Weekend: Namoyishlar girdobidagi Turkiya, Rossiya yerlariga “mo‘ralagan” shahzoda, G‘azoga qaytgan genotsid.

Tahlil

To‘ntarish isi

Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan boshlangan namoyishlar borgan sari kuchaymoqda. Bu noroziliklar allaqachon yuz minglab insonlarni ko‘chaga chiqishga undadi. Yuzlab namoyishchilar qo‘lga olindi. Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi rahbari O‘zg‘ur O‘zel muxolifat namoyishlarni davom ettirishini bildirgan va huquq-tartibot organlarini namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va qurollardan foydalanmaslikka chaqirgan. 

Mahalliy OAVga ko‘ra, politsiya namoyishlarni bostirishda hatto rezina o‘qlardan foydalangan, ammo hukumat bunday ayblovlarni inkor etmoqda. Mitinglar davomida bir necha namoyishchilar tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan, o‘nlab politsiyachi esa jarohat olgan. JXP esa boshqa muxoliflarni ham qarshilik harakatiga jalb qildi. “Zafar partiyasi” JXP ga qo‘shilmasligini e’lon qilgan bo‘lsa-da, DEM partiya so‘nggi namoyishlarda Sarachxonada paydo bo‘lgan. 

Ekrem Imomo‘g‘lining o‘zi esa dastlabki ko‘rsatmalarida unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi. Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel Imomo‘g‘li tergovga dastlabki ko‘rsatmalarini bergan kuni, ya’ni 21 mart sanasida Beylikduzu munitsipalitetida nutq so‘zladi. U butun Turkiya aholisini iftorlikdan so‘ng, ko‘chaga chiqishga va namoyishlar o‘tkazishga chaqirdi. O‘zel Turkiya xalqini ko‘chaga chiqishga chorlar ekan, namoyishchilarga politsiyaga tegmaslik, ularga kuch ishlatmasdan harakat qilish lozimligini uqtirdi. Davlet Bahcheli va ko‘plab amaldorlar, xususan, Adliya vaziri Yilmaz Tunch, Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya hamda boshqalar O‘zg‘ur O‘zeldan “ovozini o‘chirishni” talab qilyapti. Ular xalqni namoyishga chorlash mas’uliyatsizlik ekanini aytishmoqda. Ammo O‘zel harakatlarni to‘xtatgani yo‘q. Uning 21 mart kuni yangragan chaqirig‘i ortidan Turkiyaning qator hududlari, jumladan, Istanbul, Anqara va Izmir kabi katta shaharlarida yuz minglab odamlar ko‘chaga chiqdi. Istanbul hokimligi binosi oldida yig‘ilgan namoyishchilarga Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel murojaat qilgan. O‘zel Erdo‘g‘anni “adliyani siyosiy qurol sifatida ishlatayotganlikda” ayblab, “biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz” deb ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an namoyishlardan qo‘rqmoqda. 

Istanbulda namoyishchilar Sarachxona hududidagi shahar hokimligi binosi oldida yig‘ilgan. Ularni tarqatish uchun ham vaqti-vaqti bilan ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatilgan. Ba’zilar shahar hokimligi binosiga kirishga harakat qilgan, biroq xavfsizlik xodimlari bunga yo‘l qo‘ymagan. Shundan so‘ng, namoyishchilar binoning oynalarini sindirgan. Istanbulda namoyishchilar nafaqat Imomo‘g‘lini ozod etish, balki hukumat iste’fosini ham talab qila boshlagan.

To‘qnashuvlar Anqara va Izmirda ham kuzatilmoqda. Politsiya namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ishlatayotgani aytilmoqda. 

Izmir shahrida namoyish va marsh yurishi taqiqlanganiga qaramay, noroziliklar davom etmoqda. Politsiya maxsus mashinalar bilan suv purkab va ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatib, namoyishchilarga qarshi choralar ko‘rgan. 

Anqarada esa namoyishchilar O‘rta Sharq texnik universiteti oldida to‘plangan. Ular bannerlar ko‘tarib, shiorlar aytib, politsiyaga qarshilik ko‘rsatgan. Ba’zi namoyishchilar politsiyaga yonuvchi moddalar uloqtirgan. Bir guruh odamlar esa Eskishahar yo‘lini to‘sgan, oqibatda Qiziloy tomonga harakat qisqa vaqtga to‘xtab qolgan. Ba’zi avtomobillar harakatni davom ettirish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan. Turli joylarda politsiyaga to‘qmoq va toshlar uloqtirilgan, oqibatda uch nafar politsiya xodimi jarohat olgan. 

Antaliya shahrida ham Imomo‘g‘li hibsga olinishi ortidan namoyishchilar va politsiya o‘rtasida keskinlik yuzaga kelgan. Kechki soatlarda Akdeniz universiteti kampusida yig‘ilgan talabalar tashqariga chiqib, yurish o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Biroq kampusdan chiqqan namoyishchilar va universitet darvozasi oldida to‘plangan guruhga politsiya maxsus mashina bilan suv purkab, vaziyatga aralashgan. To‘qnashuv vaqtida 30 ga yaqin kishi hibsga olingan.

Namoyishlardagi tartibsizliklarga ko‘z yumilmayapti. 21 mart kuni kechqurun taqiqlarga qaramay, mamlakatning yirik shaharlarida to‘planganlar orasidan jami 343 kishi hibsga olindi. Hibsga olinganlar Istanbul, Anqara, Izmir, Adana, Antaliya, Chanoqqala, Eskishehir, Konya va Edirne shaharlaridan ekani ma’lum qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda namoyishlarda 300 mingdan ortiq odam qatnashmoqda. Bu esa Turkiyada so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik norozilik namoyishlari ekani aytildi. 

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa muxolifatni namoyishlar bahonasida o‘zlarining korrupsion sxemalari va talon-torojlarini yashirishda aybladi. Erdo‘g‘an, shuningdek, hukumat “Turkiyani terror qilishga urinishlar” va mamlakat barqarorligini buzishga qaratilgan harakatlarga toqat qilmasligini bildirgan. Unga ko‘ra, mitinglarga chaqiriqlar “umidsiz yo‘l” bo‘lib, bunday harakatlar qonunga zid. Uning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat Turkiya xalqining barqarorligiga tahdid solmoqda, uni norozilik namoyishlariga chorlayapti, bu esa politsiyachilarning jarohat olishiga sabab bo‘lmoqda.  Erdo‘g‘an esa hukumat mamlakatdagi ko‘cha tartibsizliklarini e’tiborsiz qoldirmasligini aytdi. 

Ammo Erdo‘g‘an namoyishlarni izohlar ekan, qo‘pol ritorik xatoga yo‘l qo‘ydi. U norozilik harakatlarini “ko‘cha terrori” va “tartibsizlik” deb atadi. Erdo‘g‘an davlat “ko‘cha terroriga” taslim bo‘lmasligini ta’kidladi va Turkiyaning “ko‘chadan topib olinmaganini” ta’kidladi. Erdo‘g‘anning shu bayonotidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda 2016 yilgi davlat to‘ntarishi yodga olindi. Tarmoq foydalanuvchilari bu bilan Turkiya xalqi aynan o‘sha ko‘chaga chiqishlar orqali Erdo‘g‘an hokimiyatini saqlab qolganiga ishora qilishdi. 

Imomo‘g‘li tarafidagi voqealar soniya sayin yangilanmoqda. Har daqiqada u va uning partiyasi tomonidan tashkillashtirilayotgan namoyishlar haqida yangi tafsilotlar paydo bo‘lyapti, yangilanyapti, voqealar rivoji tez-tez o‘zgaryapti. Shu choqqacha sodir bo‘lgan ishlar esa quyidagicha. Kecha kechki soatlarda Imomo‘g‘li va qolgan gumonlanuvchilar ortilgan avtobuslar Chag‘layon sud binosiga olib borildi. Bungacha esa uning minglab tarafdorlari allaqachon mahkama atrofida to‘planishgandi. Bu paytda namoyishlar o‘chog‘iga aylangan Sarachxona maydonidagi olov o‘chmadi. Vatan partiyasi raisi Muharram Inje va boshqa muxoliflar Sarachxonani huvullatib qo‘ymadi. Tergov esa ikki bosqichda kechgani haqida xabar qilindi. Imomo‘g‘li birinchi bo‘lib, terror masalasida, keyin esa korrupsiya bo‘yicha tergov qilingan. Ikkala ish bo‘yicha ham sudga uni hibsga olish talabi yuborilgan.

23 mart kuni sud qarori bilan Imomo‘g‘li “korrupsiya” tergovi doirasida hibsga olindi.

Istanbul Bosh prokuraturasi Imomo‘g‘lining “jinoiy tashkilot tuzish va boshqarish, pora olish, tovlamachilik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yozib olish va tenderda soxtalashtirish” aybi bilan hibsga olinganini ma’lum qildi. Imomo‘g‘li ayblovlarni rad etdi va bu amaliyotlar siyosiy ekanini ta’kidladi.

Bosh prokuratura Imomo‘g‘li “qurolli terror tashkilotiga yordam berganligi bo‘yicha kuchli gumon” borligini, ammo uni moliyaviy jinoyatlar uchun hibsga olish qarori allaqachon chiqarilgani sababli, uning yana hibsga olinishi “hozirgi bosqichda zarur emas”ligini bildirdi.

Jumhuriyat Xalq partiyasi esa bugun prezidentlikka nomzodini aniqlash uchun birlamchi saylovlar o‘tkazmoqda. Ekrem Imomo‘g‘li bu saylovda yagona nomzod.

Genotsidning G‘azoga qaytishi

Yanvar oyida HAMAS va Isroil o‘rtasida tuzilgan sulh barbod bo‘ldi. Isroil G‘azo sektorining markazi va janubida quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni qaytadan boshladi. SAXAL “xavfsizlik hududini kengaytirish” va “eksklavning shimoli va janubida qisman bufer zonasini yaratish” bahonasi bilan yana qirg‘in boshladi. Isroil harbiylari “G‘azo sektoridagi operatsiyalar uchun to‘liq jangovar tayyorgarlik holatida” qolishi ma’lum qilindi. Oradan ko‘p o‘tmay, yahudiy davlati harbiy idorasi butun G‘azo bo‘ylab “keng ko‘lamli zarbalar” amalga oshirilgani haqida axborot berdi. Har doimgidek, zarbalar motivi sifatida HAMAS harakati infratuzilmasini yo‘q qilish ko‘rsatildi. Biroq buning oqibatida sektordagi falastinliklarni keng miqyosda qirg‘in qilish boshlanib ketdi. “Al Jazeera” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, 19 mart kuni Isroil hujumi oqibatida G‘azo bo‘ylab 70 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Ammo bu Isroil qirg‘inlari oqibatida halok etilganlar bo‘yicha so‘nggi raqamlar emas. “Al Jazeera” Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib, Isroil armiyasining qayta boshlagan hujumlari oqibatida qisqa vaqt ichida kamida 436 kishi, jumladan 183 bola halok bo‘lgani haqida xabar berdi. 

Keng miqyosda yana qaytadan boshlangan Isroil qirg‘ini faqatgina tinch aholi bilan cheklanib qolmayapti. Gumanitar yumushlar bilan shug‘ullanayotgan xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT xodimlari ham SAXALning nishoniga aylangan. Bu esa Netanyaxu rejimining G‘azodagi genotsidlari uchun yangilik emas. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyiha xizmatlari boshqarmasi Isroil harbiylari tomonidan G‘azo sektoriga berilgan aviatsiya zarbasi oqibatida BMT homiyligida faoliyat yuritayotgan tashkilotlardan birining kamida bir xodimi halok bo‘lgani, yana besh nafari og‘ir jarohat olganini ma’lum qildi. Boshqarma bayonotida aytilishicha, Isroil zarbasi oqibatida BMTga qarashli tashkilotlarda ishlayotgan olti nafar xorijlik jarohatlangan. Ulardan biri og‘ir ahvolda “Shuxada al-Aqso” shifoxonasiga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Qolgan besh jabrlanuvchining ham ahvoli ayni damda og‘ir ekani ta’kidlanmoqda. Hodisa G‘azo sektori markaziy qismida joylashgan Dayr al-Balax shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Misrning “Al-Qohira al-Ixbariya” telekanali manbalariga ko‘ra, zarbaga uchragan BMT xodimlari G‘azo sektoridagi minalarni tozalash ishlari bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan.

Albatta, G‘azo sektorida qisqa vaqt ichida keng ko‘lamli qirg‘in boshlanib, uning maqsadi sifatida HAMAS infratuzilmasi yo‘q qilinishi maqsad qilib ko‘rsatilganidan so‘ng, Isroil uchun buning kichik isboti ham zarur. Shu bois Isroil kuchlari G‘azo sektori janubida HAMAS harakatining harbiy razvedka boshlig‘i Usama Tabashni o‘ldirgani haqida xabar berildi. Isroil armiyasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, G‘azo janubidagi HAMAS harbiy razvedkasi boshlig‘i hamda HAMASning kuzatuv va o‘t ochish bo‘limi rahbari bo‘lgan Usama Tabash o‘ldirilgan. Tabash esa yuqori martabali HAMAS vakili hisoblanib, tashkilot uchun muhim operativ bilim manbai bo‘lgan. U HAMASda turli rahbarlik lavozimlarida, jumladan, Xon Yunus brigadasida batalon qo‘mondoni sifatida ham ishlagani aytiladi. Isroil armiyasining bildirishicha, Tabashning yo‘q qilinishi HAMASning razvedka ma’lumotlarini yig‘ish va qo‘shinlarga zarar yetkazish qobiliyatini pasaytiradi.

Xalqaro maydonda esa mazkur hafta G‘azo atrofidagi voqealar yanada xavotirli tus oldi. Xavotirlar bevosita sektor va uning haqiqiy egalari bo‘lgan millionlab falastinliklarning taqdiri bilan bog‘liq. Negaki, Tramp G‘azo aholisini mutlaqo noqonuniy tarzda, butun dunyo hamjamiyati, umuman insoniyat irodasiga zid ravishda o‘z uyida haydab chiqarish maqsadidan qaytmagan. U bu borada harakatlarni davom ettiryapti. Jumladan, “Associated Press” xabariga ko‘ra, Isroil va AQSH G‘azo sektoridan falastinliklarni majburiy ko‘chirish borasidagi tuban reja doirasida Sharqiy Afrika davlatlari bilan muzokaralarga kirishgan. Qayd etilishicha, AQSH va Isroil ko‘chiriladigan falastinliklarni Sudan, Somali va 1991 yilda Somalidan mustaqilligini e’lon qilgan Somalilend mintaqasiga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishishga harakat qilgan. Biroq Sudan rasmiylari AQSH taklifini rad etgan. Somali va Somalilend vakillari esa nashrga bu borada hech qanday so‘rov olmaganini ma’lum qilgan. AP'ning yozishicha, bu aloqalar AQSH va Isroilning xalqaro tanqidlarga qaramay, falastinliklarni deportatsiya qilish rejasini ilgari surishga qat’iy qaror qilganidan dalolat beradi. Bu ham yetmaganidek, yaqin kunlarda Misr Trampning manfur rejasi doirasida yarim million falastinlikni vaqtinchalik qabul qilishga roziligi haqida qator xabarlar urchidi. Biroq rasmiy Qohira bunday xabarlarni va ehtimollarni zudlik bilan rad etib chiqdi. Ammo qator davlatlarning Trampga bergan rad javobi bilan G‘azo muammosi hal bo‘lmasligi ayon bo‘lib bormoqda. Chunki xalqaro maydonni bir necha oy ichida chang-to‘zonga to‘ldirgan qariya G‘azo borasida qat’iy pozitsiyada. U sektor borasidagi qonli maslahatlashuvlarni davom ettiryapti. Xususan, “Axios” partalining ma’lum qilishicha, kelayotgan hafta boshida Isroil delegatsiyasi Oq uyga tashrif buyuradi. Ular Eron bo‘yicha strategik maslahatlashuvlar, G‘azo sektorida holat hamda Isroil va Livan o‘rtasidagi bahsli chegaraga doir muzokaralarni muhokama qiladi. Qayd etilishicha, bu Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan beri AQSH-Isroil Strategik maslahatlashuv guruhining birinchi uchrashuvidir. Manbalarga ko‘ra, Isroil delegatsiyasiga Strategik masalalar bo‘yicha vazir Ron Darmer hamda milliy xavfsizlik maslahatchisi Saxi Xanegbi rahbarlik qiladi. Delegatsiya tarkibida Milliy xavfsizlik kengashi, harbiylar, “Mossad”, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Atom energiyasi komissiyasi vakillari ham bo‘ladi. AQSH tomonidan Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Uolts, shuningdek, Davlat departamenti, Pentagon va razvedka idoralari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Rossiya chegarasiga “mo‘ralagan” shahzoda

Ortda qolayotgan haftaning payshanba va juma kunlari Buyuk Britaniya qiroli Charlzning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Uilyam Rossiya chegarasiga jiddiy bir xabar bilan sayohat uyushtirdi. Shahzoda NATOning Sharqiy Yevropadagi operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Estoniyaning Tapa shahrida joylashgan Britaniya kontingenti bazasiga tashrif buyurdi. Britaniya taxtining vorisi 42 yoshli Uilyam harbiy lagerda kamuflyajda ko‘rinish berdi va harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirgan holda Challenger-2 tankida harakatlandi. BBC xabariga ko‘ra, Uilyamning Estoniyaga ilk tashrifi katta siyosiy ahamiyatga ega va bu Kremlga qaratilgan o‘ziga xos signaldir. Chunki mazkur voqea Buyuk Britaniya va boshqa Yevropa davlatlari tomonidan mudofaa xarajatlarining oshirilishi va AQSH Prezidenti Donald Trampning Yevropa xavfsizligini ta’minlashga ortiq e’tibor berish niyati yo‘qligi ma’lum bo‘lgandan keyin sodir bo‘ldi. Britaniya taxt vorisi esa nafaqat qit’a ichida, balki butun dunyo miqyosida hurmatli siyosiy shaxslardan biri hisoblanishi hech kimga sir emas. Shu bois Yevropa Sharqidagi keskinlik va voqealar rivoji Tramp tufayli Moskvaga tosh bosayotgan bir paytda uning Rossiya chegarasi yaqinida paydo bo‘lishi oddiy voqelik emas. Ustiga-ustak u tashrif buyurgan Tapa hududi Rossiyadan bor-yo‘g‘i 128 km uzoqlikda joylashgan. Shuning uchun qadam mazkur haftada dunyo OAV ning e’tiborini o‘ziga tortdi.

Estoniyadagi ikki kunlik tashrifi davomida shahzoda Uilyam ko‘p millatli harbiy kuchlar tarkibidagi britan askarlari bilan uchrashgan. Shahzoda uchun Tapa harbiy bazasi poligonida ekskursiya tashkil etilgan. Ushbu baza NATOning “Kabrit” operatsiyasi doirasidagi Buyuk Britaniya hissasining bir qismi bo‘lib, u zaif Boltiq mintaqasida alyansning “kollektiv xavfsizlik va mudofaasi”ni ta’minlashga qaratilgani aytiladi. Buyuk Britaniya “Kabrit” operatsiyasi doirasida Estoniya va Polshaga taxminan 900 harbiy jo‘natgan. Hozirda Britaniya NATOning sharqiy qanotida 2,6 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va 730 ta harbiy texnikani joylashtirgan. Shahzodaning harbiy libosida NATO belgisi bo‘lgan. Unga jangovar guruhning dala o‘quv jarayonlari ko‘rsatilgan va Estoniya hamda Fransiya harbiylari bilan tanishtirilgan. Shuningdek, u askarlardan Rossiyaga yaqin hududda xizmat qilish tajribasi haqida so‘ragan va bu o‘quv mashg‘ulotlari oldingilariga qaraganda qanchalik real tuyulishini qiziqib surishtirgan. Sodda qilib aytganda Rossiya biqinida uning ehtimoliy bosqini sharoitida xizmat qilish qanday kechishi haqida so‘ragan. Shahzoda nafaqat Challenger-2 tanki, balki Warrior piyodalar jangovar mashinasi, Fransiyaning Griffon jangovar mashinasi, reaktiv olov tizimi, Trojan muhandislik mashinasi bilan ham tanishgan, shuningdek, Archer mobil artilleriya tizimini boshqarib ko‘rgan. Estoniyaga tashrif chog‘ida havo sovuq bo‘lishiga qaramay, mahalliy aholi shahzoda bilan ko‘rishish umidida uni qarshi olishga chiqqan. Bu esa Estoniya Rossiya bilan umumiy chegaraga egaligi sharoitida uning tashqi yordam, ayniqsa NATOdagi ittifoqchilar qo‘lloviga muhtojligining dalili sifatida talqin qilinmoqda.

Ikki jinoyatchi mamlakat

BMTning Mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Rossiyani Ukrainaga to‘liq bosqini davomida ukrainaliklarni tizimli ravishda o‘g‘irlash va qiynoqqa solish orqali insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda aybladi. Komissiya hisobotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarda ko‘plab tinch aholi vakillari hibsga olinib, keyinchalik Rossiyaga deportatsiya qilingan. Ayrim ukrainaliklar qiynoqlarga va hatto jinsiy zo‘ravonlikka duchor qilingan. Jinoyatlar keng miqyosli va tizimli hujumlar doirasida sodir etilgan bo‘lib, ular markazlashgan davlat siyosatiga muvofiq amalga oshirilgani qayd etilgan. Komissiyaning aniqlashicha, eng shafqatsiz qiynoqlar odatda Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va Rossiya Tergov qo‘mitasi xodimlari tomonidan so‘roq jarayonlarida qo‘llangan. Shuningdek, ayol mahbuslarga nisbatan qo‘shimcha jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham sodir etilganligi aytiladi. Komissiya raisi Erik Myose Rossiya hukumati bedarak yo‘qolganlar taqdiri bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermaganini aytib, oqibatda ukrainaliklarning oilalari “azobli mavhumlik” holatida qolayotganini ta’kidlagan. Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bosqin boshlanganidan beri 50 000 ga yaqin inson bedarak yo‘qolgan. BMTdagi Britaniya elchisi Saymon Menli “hibsga olinganlarga nisbatan shafqatsiz munosabat ko‘lamidan dahshatga tushganini” bildirgan. Rossiyaning Jenevadagi vakolatxonasi esa hisobotni “siyosiy tusga ega va noxolis” deb atab, uni izohlashdan bosh tortgan. Bu Moskva uchun begona emas. Chunki ular avvalroq ham harbiy asirlarga nisbatan qiynoqlar va shafqatsiz munosabat haqidagi ayblovlarni doimiy ravishda rad etib kelgan.

Bugun dunyoning ikki nuqtasida shafqatsiz bosqinchilik amalga oshirilayotgan bir paytda, boshqa mintaqadagi bosqinchi ham insoniyatga qarshi jinoyatlar yuzasidan ayblanishi odatiy tusga kirib bo‘ldi. Jumladan, Rossiyaga qo‘yilgan yuqoridagi ayblovdan biroz ilgari, aniqrog‘i 13 mart kuni BMTning mustaqil ekspertlari Isroil jinsiy zo‘ravonlikni urush vositasi sifatida qo‘llayotganini haqidagi hisobotni e’lon qilgandi. Hujjatda genotsid amaliyoti, jumladan, G‘azo sektori va Sharqiy Quddusdagi ayollar klinikalarining ataylab vayron qilinishi qayd etilgan bo‘lib, bu holat falastinliklarning reproduktiv huquqlarini buzishi va tug‘ilish darajasini nazorat qilish vositasi sifatida xizmat qilishi ta’kidlangan. Shuningdek, ekspertlar Isroil harbiylarining harakatlari homilador ayollar o‘limining oshishiga sabab bo‘layotganini ham qayd etgan. Chunki Falastin aholisining tibbiy yordam olish imkoniyati cheklangan. Bundan-da dahshatlisi esa shundaki, Isroil harbiylari falastinliklarni omma oldida yechinishga majburlagani va 7 oktyabr voqealaridan keyin “standart jazo amaliyoti” sifatida jinsiy jinoyatlar sodir etgani haqida da’volar ham bor. Xususan, Isroil xavfsizlik kuchlari falastinliklarga nisbatan majburiy ommaviy yechinish, zo‘rlash tahdidlari kabi jinsiy zo‘ravonlik va jinsiy xarakterdagi hujumlarni o‘zining odatiy amaliyoti sifatida qo‘llashi alohida qayd etilgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, shu kabi zo‘rlash harakatlari bevosita buyruq asosida yoki Isroil harbiy rahbariyatining sukut ostida bergan roziligi bilan amalga oshirilgani aytiladi.

Tramp uchun duoda bo‘lgan Putin

Qo‘shma Shtatlardagi yangi ma’muriyat kun sayin nega Rossiyaga nisbatan muloyim pozitsiyada bo‘layotgani va bosqinni to‘xtatish uchun Vladimir Putinga astoydil bosim o‘tkazmaslik uchun asoslar qidirmoqda. 2024 yil iyul oyida saylovoldi tashviqoti chog‘ida uyushtirilgan suiqasdda jarohatlangan “do‘sti” Donald Tramp uchun ibodat qilgan. Shuningdek, Putin AQSH Prezidentiga rossiyalik noma’lum rassom tomonidan chizilgan portretini sovg‘a qilgan. Bu haqda Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff jurnalist Taker Karlson bilan suhbatda ma’lum qildi.

“Prezident (Tramp)ga o‘q uzilganda  u (Putin) mahalliy cherkovga borib, ruhoniy bilan uchrashgan va Prezident uchun ibodat qilgan. U AQSH Prezidenti bo‘lgani yoki yana Prezident bo‘lishi mumkinligi sababli emas, balki ular do‘st bo‘lgani uchun, u do‘sti uchun ibodat qilgan”, deydi Trampning maxsus vakili.

Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, Putin Trampga Rossiyaning mashhur rassomlaridan biri tomonidan chizilgan portretni ham sovg‘a qilgan.

“Bilasizmi, bu shaxsiy darajaga o‘tib ketdi. Prezident Putin Rossiyaning yetakchi rassomiga Prezident Trampning ajoyib portretini tayyorlashni buyurtma qilgan. U rasmni menga berdi va uni uyga Prezident Trampga yetkazishimni so‘radi. Men uni uyga olib keldim va Prezidentga yetkazdim”, dedi Uitkoff.

Unga ko‘ra, AQSH Prezidenti bu sovg‘adan “shubhasiz ta’sirlangan”. Uitkoff, shuningdek, Putinni “juda aqlli” deb atagan holda, KGB haqida gapirib, mazkur tuzilmaga Sovet Ittifoqining faqat eng zukko odamlari qabul qilingan, deya Putinni rosa maqtadi. Bundan tashqari, maxsus vakil Putin va Trampning uchrashuvi yaqin oylarda bo‘lib o‘tishi mumkinligini ham ta’kidlagan. Uning fikricha, ikki Prezidentning oldingi muzokaralarini muvaffaqiyatsiz deb baholash “bema’nilik”.

Uitkoff intervyu davomida kelajakdagi tinchlik kelishuvining asosiy masalasi Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarining maqomi ekanini ham ta’kidlagan. U Rossiya nazoratidagi Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari hamda anneksiya qilingan Qrim aholisi Moskva hukmronligi ostida qolishga qarshi emas.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Turkiya Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Ukraina Isroil Rajab Toyib Erdo'g'an shahzoda Uil'yam G'azo HAMAS Ekrem Imomo'g'li Stiv Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing