Yangi iddao: Pashinyan Bakuni Armanistondagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishda aybladi

Olam

image

Ozarbayjon Armanistonda o‘tkaziladigan navbatdan tashqari parlament saylovlari natijalariga ta’sir o‘tkazish uchun ikki mamlakat chegarasida keskinlikni keltirib chiqarmoqda. Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan bugun, 30 may kuni hukmron partiya a’zolari bilan yig‘ilishda shunday iddao bilan chiqdi.

Pashinyan rasmiy Baku kelishuv doirasida o‘tkazilayotgan chegarani belgilash amaliyotlarini provokatsiya, deb baholagan.

“Ozarbayjonning [chegaradagi] so‘nggi provokatsion harakatlari Armanistondagi saylovoldi jarayonlariga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan”, deydi u.

Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Baku u a’zo bo‘lgan “Mening qadamim” partiyasining g‘alabasidan manfaatdor emas.

“Ozarbayjon o‘zining provokatsion harakatlari bilan saylovlarda aniq natijalar qayd etilishiga erishmoqchi”, deya tushuntirgan u.

Qayd etish kerakki, Pashinyaning saylov bo‘yicha asossiz aytayotgan ayblovlaridan avval Armanistonning olti harbiysi Ozarbayjon chegarasini buzib kirayotganda qo‘lga olindi.

Pashinyan bu holatga munosabat bildirib, arman askarlari nega chegarani buzib o‘tishga uringaniga to‘xtalmay, ularning qo‘lga olinishini xalqaro huquqning buzilishi, deya talqin qildi.

Bundan avvalroq esa, rasmiy Yerevan chegarada otishma yuz berganini, to‘qnashuvda bir askari halok bo‘lganini aytgandi. Baku esa yettita yuk mashinasi Armaniston Qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi bilan chegaraning belgilangan qismiga yaqinlashishga uringanini, ammo vaziyat o‘q uzishsiz hal etilganini bildirgan.

Ta’kidlash joizki, bungacha ham Yerevan Ozarbayjon-Armaniston chegarasini muvofiqlashtirish jarayonlarida Bakuni ayblab chiqqandi.

Rasmiy Baku Yerevanning Ozarbayjon-Armaniston chegarasini muvofiqlashtirish jarayonlariga munosabatini nomunosib, deb baholagan va Armaniston rasmiylarini saylov arafasida vaziyatdan ichki siyosiy maqsadlarida foydalanmaslikka chaqirgan.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning noyabr oyida Armanistonda boshlangan siyosiy inqiroz fonida hukumat va siyosiy partiyalar muddatdan oldin saylovlarni joriy yilning 20 iyunda o‘tkazishga kelishib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing