Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchining qarindoshlarini asossiz huquq-tartibot organlariga chaqirish taqiqlanmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bundan buyon tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash taqiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi. 

Bunda, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat ular qonun talablariga asosan olingan va shaxsda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor tadbirda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo‘lgandagina sud hukmida dalil sifatida tan olinishi mumkin. 

Shuningdek, shaxsni jinoyat ishida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lgan hollarda (ekspertiza yoki taftish o‘tkazish talab etiladigan hollar bundan mustasno), uni guvoh tariqasida so‘roq qilish, shuningdek, unga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki og‘zaki ko‘rsatuvlar olish ham taqiqlanmoqda. 

Farmon bilan ushlangan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish ham taqiqlanmoqda. 

Ssurishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va boshqa sud protsessi ishtirokchilarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish yoki so‘roq qilish (ular bilan bog‘liq bo‘lgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirig‘i mavjud hollar bundan mustasno) taqiqlanadi. 
 
Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishi belgilangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing