Yaqin qarindoshlarni ro‘yxatga qo‘yishda “kvadrat metr” talabi bekor qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yaqin qarindoshlarni ro‘yxatga olishda uy maydoni bo‘yicha cheklov bekor qilinadi. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, ushbu hujjat aholini yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini yanada soddalashtirish orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengroq ta’minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ta’minlashga qaratilgan uchta muhim yangilik nazarda tutilmoqda. Xususan, oila a’zolari va yaqin qarindoshlari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinmoqda.

Ya’ni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, shuningdek, aka-uka va opa-singillar bir-birining uy-joyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu holat ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmasligi nazarda tutilyapti. Bu esa oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazishni yengillashtirishga xizmat qiladi.

Loyihada talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan talabalarga nisbatan alohida huquqiy mexanizm joriy etilib, ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmasligi ham belgilanmoqda. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mavjud amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zarurati haqida alohida to‘xtalib, undagi ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirgan. Ushbu hujjat aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini yanada sodda va qulay qilishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlagan.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar