Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun imtiyozli rejim joriy etiladi
Jamiyat
−
11 avgust 10395 2 daqiqa
O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yil 31 dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Bu bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 avgust kuni yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish, naqdsiz to‘lovlar uchun qulayliklarni kengaytirish masalasiga e’tibor qaratilgan.
Unga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yil 31 dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi. Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqalari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.
Bu tizimda elektron hamyon ochilishi – tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqalarini ochish ixtiyoriy bo‘ladi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab bu jarayonlarda QR-kod va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va SMS-xabarnoma orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin bo‘ladi. Bu ma’lumotlar qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik to‘lov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi. Raqamli platformadagi pul aylanmalari to‘g‘risidagi ma’lumot kredit ajratishda inobatga olinadi.
Prezident bu takliflarni ma’qullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.
Live
Barchasi