Yakuniga yetayotgan yilning yoqa ushlatgan fojialari

Bu qiziq

image

Deyarli har oyda kishini hayratga soluvchi biror nima sodir bo‘lgan 2020 yilni hozirgi avlod uzoq-uzoq yillar unutmaydi. Chigirtkalar yomg‘iri, iqtisodiy tanazzul, o‘rmon yong‘inlari, zilzilalar samolyot halokat, dahshatli portlash, siyosiy nizolar va yana ko‘plab xodisalar.

Ammo 2020 yil insoniyat tarixiga katta ehtimol bilan pandemiya va lokdaun bo‘lib kirsa, ne ajab. Axir, ko‘plab mashhur lug‘atlar ham shu so‘zlarni yil so‘zi deb topgani bejiz emas.

Pandemiya boshlangandan beri dunyoda 80 mlndan ko‘p odam koronavirusga chalindi. Hozirgacha ularning 1 750 000 dan ortig‘i vafot etdi va bu raqam o‘sishda davom etyapti. Quvonarlisi, kasallikdan forig‘ bo‘lganlar unga taslim bo‘lganlardan ancha ko‘p – 45 050 598 nafar va bu raqam ham o‘sib boryapti.

Yuqorida aytganimizdek, 2020 yilda dunyo COVID-19 pandemiyasidan boshqa ko‘plab yaxshi-yomon hodisalarga guvoh bo‘ldi. Hozir biz yakuniga yetayotgan yilda sodir bo‘lgan fojialarni yodga olamiz.

3 yanvar. AQSH harbiy havo kuchlari Bag‘dod xalqaro aeroportiga drondan hujum uyushtirdi. Hujumda esa Eron Islom Respublikasi va Yaqin Sharq mintaqasida katta obro‘ga ega shaxs, Islom inqilobi posbonlari korpusining maxsus “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. Unga Eron tashqi siyosatining me’mori, degan ta’rif ham beriladi.

Sulaymoniyning o‘ldirilishi rasmiy Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskin aloqalarni yanada taranglashtirdi. Eron o‘z generali uchun qasos olishga qasam ichib, AQSHning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa hujumi uyushtirdi. To‘g‘ri, Pentagon hujumda hech kim vafot etmaganini, baza bo‘sh bo‘lganini aytib chiqdi. Ammo Tehron dunyo ko‘z o‘ngida AQSH bazasini bombalagan davlat sifatida namoyon bo‘ldi.

Eng achinarlisi, birgina Sulaymoniyning o‘limi ortidan yana 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Qanday qilib deysizmi?

Sulaymoniy 8 yanvar kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kermonda dafn etildi. Yo‘l-yo‘lakay esa turli shaharlarda ommaviy janoza marosimlari tashkil etildi. Mana shu janozalardagi taloto‘plarda 56 kishi halok bo‘ldi. 213 nafari jarohatlandi.

8 yanvar. Sulaymoniy o‘ldirilgan, AQSH va Eron bir-biriga bor qurol-yarog‘iyu zambaraklari bilan tish qayrab turganda Tehron yaqinida Ukraina xalqaro havo yo‘llari aviakompaniyasiga tegishli Boeing-737 samolyoti halokatga uchradi. Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, samolyot qulashi baxtsiz hodisa bo‘lmagan, AQSHdan hujum kutayotgan eronlik harbiylar uni “dushman” deb o‘ylab, urib tushirgan.

Samolyotda 176 kishi bo‘lgan. Ularning hech biri omon qolmadi. Eron o‘z aybini tan olib, qurbonlar oilasiga kompensatsiya to‘lashga tayyorligini bildirdi. Yil oxiriga kelib,30 dekabrda Eron halokat qurbonlariga 150 ming dollardan kompensatsiya to‘lashga tayyorligini bildirdi.

15 yanvar. Avstraliya uchun favqulodda qurg‘oqchil kelgan 2019 yil o‘zi bilan o‘rmon yong‘inlarini olib keldi. O‘tgan yilning 4-choragi davomida tinmagan yong‘inlar 2020 yilning yanvar oyida shiddat olib, so‘ng yomg‘irlar sabab poyoniga yetdi. Yong‘inda 1 mln gektardan ortiq o‘rmon maydoni, yarim milliard mavjudot bilan birgalikda yonib ketdi. Shuningdek, yong‘inlar 100 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Yong‘indan keyin Avstraliyani yangi tabiiy ofatlar – kuchli yomg‘ir va sel o‘z domiga tortdi. Eng so‘nggida mamlakatga ulkan qum bo‘roni yopirildi.

Olimlar yong‘inlar sabab 13 turdagi hayvon, jumladan, koala, kvokk, ingichka dumli qoya vallabilari, janubiy korrobori qurbaqasi, tarozili asalxo‘r qushi va g‘arbiy yer to‘tisining yo‘q bo‘lib ketish xavfi borligini ma’lum qildi.

24 yanvar. Turkiyaning Elyazig‘, Malatya va Diyorbakir viloyatlarida 6,8 balli zilzila qayd etildi. Unda jami 41 kishi qurbon bo‘ldi. Qurbonlarning 37 nafari Elyazig‘dan, 4 nafar Diyorbakirdan. Yana ikki kishi qo‘rquv ortidan yurak xurujiga uchrab vafot etdi. Bor-yo‘g‘i 45 kishi vayronalar ostidan sog‘-salomat qutqarib qolingan. 76 ta bino vayronaga aylandi. 645 ta bino xavfli holatda. 541 ta bino o‘rta va oz xavf ostida ekani aytilmoqda.

2 fevral. Afrika sharqidagi Somali davlati chigirtkalar bosqini sabab favqulodda holat joriy qildi. Bu ofat qit’aning Efiopiya, Misr, Keniya kabi davlatlariga ham yopirildi. BMT bu Efiopiya va Somalida so‘nggi 25 yildagi, Keniyada so‘nggi 70 yildagi eng yirik chigirtkalar bosqini ekanini e’lon qildi. Tashkilot ofatga qarshi kurashish uchun 10 mln dollar ajratdi.

Chigirtkalar sabab Sharqiy Afrikada 5 mln kishi ochlikka mubtalo bo‘lishi aytildi. Millionlab gektar yer maydonlaridagi o‘simliklar nobud bo‘ldi.

5 fevral. Turkiya sharqidagi Van viloyatida qor ko‘chkisi yuz berdi. Natijada yo‘lovchilar bo‘lgan avtobus qor ostida qoldi.

Van-Bog‘chasaroy yo‘lida sodir bo‘lgan tabiiy ofat 33 kishining umriga zomin bo‘ldi. Hodisada 50 dan ortiq odam jarohatlandi.

Takroriy ko‘chki oqibatida qutqaruvchilar ham zarar ko‘rdi.

9 mart. 2020 yilda bahor vahima bilan bog‘landi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mart oyida o‘sha vaqtda ko‘pchilikka notanish bo‘lgan koronavirus ko‘plab dunyo davlatlariga kirib bordi. Hukumatlar karantin choralarini o‘rnata boshladi. Bu tezda aks-sado berdi. 9 mart kuni dunyoda neft narxi “quladi”. Brent markali neft 31 foizga, WTI markali neft 27 foiz arzonlashdi.

Bu ham yetmagandek, Saudiya Arabiston Rossiyaga qarshi narx urushini boshladi va neft ishlab chiqarishni ko‘paytirdi. Ammo tez orada rasmiy Ar-Riyod va Rossiya kelishdi. OPEC+ kelishuvi amalga oshdi. Biroq bu ko‘p ham yordam bermadi. Neft narxi 0 dollardan ham arzonroqqa tushib ketdi. AQSHda zaxiralar tugash darajasiga yetdi. Mart oyi oxirida Xitoyda koronavirusning jilovlanib, kasallik chekina boshlagach, neft bozori uchun “yorug‘lik” ko‘rindi. Negaki, dunyoning eng yirik neft iste’molchisi yana “uyg‘onayotgandi”.

22 may. Pakistan International Airlines (PIA) ga tegishli Airbus A320-214 samolyoti Karachida halokatga uchradi. Samolyot Laxor – Karachi yo‘nalishida harakatlanayotgan bo‘lgan. Samolyot shahar chetida aholi yashovchi tumanga qulagan. Havo laynerida bo‘lgan 99 kishidan (91 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekmpaj a’zosi) 2 nafar tirik qolgan. Halokat sabab yerda 8 kishi jarohatlangan, ularning biri 31 may kuni vafot etdi.

25 may. AQSHning Minnesota shtati markazi Minneapolis shahrida politsiya xodimi 46 yoshli qora tanli Jorj Floydni qo‘lga olish vaqtida o‘ldirib qo‘ydi. Afroamerikalik politsiya xodimining tizzalari ostida ezilib, nafas ololmay, vafot etdi.

Buning ortidan AQSHda irqchilikka qarshi bir necha oy davom etgan namoyishlar boshlandi. Namoyishlar keng ko‘lamli tartibsizlik va vandalizmni keltirib chiqardi. Ko‘plab shaharlarda Amerikani mustaqil qilishda va uni oyoqqa turg‘azishda qatnashgan shaxslarning haykallari vayron qilindi. Kompaniyalarda oq tanlilarni ishdan bo‘shatib, o‘rniga qora tanlilarni ishga olish holatlari ham ko‘paydi. Irqchillikka qarshi namoyishlar tez orada butun dunyoga tarqaldi.

29-30 may. Afrikadagi Burkino-Faso davlatida ikki kechada tizimli ravishda 58 nafar xristian o‘ldirildi. Jumladan, Lorum provinsiyasida savdo kolonnasiga hujum natijasida 15 kishi halok bo‘ldi. 30 mayda terrorchilar Kompiyenga provinsiyasidagi mol bozorida odamlarga hujum qildi va 30 kishining umriga zomin bo‘ldi.

O‘sha kuni Sanmatenga provinsiyasida insonparvarlik kolonnasiga hujum uyushtirildi. Natijada 20 kishi jarohatlandi, bir kishi bedarak yo‘qoldi.

2 iyul. Myanmaning Kachin viloyatidagi nefrit qazib olinadigan hududda ko‘chki yuz berdi. Tog‘ jinsi 300 metr balandlikdan ko‘chib tushgan. Fojia oqibatida 162 kishi halok bo‘ldi. Yana 54 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.

4 avgust. Livan poytaxti Bayrutda yirik portlash yuz berdi. Mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bandargohning kuli ko‘kka sovurildi. Bandargohda bir necha yillardan beri saqlanib kelgan 2750 tonna ammiakli selitra portladi. Uning kuchi 3,3 balli zilzilaga teng bo‘ldi.

Fojia oqibatida bandargoh vayron bo‘lishidan tashqari, 200 nafarga yaqin odam halok bo‘ldi. 6 mingdan ortiq odam jarohatlandi. Shaharning yarmi portlashdan zarar ko‘rdi. 300 ming odam boshpanasiz qoldi. Moddiy zarar miqdori 15 mlrd dollarga baholandi.

25 sentyabr. 25 sentyabr kuni Ukrainaning Xarkov viloyatida An-26 harbiy samolyoti halokatga uchradi. Hodisa mashg‘ulotlar vaqtida yuz berdi.

Samolyotda bo‘lgan 27 kishining 26 nafari vafot etdi. Ikki kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgandi. Biroq keyinchalik ulardan biri vafot etdi.

An-26 samolyotining qulashiga dvigatelning ishlamay qolgani sabab bo‘lgan. Havo kemasi komandiri ratsiya orqali dvigatelda muammo borligini aytgan.

30 oktyabr. Egey dengizida 6,9 balli zilzila sodir bo‘ldi. natijada Turkiya g‘arbidagi Izmir viloyatida binolar qulab, vayronaga aylandi. Zilzila oqibatida 116 kishi halok bo‘ldi.

4 noyabrgacha 17 ta bino vayronasida olib borilgan qutqaruv-qidiruv ishlari natijasida 107 kishi qutqarildi. Umumiy hisobda 1000 dan ortiq odam jarohatlandi.

Zilziladan keyin Safarixisor shahrida sunami yuz berdi va ko‘chalarni suv bosdi. Shuningdek, 67 ta aftershok qayd etildi.

Egey dengizidagi zilzila sabab Samos orolida ham binolar zarar ko‘rdi. Orolda ikki kishi halok bo‘ldi.

15 noyabr. Filippin poytaxti Manila joylashgan Luson oroliga “Vamko” tayfuni yopirildi. Natijada poytaxtda 67 kishi halok bo‘ldi. 12 kishi bedarak yo‘qoldi.

Tayfun 25 ming xonadonga zarar keltirdi. Tabiiy ofat yetkazgan moddiy zarar 34 mln dollarga baholandi.

Bundan avvalroq, “Goni” tropik bo‘roni natijasida 25 kishi halok bo‘lib, 6 nafar odam bedarak yo‘qolgandi.

30 dekabr. Suriyada avtobusga hujum uyushtirilishi natijasida 30 kishi halok bo‘ldi. Hodisa Kabajeb aholi punkti yaqinidagi Dayr-az-Zor—Palmira trassasida yuz berdi.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, avtobusda Suriya Prezidenti Bashar Asadning ukasi Mohir Asadning to‘rtinchi mexanizatsiyalashtirilgan sara diviziyasi askarlari bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

280

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing