Yadro qurollari tarixda qolishi kerak – BMT Bosh kotibi
Olam
−
29 avgust 2022
3254Jahon hamjamiyati yadroviy qurol sinovlaridan abadiy voz kechishi va bu turdagi qurollar tarixda qolishi kerak. Bu haqda kecha, 28 avgust kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi.
“Bizning dunyo yetarlicha vaqt davomida yadro quroli garovida bo‘lib kelgan. Bu o‘lim qurilmalari na g‘alabani, na xavfsizlikni kafolatlamaydi, ular faqat yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. Keling, yadro quroli sinovlari abadiy tugashini ta’minlaylik va yadroviy qurollarni bir marta va abadiy tarixga kiritaylik”, deydi u Twitter sahifasida.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda yadro qurolidan foydalanish xavfi “sovuq urush” davridan beri eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Institut ma’lumotlariga ko‘ra, joylashtirilgan jangovar kallaklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda Qo‘shma Shtatlar (1744 ta, 3708 ta zaxira bilan), ikkinchi o‘rinda Rossiya (1588 ta, 4477 dona) turadi.
Ma’lumot o‘rnida, 29 avgust – Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kuni. U BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009 yil 2 dekabrda Qozog‘iston tashabbusi bilan tashkil etilgan. Sana 1991 yil 29 avgustda Qozog‘istonning Semipalatinsk shahrida joylashgan dunyodagi eng yirik yadro poligonlaridan birining yopilishi bilan bog‘liq. Bu kun 2010 yildan beri har yili nishonlanadi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi