Maktablarda yagona forma joriy qilish muddati surildi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi davlat maktablarida yagona forma 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Hozircha yagona formani xarid qilish talab qilinmaydi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov brifingda ma’lum qildi.

“Birinchidan, moslashuv jarayoni uchun ma’lum vaqt kerakligi inobatga olinib, yagona maktab formasi 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etib boriladi. Ya’ni yangi o‘quv yili – 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab ota-onalar yagona formani xarid qilishi talab etilmaydi. Maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga hech qanday e’tirozlar bildirilmaydi”, deydi Saidov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab ma’muriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 19 may kuni qabul qilingan qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan davlat maktablarida o‘quvchilar uchun maktab formasi to‘liq joriy etilishi belgilagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

401

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing