Yangi koronavirus qo‘rquvi: bir nechta davlat Britaniya bilan parvozlarni to‘xtatdi

Olam

image

Avvalroq, koronavirusning yangi turi sentyabr oyida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lib, noyabr oyining o‘rtalarida faol tarqalishni boshlagani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya Hukumati yangi cheklovlar o‘rnatilishini e’lon qildi. Ko‘rilayotgan choralar fonida London aholisi shahar tashqarisiga chiqib ketishga harakat qilib, temir yo‘l stansiyalarida to‘plangan. Shuningdek, bir qancha davlatlar yangi turdagi koronavirus qo‘rquvi sabab Buyuk Britaniya bilan aviareyslarni to‘xtatgan.

Ta’kidlangandek, yangi turdagi koronavirus sabab bir qator mamlakatlar Buyuk Britaniya bilan parvozlarni to‘xtatib qo‘ydi. Ular orasida Niderlandiya, Belgiya, Germaniya, Italiya, Avstriya, Bolgariya va Turkiya kabi davlatlar bor. Saudiya Arabistoni koronavirusning yangi turi haqidagi xabarlar fonida o‘z chegaralarini vaqtincha yopdi.

Koronavirusning yangi turi haqida nimalar ma’lum?

Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi 14 dekabr kuni yangi turdagi koronavirus aniqlanganini e’lon qildi. Angliya bosh sanitariya xodimi Kris Uitti ushbu turdagi virus odatdagi SARS-CoV-2 nomli turiga qaraganda tezroq tarqalishini aytdi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yangi genetik varianti boshqasiga qaraganda 70 foiz ko‘proq yuqumli bo‘lishi mumkin.

Koronavirusning yangi turi tufayli London va Angliyaning janubi-sharqida qat’iy karantin joriy etilgan. Shuningdek, Angliya, Shotlandiya va Uels aholisi uchun Rojdestvo bayramlari bekor qilingan. Buyuk Britaniyadagi koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy kengash yangi tur eskilariga qaraganda odamdan odamga osonroq yuqishini ma’lum qilgan.

Koronavirusning yangi turi Buyuk Britaniyadan tashqari, Janubiy Afrika, Daniya, Italiya, Gollandiya va Avstraliyada ham aniqlangan.

U qanchalik tez tarqalmoqda?

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yangi tur birinchi marta joriy yilning sentyabr oyida aniqlangan. Noyabr oyida esa, Londonda kasallikka chalinganlarning taxminan 25 foizi koronavirusning ushbu variantidan jabr chekkan. Dekabr o‘rtalariga kelib, bu ko‘rsatkich 65 foizdan oshgan.

Matematiklar koronavirusning boshqa turlarining tarqalish tezligini hisoblab, yangi turdagisining qanchalik tajovuzkor bo‘lishi mumkinligini aniqlashga harakat qilmoqda. Biroq, bu yerda nafaqat virusning o‘zi, balki odamlarning o‘zini qanday tutishini ham hisobga olish kerak.

”Xulosa qilishga hali erta... Lekin yangi tur biz allaqachon ko‘rgan koronavirusdan ko‘ra juda tez tarqalib bormoqda, shuning uchun uni kuzatishda davom etish muhimdir”, deydi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson.

Yangi turdagi koronavirusning qanchalik yuqumli ekanini ko‘rsatadigan aniq raqamlar hali mavjud emas.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

136

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing