Yana Oblomurodov: Ekoqo‘mita raisining jiyani rahbarlik lavozimiga tayinlangani aytilmoqda

Jamiyat

image

Ijimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodovning jiyani Toshkent shaxar davlat ekologik ekspertiza markazi filialiga boshliq bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan qo‘mita Matbuot xizmati izoh berdi. 

Qayd etilishicha, Davlat ekologik ekspertizasi markazi tizimida bir necha yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Shaxboz Mo‘minov Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktorining buyrug‘iga asosan markazning Toshkent shahar filiali direktori lavozimiga, munosib nomzod topilgunga qadar, direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.

“Ushbu xodimning Qo‘mita raisiga qarindoshlik aloqasi haqidagi vajlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz.

Davlat ekologiya qo‘mitasi shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on, asoslanmagan axborotni tarqatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tegishli javobgarlik normalari belgilanganligini eslatib o‘tadi”, deyiladi xabarda.

Aytish joizki, bundan roppa-rosa bir hafta oldin ijtimoy tarmoqlarda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodovning bir emas, to‘rtta – Mercedes Benz, Toyota 200, E-Bora va Volkswagen ID-6 xizmat avtomobili borligi haqida xabarlar tarqalgandi. 

Ekoqo‘mita Matbuot xizmati esa xabarlarni rad etib, idora raisi to‘rt emas, ikkita avtomobildan foydalanishini ma’lum qilgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Narzullo Oblomurodov 2021 yilning 30 dekabridan buyon O‘zbekiston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozida faoliyat yuritib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

437

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing