“Yaqinlarimni juda sog‘indim...” Koronavirusdan tuzalgan bemor bilan eksklyuziv suhbat
Intervyu
−
29 mart 2020
20447Bugun, 29 mart kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olib, Virusologiya ilmiy tekshirish institutida davolangan 7 nafari to‘liq sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytgani haqida xabar bergandik. Ular endilikda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya tibbiyot markazida vaqtincha nazoratda ushlab turilishi aytilgandi. QALAMPIR.UZ mazkur kasallikdan tuzalgan bemorlardan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.
Asli Toshkent shahridan bo‘lgan 63 yoshli M.E. hozirda pensiyada bo‘lib, bir necha yil qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodida ishlagan. U kishi bo‘lib o‘tgan voqealar haqida batafsil so‘zlab berishga harakat qildi.
—Kasallik aniqlangan vaqtni eslaysizmi? O‘sha kunlari qanday voqealar yuz berdi?
— O‘sha kuni qulog‘im og‘riyotgan edi. Qulog‘im yaxshi eshitmay qoldi. O‘zimning yashash joyimdagi shifokorga uchrashdim. Shifokor tekshirgach, 1-shahar shifoxonasiga yo‘llanma berdi. U yerda yotib davolana boshladim. Shifoxonadan chiqishimga bir kun qolganda u yerda karantin e’lon qilindi. Shifoxonadan hech kimni chiqarishmadi. Keyin bilsak, biz yotgan shifoxonadan 1 nafar koronavirus bilan kasallangan bemor chiqqan ekan. Shu bilan o‘sha yerda qolib ketdik.
— Kasallik boshqa kasalliklardan (masalan gripp) farq qiladimi? Shifoxonadagi sharoitlar haqida nimalar deya olasiz?
— Men doim jismoniy mehnat bilan band bo‘lganim sabab kam kasallik ko‘rgan insonman. Kasallikni deyarli sezganim yo‘q. Faqatgina qulog‘im og‘ridi. Hozir hammasi joyida. Sog‘lomman. Shifoxona karantinga olinganidan bir oz vaqt o‘tib, men va bir qancha bemorlar Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga joylashtirildik. Shifoxonada barcha sharoitlar joyida ekan. Bizga shifokorlar yaxshi qarashdi. O‘z vaqtida ovqatimizni berishdi. Muntazam nazorat qilishdi. Bemorlarga o‘z vaqtida muolajalar qilinmoqda. Baraka topishsin, tinim bilishmaydi.
— Shifoxonada yotgan vaqtingizda nimalarni his qildingiz? Yaqinlaringiz bilan aloqada bo‘lib turdingizmi?
— Yaqinlarimni juda sog‘indim. Mana oradan bir qancha vaqt o‘tdi. Ularni ko‘rgim keladi.Yaxshiki, mening telefonim oddiy markali edi. Unda kamera va boshqa qurilmalar mavjud emas. Shu sababli mening telefonimni olib qo‘yishmadi. Uyimdagilar bilan qo‘ng‘iroqlashib turdik. Ularni ham uy sharoitida karantinga olishgan ekan. Telefon baribir telefonda, ko‘rish, issiq bag‘ringga bosish boshqacha!
— Kasallik bilan olishib sog‘lom hayotga qaytdingiz. Oramizda bu virusni jiddiy olmayotganlar talaygina?
—Hamma kasallanganlarning shifosini bersin. Yaqinlarining oldiga eson-omon qaytib olsin. Ayrim karantindan qochayotgan fuqarolar haqida eshityapmiz. Prezident va uning jamoasi bekorga bu siyosatni qilayotgani yo‘q. Hukumat bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Hamma ularning aytganini qilishi kerak. Aytilgan gaplarga quloq solsak, tartibni buzmasak, koronavirusni osonlikcha yengib o‘tamiz. Barchasi o‘zimizga bog‘liq. Alloh hammamizni o‘zi saqlasin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 144 nafarga yetdi.
LiveBarchasi