YHXBB to‘lov evaziga avtomobilga “sirena” yoki “migalka” o‘rnatish haqidagi xabarga izoh berdi
Jamiyat
−
04 dekabr 2020
16765Bugun, 4 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yil 1 yanvardan boshlab transport vositalariga maxsus tovushli ishoralar beruvchi moslama “sirena” yoki yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha “migalka” o‘rnatish uchun bir yiliga BXMning 50 foizi (1 431 660 so‘m) miqdorida pul to‘lab ruxsatnoma berilishi belgilangani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabarlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rasmiy bayonot berdi va ularni asoslanmagan yolg‘on ma’lumot ekanini aytdi.
Unda bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”ning 3-ilovasi (Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar) 7.21-bandiga ko‘ra, transport vositalari o‘zboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan bo‘lsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar bo‘lsa bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 noyabrdagi “Avtomototransport vositasi konstruksiyasini va (yoki) uning qismini o‘zgartirish bilan bog‘liq faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnomani taqdim etish va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 758-son qarorida transport vositalariga to‘lov asosida yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar o‘rnatish uchun ruxsatnoma berilishi bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
“Ijtimoiy tarmoqdagi barcha norasmiy sahifalar egalaridan asoslanmagan, yolg‘on ma’lumotlarni o‘z sahifalarida e’lon qilmasliklarini so‘rab, yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun tegishli tartibda javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantiramiz”, deyiladi YHXBB bayonotida.