Yana oldingidek prokuror, SNB tekshiruvchi bo‘laversinmi? – Mirziyoyev
Jamiyat
−
24 fevral 2023
31206Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘pchilik mamlakatda ommaviy axborot vositalari faoliyati cheklash, jurnalistning og‘zini yopish, yana senzurani qaytarishni taklif qiladi. Ammo Prezident bunga rozi emas, chunki avvalgi davrdagi ushbu holatlar mamlakatga foyda keltirmagan. Davlat rahbari bu haqda bugun, 24 fevral kuni Qarshi tumanidagi maktabda faollar bilan muloqoti davomida gapirib o‘tdi.
“Yopiq davlat bo‘lib, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlamaganimiz uchun adolatni, xalqning ovozini eshitmadik. Eshitmadik! Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi. To‘g‘ri, menga qiyinroq bunday ishlash. Hamma aytadi: “Ey, yopib qo‘y”. Yo‘q, yopmayman. Yana oldingidek, prokuror, SNB tekshiruvchi bo‘laversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi, birimiz ikki bo‘ldimi?”, deydi davlat rahbari.
U so‘zida davom etarkan, OAVni do‘st deb bilish muhimligini urg‘uladi.
“Gapirsin, adolatli gapirsin. Tanqid qilsin, to‘g‘ri tanqid bo‘lsin. Shu qishloqqa, maktabga, ta’limga foydasi bo‘lsa, nur ustiga nur. Men har kuni internetni ham o‘qiyman, kim qanday gapiryapti... Vaqtim boricha, 1-2 soat qo‘limga qalam olib, o‘zimga yozib olaman. Baribir 10 ta fikrdan 9 tasi to‘g‘ri bo‘lib chiqadi”, deydi Prezident.
U agar davlatda ommaviy axborot vositalari yopiq bo‘lsa, xalqni ham hech kim eshitmasligini aytdi.
LiveBarchasi