Yadro xavfsizligi bo‘yicha SHHT deklaratsiyasini qabul qilish vaqti keldi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yadro xavfsizligi ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha Shanxay hamkorlik tashkiloti deklaratsiyasini qabul qilishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tayotgan SHHT sammitida so‘z ochdi.

U xavfsizlik sohasidagi hamkorlik SHHTning hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini eslatib, bugungi kunda kelishilgan yondashuvlarga hamda ishonch va xavfsizlikni ta’minlashning yangi mexanizmlariga talab kuchayib borayotganini ta’kidladi.

“Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha SHHT deklaratsiyasini qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Ushbu deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanadi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi tarqatmaslik global rejimiga munosib hissa bo‘ladi”, dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti terrorizm va ekstremizmning tabiati sezilarli ravishda o‘zgarayotgani, kiberjinoyatchilik, sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va aylanmasi o‘sib borayotgani, uyushgan jinoyatchilik kuchayayotgani munosabati bilan bildirilayotgan xavotirlarga qo‘shilishini aytgan. U ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

Shu bilan birga, Mirziyoyev “SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatladi. Uning aytishicha, konstruktiv muloqotlarni rivojlantirish va Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish muloqot guruhining asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev ShHT Yadro xavfsizligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing