Yaltiroq qog‘ozdagi konfet yoxud Universitet ko‘chasidagi ta’mirlashlar kim uchun?
Tahlil
−
25 fevral 2019
10827Xabaringiz bor, ayni vaqtda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga olib boruvchi yo‘llarda, qolaversa, Yoshlik talabalar shaharchasida katta qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Avtomobil yo‘llari kengaytirilib, asfalt qoplamasi yotqizilmoqda. Biroq, O‘zMU atrofida shunday yo‘llar borki, ular doim nazarda chetda, orqa planda qolib ketaveradi. Bu yo‘llardan esa kuniga yuzlab talabalar yuradi.
O‘zbekiston Milliy universiteti juda katta oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Uning asosiy binosiga barcha fakultetlarni sig‘dirishning imkoni yo‘q. Shu bois ayrim fakultetlar universitetning orqa ko‘chalaridagi binolarga joylashtirilgan. Ularga asosiy kirish yo‘li esa Beruniy metrosi tarafdan emas, aksincha Mirza G‘olib ko‘chasidan. Biroq, mana 10 yildirki bu ko‘cha juda ayanchli ahvolga kelib qolgan.
Universitet-4 ko‘chasida joylashgan binoda Ijtimoiy fanlar va Jurnalistika fakulteti talabalari tahsil oladi. Bo‘lajak jurnalistlar bu ko‘cha haqida OAVda qanchadan-qancha chiqishlar qilmadi, deysiz. 2017 yilning 28 mart kuni QALAMPIR.UZ’da ham ushbu yo‘llaridagi vaziyat aks etgan suratlar va “Poyabzali loyga botgan jurnalistlar” nomli maqola e’lon qilingan edi. O‘shandan buyon qariyb ikki vaqt o‘tdi. Ammo, bu ko‘chaning ahvoli yomon bo‘lsa, yomon bo‘ldiki, yaxshilangani yo‘q.
“OAVdagi chiqishlarimizdan keyin mansabdorlar pinagini ham buzmadi. Ularga kishi ko‘ziga old ko‘chalar durust bo‘lsa, rahbariyatdan gap eshitmasa bo‘lgani. Qolganlarning ahvoli bilan ishlari yo‘q. Bu go‘yo yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan arzon konfetni eslatadi va Prezident qancha ta’kidlashiga qaramasdan ko‘zbo‘yamachilik davom etayotganidan dalolat”, deydi Jurnalistika fakulteti talabalaridan biri.
Asosan ustiga boqishni o‘rgangan ayrim amaldorlar, Toshkent shahar hokimligidagi rasmiylar Universitet ko‘chasi 4-uyda joylashgan binoda yuzlab talabalar o‘qishi, qanchadan-qancha professor-o‘qituvchilar dars berishlaridan bexabardirlar. Chunki bu binoga asosan orqa tarafdan, Mirzo G‘olib ko‘chasidan kirib boriladi. Xo‘p, ularning xabarlari yo‘q ham deylik. Lekin nega OAV orqali qilingan murojaatlar ham javobsiz va samarasiz qolmoqda? Qolaversa, O‘zMU atrofida ta’mirlash ishlari olib borish jarayonida nima uchun boshqa fakultetlarga kirib boruvchi yo‘llar nazarda tutilmagan. Yo bu ko‘chalardan rahbarlar yurmaydimi?
Darvoqe, bu yo‘llarda talabalarning loy kechib yurganini ko‘rgan ayrim saxiy tadbirkorlar qurilishdan ortgan beton va shunga o‘xshash chiqindilarni olib kelib shu ko‘chaga to‘kib berishgan. Mayli-da, loy kechgandan, uvalangan betonda yurgan ancha ma’qul.
Siz ko‘rib turgan tasvirlar mazkur hudud haqidagi umumiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘lmasligini so‘raymiz. Chunki haqiqiy ahvol bundanda ayanchliroq. Suratlarlar esa qish kunlari, ayniqsa, yog‘ingarchilikdagi vaziyat qanday bo‘lishini tasavvur qilishga yetarli asos, bizningcha.
LiveBarchasi