Yana urushga hozirlikmi? Turkiya va Ozarbayjon harbiylari mashg‘ulotlarni boshladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ozarbayjon Turkiya armiyasi bilan qo‘shma operativ-taktik mashg‘ulot boshladi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mashqlar Ozarbayjon armiyasining harbiy qismlari javobgar bo‘lgan hududlarning umumharbiy mashg‘ulot maydonlarida o‘tkaziladi.

Mashg‘ulotlardan asosiy maqsad – Ozarbayjon va Turkiya qo‘shinlari tezkor bo‘linmalarining o‘zaro harakatini yaxshilash va jangovar samaradorligini oshirish. Shu bilan birgalikda, mashg‘ulotlardan tezkor bo‘linmalar qo‘mondonlari o‘rtasida harbiy qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish ko‘zlangan.

Avvalroq, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon bilan mudofaa sanoatida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning avgust oyida Ozarbayjon va Armaniston qurolli kuchlari qo‘shma harbiy mashqlarni olib borgandi. O‘shanda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bundan boshqa ma’no yoki favqulodda holat qidirmaslik, ikki mamlakat harbiylari o‘rtasida hamkorlikdagi bunday mashqlar har yili o‘nlab o‘tkazilishi haqida gapirgan. Biroq orada bir oy o‘tar-o‘tmas Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi. 30 yil davomida Armaniston ishg‘oli ostida bo‘lib kelgan hududlar 44 kunlik qurolli to‘qnashuvlar natijasida Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tdi. G‘arb va Minsk guruhi Turkiyani Ozarbayjonga qurol-yarog‘ yetkazib berishda aybladi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa Armaniston bilan urushda Bakuni qo‘llab-quvvatlagan yagona davlat Turkiya bo‘lganini alohida urg‘uladi. Bakuda o‘tgan g‘alaba paradida esa Turkiya Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etgan edi. Paradda harbiylar Ozarbayjon va Turkiya bayroqlarini olib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

252

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing