Yaman husiylari Isroilga aloqador kemani egalladi
Olam
−
20 noyabr 2023
9732Yamandagi husiylar harakati Qizil dengizda “Galaxy Leader” yuk kemasini qo‘lga oldi. Bu haqda Saudiya Arabistonining “Al Hadath” telekanali xabar berdi.
Husiylar vakili isroilliklarga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan tijorat kemasi qo‘lga olinganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, “Galaxy Leader” Yaman g‘arbidagi Xodeyda viloyatidagi guruh nazoratidagi hududlarga yetkazilgan. Hozirda kemaning 22 kishidan iborat ekipaji so‘roq qilinmoqda.
Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati husiylarning Qizil dengizda kemani o‘g‘irlab ketishini “global miqyosdagi juda jiddiy voqea” deb atadi. SAXAL hisobotida keltirilishicha, “Galaxy Leader” Isroil kemasi emas. Kema Turkiyadan Hindistonga ketayotgan bo‘lib, bortida Isroil fuqarolaridan tashkil topmagan xalqaro ekipaj bo‘lgan.
“The Times of Israel”ning yozishicha, Bagama orollari bayrog‘i ostida suzgan kema Britaniyaning “Ray Shipping” kompaniyasida ro‘yxatdan o‘tgan, uning hammualliflaridan biri isroillik tadbirkor Rami Unger hisoblanadi. Hibsga olingan vaqtda kema yapon kompaniyasiga ijaraga berilgan.
NBC telekanali esa amerikalik rasmiylarga tayanib, kemaning qo‘lga olinishi tafsilotlarini ma’lum qildi. Unda aytilishicha, husiylar kemani egallashda vertolyotdan foydalangan. Qurollangan odamlar arqonlar yordamida “Galaxy Leader”ga tushgan.
Isroil Bosh vaziri idorasi hodisada Eronni ayblab, kema Yamandagi husiylar tomonidan “Eronning xohishi bilan” qo‘lga olinganini aytdi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, kema bortida Ukraina, Bolgariya, Filippin va Meksika fuqarolari bo‘lgan.
O‘z navbatida, Eron Isroilning ayblovlarini rad etdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanani husiylar mustaqil ravishda harakat qilishini bildirdi.
"Biz ko‘p marotaba ta’kidlaganmizki, mintaqadagi qarshilik kuchlari o‘z mamlakatlari vakillaridir. Ular o‘z mamlakati va millati manfaatlaridan kelib chiqqan holda qaror qabul qiladi", deydi Kanani.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yamandagi husiylar harakati vakili Yahyo Sari Anun Isroilga kemalarini o‘qqa tutish bilan tahdid qilgandi.