O‘zbekistondagi isroilliklar ogohlantirildi

Tahlil

Eron va Isroil o‘rtasidagi urush o‘zining eng yuqori nuqtasiga chiqib borayotgan bir paytda O‘zbekistondagi isroilliklar jiddiy ogohlantirildi. Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar tufayli Isroilning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston va Tojikistondagi isroilliklarga zarur yordam ko‘rsatib kelayotganini ma’lum qildi.

Milliy xavfsizlik kengashi esa xorijdagi barcha Isroil fuqarolarini, jumladan, O‘zbekistondagi isroilliklarni ham ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan. Xususan, ulardan jamoat joylarida yahudiy yoki Isroil ramzlarini ko‘rsatmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda qayerda yashayotgani yoki qayerga sayohat qilmoqchiligi haqidagi ma’lumotlarni joylashtirmaslik, Isroil yoki yahudiylik bilan bog‘liq ommaviy tadbirlardan qochish, mahalliy xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilish va xavf tug‘ilganda darhol ularning ko‘rsatmalariga amal qilish, jamoat joylarida hushyor bo‘lish so‘ralgan.

Shuningdek, O‘zbekistondagi isroilliklardan faqat ishonchli taksi ilovalaridan foydalanish va tasodifiy mashinalarga chiqmaslik, favqulodda vaziyat yuzaga kelganda, darhol mahalliy huquqni  muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish biror bir voqea haqida Isroil Tashqi ishlar  vazirligining 02-5303155 raqamidagi operatsiya markaziga xabar berish ham so‘ralgan.

Albatta, bunday hushyorlik faqatgina O‘zbekistondagi isroilliklarga berilgan emas. Butun dunyodagi yahudiy davlati fuqarolari shunday ogohlantirilmoqda. Ammo O‘zbekistondagi Isroil elchixonasi mazkur masalada xavotir olsa arzigulik voqea bilan bundan 1,5 yil oldin yuzlashgandi. Gap shundaki, 2023 yilning 19 oktyabr kuni erta tongda soat chamasi 4:30 lar atrofida bir talaba yigit Toshkentdagi Isroil elchixonasini yoqib yubormoqchi bo‘lgan. Bu hodisa Isroilning G‘azodagi qirg‘ini boshlanganidan 11 kun o‘tib sodir bo‘lgan. U 2004 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi bo‘lgan. Yigit o‘sha kuni o‘z maqsadini amalga oshirish uchun sport sumkasiga bir dona 0,45 gramm hajmdagi yonuvchi “kerosin” suyuqligi solingan shisha idish, gantel, ikki quti gugurt va mato bo‘laklarini solib, velosipedda elchixona yoniga kelib to‘xtagan. Shunda uning harakatlari elchixona yonida joylashgan Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB xodimlarining e’tiborini tortgan.

Ular yigitdan to‘xtashni so‘ragan, u esa velosipedini boshqargan holda qochishni boshlagan. Xodimlar xizmat mashinasida uni kuzatib borib, to‘xtatgan va IIB binosi yoniga olib borgan hamda yelkasidagi sumkani ochib ko‘rsatishni so‘ragan. Talaba yigit shunda ham o‘z maqsadiga yetishish uchun IIB xodimlarini chalg‘itib, sumkasidagi kerosin solingan shisha idishni va bir dona gantel toshini qo‘liga olib, elchixona binosi tomonga yugurgan. IIB va elchixona binosini qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya xodimlari yigitni elchixona eshigi yonida ushlashgan. Bu orada u qo‘lidagi shishani va gantel toshini devor ustidan elchixona hovlisi ichiga uloqtirgan. A.A. sudda bergan ko‘rsatmasida 2023 yil oktyabr oyining o‘rtalarida G‘azo sektorida Isroil va Falastin o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar aks etgan videolarni ko‘ra boshlaganini, oqibatda Isroil davlatini yomon ko‘rib qolganligini, o‘ch olish maqsadida ushbu davlatning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yuborishni maqsad qilganini bildirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi talabani Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Bugun esa Eron va Isroil orasida kechayotgan urush fonida o‘zbekistonliklardan tarafkashlikdan chekinish so‘raldi. Ya’ni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolarini bugungi kunda kuzatilayotgan mojarolarga nisbatan diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubliklar asosida munosabat bildirmaslik, har qanday nafrat va ziddiyat targ‘ibiga qarshi turishga chaqirdi.

“Fuqarolarimizni turli provokatsiya va haqoratomuz chaqiriqlarga uchmaslikka, holatlarga nisbatan hissiyot emas, balki vazmin munosabatni saqlab qolishga da’vat etamiz. Jamiyatimizda milliy va diniy totuvlikni saqlash – umumiy barqarorlik va xavfsizlikning muhim kafolati ekanligini eslatamiz”, deyiladi TIV bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Eron o'zbekistonliklar Isroil isroilliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing