Yana urush ehtimoli yoxud Venesuela ssenariysi takrorlanadimi?
Tahlil
−
29 yanvar 5179 7 daqiqa
Hali yanvar oyi tugamasidanoq AQSH o‘zining navbatdagi qurboniga hujum qilishga tayyor ko‘rinadi. Venesuelaga qilingan hujum ssenariysi takrorlanmoqda. Bir qancha tahdidlar, jiddiy ogohlantirishlar va ana endi, AQSHning ulkan aviatashuvchisi Hind okeanida qorni och nahang kabi o‘ljasini kutmoqda.
Ba’zilar buni shunchaki AQSH Prezedenti Donald Trampning navbatdagi qo‘rqituv mexanizmi deb ta’kidlashmoqda. Ammo, ko‘plab mutaxassislar fikricha, Tramp allaqachon amaliy hujum rejalari haqida bosh qotirmoqda,chunki bunday ulkan harbiy kema odatiy tahdidlar uchun xos emas. Eron ham tayyor, AQSH harbiy bazalari nishon ostida.
Demak, dunyo yana bir urushga tayyor turishi kerakmi?
Eronga tahdid
Eron yaqiniga AQSH ulkan armadani (harbiy kemalar floti) joylashtirmoqda. AQSH arsenalining yana bir qudratli “o‘yinchog‘i”, Avraam Linkoln (CVN-72) aviatashuvchisi Janubiy Xitoy dengizida faoliyat yuritib kelayotgandi, endi esa u Yaqin Sharq qirg‘oqlari yaqinida turipti.

CVN-72 yoki AQSHning 16-prezidenti sharafiga nomlangan Avraam Linkoln aviatashuvchisi "Nimitz" klassiga mansub (atom energiyasi bilan ishlaydigan) beshinchi kema hisoblanadi. CVN-72 85-90 ta samalyot yoki vertalyot, 5 600 nafarga yaqin kishini olib yura oladi. Uzunligi – 332,8 metr, kengligi – 76,8 metr va 56 km/soat tezlikda harakatlanish imkoniyatiga ega. Kema ikkita Westinghouse A4W atom reaktori bilan ishlaydi. Bu unga yoqilg‘i quyishsiz 20-25 yil davomida, deyarli cheksiz masofaga suzish imkonini beradi.
So‘nggi vaqtlarda Eron va AQSH o‘rtasidagi aloqalar har galgidanda keskinlashib, qisqa muddatli harbiy mojaroga ham aylangani esinggizda bo‘lsa kerak. O‘tgan 2025 yilning 13-24 iyun kunlarida sodir bo‘lgan Eron-Isroil urushi va so‘ngida Vashingtonning aralashuvi ikki yirik kuch markazlari o‘rtasidagi nozik aloqalarga jiddiy shikast yetkazgan edi. Buni qarangki, qisqa muddat ichida AQSH yana Eron tomonga qurol bilan kelmoqda.
2025 yilning 28 dekabr sanasida Eronda boshlangan norozilik namoyishlari va bu harakatlarni hukumat tomonidan kuch bilan bostirishga urinishlar, Tramp uchun navbatdagi harbiy harakatlarni boshlashga bahona bo‘lgan ko‘rinadi. Go‘yoki inson huquqlarini himoya qiluvchi superqahramon kabi Trampning e’lon qilgan keskin talablari Eron ma’muriyatini g‘azablantirgan bo‘lsa ajab emas.
"Men, agar ular odamlarni o‘ldirishni boshlasa, odatda tartibsizliklar paytida Eron shunday qiladi, biz ularga juda qattiq zarba berishimizni aytdim", degan edi Tramp, 8 dekabr sanasidagi intervyusida.
Eron hukumati bu talabga javoban, namoyishlar vaqtida hech kim o‘ldirilmaganligi va bu hatto rejada ham yo‘qligini e’lon qilgan. Vaholangki biroz avval, Tehronning jamoat va inqilobiy prokurori Ali Solihiy inqilobchilarga o‘lim bilan tahdid qilib, ularni “davlatga qarshi urush”da ayblagan. Garchi AQSH tazyiqlaridan keyin rasmiy qatllar sodir etilmagan bo‘lsada, o‘lganlar soni oshib bordi. AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari yangiliklar agentligi (HRANA) 25 yanvar kuni e’lon qilgan xabarga ko‘ra, namoyishlar davomida qariyb 5800 dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan. Hisobotda 17091 kishining o‘limi hali ham ko‘rib chiqilyotgani aytilgan edi. Ammo, rasmiylar tomonidan taqdim etilgan raqamlar o‘zgacha, Ichki ishlar vazirligi va Shahidlar hamda faxriylar jamg‘armasi qo‘shma bayonotiga ko‘ra, qurbonlar soni 3117 nafar.

Mana endi Vashington Eronga rostakamiga qurol bilan tahdid qilmoqda. Garchi Oq uy rahbari har qancha tinchlik istashini takrorlamasin, uning qilayotgan amallari buning aksini ko‘rsatmoqda. Tramp 27 yanvar kuni Ayova shtatida so‘zlagan nutqida Eronga qarab AQSH harbiy kemalarining qo‘shimcha "armadasi" suzib ketayotganini e’lon qildi.
“Iyun oyida biz “Midnight Hammer” operatsiyasida Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qildik. Hozir esa Eron tomon yana bir go‘zal armada go‘zal tarzda suzib ketmoqda”, deydi Tramp.
Isroil Mudofaa armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i, general Eyal Zamir Isroil har qanday tahdid soluvchi dushmanga qarshi harakat qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. 27 yanvar kuni kechasi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu esa Tehronga alohida ogohlantirish berdi.
“Isroilga qilingan har qanday hujum siz tasavvur ham qila olmaydigan darajadagi javob zarbasiga sabab bo‘ladi. Prezident Tramp nima qaror qabul qilishini o‘zi hal qiladi; Isroil davlati nima qaror qabul qilishini o‘zi hal qiladi. Biz har qanday ssenariyga tayyormiz", deydi Netanyaxu.
Qisqa qilib aytganda, Yaqin Sharq yana AQSH va Isroil bosimi ostida qolmoqda. Xo‘sh, Eron bunga qanday javob beradi?
Eron urushga tayyor
Eron bu shubhasiz o‘z mintaqasining eng qudratli davlatidir. AQSHning asosiy raqiblari bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan ushbu davlat, bugun Tramp ma’muriyatining “oyog‘iga kirgan zirapchadek” go‘yo. Tramp ma’muriyatining tahdidlariga parvo ham qilmayotgan Tehron ayni damdagi voqealarga qanday munosabat bildirmoqda?
Shou qilishni sevuvchi AQSH rahbari, bir necha bor Tehron muzokaralarga tayyorligini bildirganini aytib chiqqan edi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa so‘nggi kunlarda AQSHning maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan bog‘lanmaganini yoki muzokaralar o‘tkazishni so‘ramaganini e’lon qildi.
"So‘nggi kunlarda men va Uitkoff o‘rtasida hech qanday aloqa bo‘lmadi hamda biz tomondan muzokaralar olib borish bo‘yicha hech qanday so‘rov yuborilmadi. Bizning pozitsiyamiz aniq, muzokaralar tahdidlar bilan birga ketmaydi. Muzokaralar faqat tahdidlar va ortiqcha talablar yo‘qolgandagina amalga oshirilishi mumkin", dedi Aroqchi.

Biroz oldinroq esa Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni, general Moxammad Pakpur AQSH va Isroilni “har qanday xatolarni chuqur o‘ylab ko‘rishga” chaqirgan edi. Uning aytishicha, har qanday hujum og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Qo‘riqchilar korpusi va Eron hozir har qachongidan ham ko‘proq jangovar shay holatda. Biz Oliy bosh qo‘mondonning buyruq va ko‘rsatmalarini bajarishga tayyormiz”, degan Pakpur.
Ayni damda Eronning harbiy salohiyati ham jiddiy muhokama qilinmoqda. Hatto, yadro qurolisiz ham Eron AQSHga jiddiy qarshilik qilishi mumkinligi amerikalik harbiylar tomonidan ham tan olinmoqda. “Draganfly” nomli dron ishlab chiqaruvchi kompaniya asoschisi Kameron Chellning Fox.news nashriga bergan intervyusiga ko‘ra, Eron o‘zining dronlar floti orqali yuqori texnologiyali harbiy tizimlarga qarshi samarali asimmetrik tahdid yarata olishi mumkin.
Eron bir vaqtning o‘zida AQSHga qarshi mafkuraviy kurash ham boshlagan. 25 yanvar kuni Tehron shahar hokimiyati poytaxt markazidagi Enghelab (Inqilob) maydonida ulkan reklama taxtasi ochildi va unda palubasidagi qiruvchi samolyotlari yakson qilingan aviatashuvchining tepadan ko‘rinishi va suvda AQSH bayrog‘i shaklini hosil qilib oqayotgan qon aks ettirilgan. Tasvir ostida esa ingliz va fors tillarida "Agar shamol eksang, bo‘ronni o‘rasan", deb yozilgan. Mamlakatda esa bunday suratlar, installyatsiyalar son-sanoqsiz.
Shu jumladan, Eron ham yolg‘iz emas. Hizbulloh rahbari ham AQSHning hujumlariga jim qarab turmasligini bildirdi. 26 yanvar kuni “Hizbulloh” harakati yetakchisi Naim Qosim agar Eronga hujum qilinsa, bu Livandagi harakatga ham ta’sir qilishini aytdi va guruh javob qaytarishga tayyor ekanini e’lon qildi.
“Biz har qanday ehtimoliy agressiyaning nishoniga aylanamiz va o‘zimizni himoya qilishga tayyormiz”, degan Qosim o‘z tarafdorlariga qilgan murojaatida.
Avraam Linkoln aviatashuvchisining Yaqin Sharq qirg‘oqlariga yaqinlashuvi xalqaro maydonda ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Biroq, Rossiya va Xitoy kabi Eronning qudratli do‘stlari hali sukutda. Doimiy hamkor Xitoy ham faqatgina tomonlarni tinchlikka chaqirishdan nariga o‘tgani yo‘q. Turkiya esa bu borada alohida faollik ko‘rsatmoqda. 28 yanvar kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Xakan Fidan AQSHni Eron bilan bo‘lgan nizolarni yalpi kelishuv orqali emas, balki birma-bir, qadam-baqadam hal qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bu usul Eron rasmiylarini tahqirlashdan qochish imkonini beradi. Shuningdek, vazir Tehron o‘zining yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanligini qo‘shimcha qildi.

“Amerikalik do‘stlarimga doimgi maslahatim: eronliklar bilan bog‘liq fayllarni birma-bir yoping. Yadroviy fayldan boshlang, uni yoping, keyin boshqasini. Agar ularning barchasini bir paketga solsanggiz, eronlik do‘stlarimiz uchun hazm qilish juda qiyin bo‘ladi. Ba’zan bu ular uchun sharmandali tuyulishi mumkin. Urushni qayta boshlash noto‘g‘ri”, deydi Fidan.
Ammo, ikki tomonning hech biri yon berish niyatida emas. Vashington Eronni bo‘g‘ziga pichoq tirab muzokara stoliga o‘tirg‘izmoqchi, Eron esa pichoqdan qo‘rqmasligini ta’kidlayapti. Agar barchasi shu yo‘sinda davom etaversa, Venesuela taqdiri takrorlanishi mumkin. Eslasanggiz, Tramp Maduroni o‘g‘irlash operatsiyasini ham xuddi shunday aviatashuvchi bilan boshlagan edi. Ammo, Eron Venesuela kabi prezidentni so‘rasa qo‘shqo‘llab berib yuboradiganlardan emas. Shunday ekan, AQSH ham keyingi qadamni o‘ylab bosishi lozim. Xullas, xalqaro maydonda vaziyat nozik, dunyo har qanday ssenariyga tayyor turishi lozim.
Live
Barchasi