan ko‘pi, aniqrog‘i 17,9 million kishi Raisiyga ovoz bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

143

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing