Weekend: Qozog‘iston Rossiya deputatlariga o‘z joyini qo‘rsatgan, O‘zbekistonchi? Siyraklashgan Tramp jamoasi, bo‘lingan Ukraina boyligi
Tahlil
−
05 may 8530 11 daqiqa
Qozog‘iston davlat rahbari va mamlakat obro‘siga putur yetkazuvchi Rossiya Davlat dumasining qator deputatlariga davlatga kirishni taqiqlab qo‘ygani oshkor bo‘ldi. Ro‘yxatda nafaqat deputatlar, balki Rossiyadagi turli soha vakillari ham borligi aytilmoqda.
Tramp o‘z maqsadiga yetdi. Ukrainaning qator turdagi tabiiy resurslari endilikda faqatgina ukrainaliklargagina tegishli emas. Okean ortidagi do‘stlar ham bundan buyon ularga sherikdir.
Tramp ma’muriyati Ukrainadagi boyliklarni qo‘lga kiritishi bilan bir paytda, o‘z ma’muriyatida yo‘qotishlarga yuz tutmoqda. Dastlabki “o‘q” milliy xavfsizlik bo‘yicha endilikda sobiq maslahatchi hisoblanadigan Mayk Uoltsga tegdi. Umumiy ma’noda Tramp tuzgan jamoa ishonchni oqlamayapti.
Ortda qolgan hafta davomida dunyoda ro‘y bergan muhim voqea hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturi.
Ukraina tabiiy boyliklarini AQSH bilan bo‘lishadi
AQSH va Ukraina o‘rtasida so‘nggi 2 yarim oy ichida juda ko‘p muhokama qilingan kelishuv nihoyat imzolandi. Endi Ukraina xalqiniki hisoblangan mamlkat hududidagi qator tabiiy resurslar faqat ulargagina tegishli emas. Uzoq vaqt davomida ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgan, jumladan Trampni Zelenskiydan nafratlanishga olib kelgan, dunyo davlatlari, ekspertlar tomonidan keskin tanqid qilingan va hatto Oq uydagi tarixiy tortishuvda ham o‘ziga xos ta’siri bo‘lgan mineral resurslar bo‘yicha shartnomaga imzolar chekildi. Yana bir qancha yuqori tuzilmalar bu kelishuvni tasdiqlashi bilan barchasi amalda boshlanadi.
30 aprel kuni AQSH va Ukraina o‘zaro kelishuv asosida Ukraina tabiiy resurslariga doir hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari va Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoning ta’kidlashicha, bu kelishuv Ukrainani tiklashga xizmat qiladi. Bu maqsad yo‘lida ikki davlat investitsion fond tashkil etadi. Ushbu fond global investorlarni jalb qilish bo‘yicha faoilyat olib boradi.
AQSH va Ukraina o‘rtasida tuzilgan bitimning asosiy bandlari 4 qismdan iborat. Unga ko‘ra,
- Ukraina yerosti boyliklariga egalikni saqlanib qoladi, qaysi resurslar qayerda va qanday qazib olinishi to‘g‘risidagi qarorlar faqat Ukraina tomonidan qabul qilinadi.
- Hamkorlik teng asosda olib boriladi – fond 50/50 ulushda tashkil etiladi, hech bir tomon ustunlikga ega bo‘lmaydi.
- O‘rtada hech qanday qarz majburiyatlari bo‘lmaydi. Ya’ni AQSH oldida Ukrainaning hech qanday qarz yoki moliyaviy majburiyati bu bitimda qayd etilmagan.
- Shuningdek, Ukraina davlat mulki himoyalangan bo‘lib, “Ukrnafta” yoki “Energoatom” kabi yirik milliy kompaniyalar ustidan xususiylashtirish yoki boshqaruv mexanizmini o‘zgartirish kabi amaliyotlar o‘tkazilmaydi.
Ammo diqqatni tortadigan bir jihat shuki, ushbu bitimda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqida hech qanday band yo‘q. Bu esa Ukraina bundan keyin “AQSH manfaatlari bor joyda xavfsizlik kafolati ham bo‘ladi” degan umid bilan yashashga mahkum. Shunday qilib, yuqorida qayd etilgan bandlar anchadan buyon kuzatuvchilar tomonidan xavotir bilan tahlil qilingan va hatto ba’zilar “Trampning Ukrainani talash rejasi” sifatida talqin qilingan bitimning eng muhim bandlari edi.
Rasmiy Kiyevga ko‘ra mazkur kelishuv Ukraina Konstitutsiyasiga zid emas va mamlakatning Yevroittifoqqa integratsiyalashuv kursini o‘zgartirmaydi.
Sviridenkoning aytishicha, fond faqat yangi litsenziyalardan tushgan daromad hisobidan moliyalashtiriladi. Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari bu bilan mamlakat tabiiy boyliklarining katta qismini amalda nazorat qiluvchi ushbu fond buyudjetga yuk emas, balki foydali bo‘ladi, degan fikrda.
“Bu – kritik materiallar, neft va gaz loyihalari bo‘yicha beriladigan yangi litsenziyalar orqali davlat byudjetiga tushadigan 50 foiz daromad haqida. Oldin boshlangan loyihalardan yoki allaqachon byudjetga kiritilgan tushumlardan fondga pul ajratilmaydi”, deydi vazir.
Fond daromadlari va ajratmalari AQSHda ham, Ukrainada ham soliqqa tortilmaydi, bu esa investitsiyalarning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Yangi fond AQSH hukumati tomonidan DFC agentligi orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Bu agentlik AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardagi investorlar va kompaniyalarni jalb qilishda Ukrainaga yordam beradi.
Shu o‘rinda DFC agentligi haqida biroz to‘xtalsak. Bu AQSH Xalqaro Rivojlanish Moliya Korporatsiyasi bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy sektor investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlovchi AQSH davlat agentligidir. U 2019 yil dekabr oyida tashkil etilgan. DFC missiyasi AQSH tashqi siyosati va milliy xavfsizlik ustuvorliklarini ilgari surishdan iborat. Buning uchun agentlik rivojlanayotgan mamlakatlarga xususiy sarmoyalarni safarbar qiladi. DFC kreditlar va kafolatlar berish, siyosiy xavflarni sug‘urtalash va texnik yordam kabi funksilarni bajaradi. Mazkur agentlik asosan energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, texnologiya va moliya kabi sohalardagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Endilikda esa u Ukrainada ham o‘z faolligini oshiradi va ko‘plab mutaxasislar tomonidan aytib kelinayotgan va aslida juda kam ekani ta’kidlanayotgan kritik minerallarni qidirishga bosh-qosh bo‘ladi.
Rossiyaning millatchi deputatlari uchun yopilgan Qozog‘iston
Rossiyaning tiyiqsiz va shovinistik ruhdagi deputatlari va qator faollari Qozog‘istonga kirishi man etilgani oshkor bo‘ldi. Ular rasmiy darajada bo‘lmasada, hukumatdagi ichki manba tomonidan “Deutsche Welle”ga buni tasdiqlagan. Bu masala 27 aprel kuni Rossiyaning MDH mamlakatlari instituti xodimi va tarixchi Andrey Grozin Ostonaga yetib kelgach, Qozog‘iston hududiga kirishiga ruxsat berilmaganidan so‘ng o‘rtaga chiqdi. Eng qizig‘i Grozin aprel oyi oxirida Qozog‘iston-Rossiya munosabatlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan bir qancha tadbirlarda ishtirok etish uchun rasmiy taklif olgan, ammo chegarada u allaqachon Qozog‘istonga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatida ekani ma’lum bo‘lgan va mamlakatga kiritilmagan.
Qozog‘iston OAVlariga bergan izohida Grozin unga bu qarorning sabablari rasman tushuntirilmaganini aytdi. Andrey Grozinning Qozog‘istonga kirishiga ruxsat berilmagani Qozog‘istonning ayrim “nomaqbul shaxslar” ro‘yxatiga ega ekanligini ko‘rsatdi. Shu bois bu voqelik “Deutsche Welle”ning e’tiborini tortgan va nashr mazkur ikki davlat o‘z hududida kimlarning bo‘lishini istamasligi masalasini o‘rganishga undagan.
Rasmiy darajada Grozinga rad etish sabablari izohlanmagan, biroq hukumatdagi manbalar “Deutsche Welle”ga ayrim tafsilotlarni ochiqlagan. Qozog‘iston hukumati vakillaridan biri Grozin o‘z chiqishlarida ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, u tomonidan oldinroq mamlakatga qarshi aytilgan qator kamsituvchi gaplar hukumatning esidan chiqmaganini ta’kidlagan.
“O‘zini tarixchi deb tanitayotgan Grozin janob To‘qayevning obro‘siga putur yetganini aytgan, hokimiyatga go‘yo “Turkiston legioniga” mayl bildiruvchi “natsiklar” (millatchilar) kelgan deb iddao qilgan edi. U, shuningdek, qozoqlar mentalitetini haqoratlab, ularni qo‘shnilarining molini o‘g‘irlab, uylarini yoqib yuboruvchi sifatida tasvirlagan. Ideologik jihatdan Qozog‘istonni 2014 yilgi Ukraina darajasiga tenglashtirgan edi. U bularni unutgan bo‘lishi mumkin, ammo bizning yodimizda”, dedi hukumatdagi manba.
Unga ko‘ra, Qozog‘istonga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxati mavjud, biroq bu ro‘yxat yopiq va to‘liq tarkibi noma’lum. Manbaning aytishicha, ilgari bu ro‘yxatda shartli ravishda Vladimir Jirinovskiy birinchi o‘rinda turgan. Hozirgi kunda esa Tina Kandelaki, Tigran Keosanyan, Aleksandr Dugin, Nikita Mendkovich, Davlat Dumasi deputatlari Yevgeniy Fedorov, Vyacheslav Nikonov va Petr Tolstoy, shuningdek, Konstantin Zatulinga ham kirish taqiqlangan. Ular Qozog‘iston va uning hukumati haqida salbiy fikr bildirgan.
O‘z o‘rnida Rossiyada ayrim qozog‘istonlik faollarga nisbatan kirish cheklovlari bor. Masalan tarixchi Jaqsiliq Sobitovning “Deutsche Welle”ga aytishicha, uning Rossiyaga kirishi taqiqlangan kamida 10 nafar kasbdoshlari bor. Ammo ular ham huddi rossiyalik tarixchi Grozin singari buni bilishmagan. Ba’zilari bu haqda chegaradan o‘tayotganda, boshqalari esa Rossiya aviakompaniyalaridan chipta xarid qilishga uringanda bilgan.
“Bu holatlar ayniqsa 2022 yildan so‘ng kuchaydi, odamlar Facebook va Instagram'da o‘z fikrlarini ochiq ayta boshladi. Endi nafaqat tarixchilar, balki boshqa kasb egalari ham bundan jabr ko‘rmoqda”, dedi u.
“Deutsche Welle” bilan suhbatda ekspertlar Rossiyaga kirishi taqiqlangan ba’zi qozog‘istonliklarning ismlarini ham oshkor qilgan. Ular orasida siyosatshunoslar, jamoatchilik faollari va hatto parlament deputatlari Ermurod Bapi va Aydos Sarim ham borligi aytilmoqda. Deputat Aydos Sarimning aytishicha, u Rossiyaga 2021 yilda kirishga uringan payti rad javobini olgan. Sarimning so‘zlariga ko‘ra, Bryusselga safar chog‘ida 9 soatlik tanaffus bo‘lgani bois Qozog‘iston elchixonasi unga Moskvadagi tadbirda qatnashish ketishni taklif etgan, biroq diplomatik pasporti bo‘lishiga qaramay, uni shaharga kiritishmagan. Delegatsiyaning barcha a’zolari o‘tgan-u, ammo faqat u qolib ketdim. Chegarada Federal xavfsizlik xizmati xodimi unga peshvoz chiqib, “persona non grata” ekani bayon qilingan qog‘ozni topshiradi. Eng qizig‘i o‘sha qog‘ozda hech qanday izohsiz, agar takroran Rossiya hududiga kirishga urinsa, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligi yozilgan.
Endi esa ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekistonda ham shunday turdagi chet elliklar, ya’ni mamlakatda bo‘lishi nomaqbul shaxslar ro‘yxati bor, lekin huddi Qozog‘istondagi kabi bu ro‘yxatdan hozirgacha kimlar o‘rin olgani ma’lum emas. Chunki o‘tgan yil 25 iyunda O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 21 sentyabrda Senat tomonidan, 15 noyabrda esa Prezident tomonidan ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonun mavjud. Qonunda O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan shaxslar mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet elliklar ro‘yxatiga kiritiladi.
Eng qizig‘i shundaki, Rossiyadagi mulozimlar va jamoat faollari orasida bu ro‘yxatdan joy olishga munosib shaxslar juda ko‘p. Masalan, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonni bosib olishga chaqirgan deputat Zahar Prilepin, o‘zbek millati shaniga qabul qilib bo‘lmas so‘zlarni aytgan va o‘zini tarixchi deb hisoblaydigan Smolin, O‘zbekistonning Qozondagi konsulligi Rossiyada bo‘lib turgan migrantlarni urushda qatnashish harakatlaridan tiyilishga chaqirgach, bunday ogohlantirishni tanqid qilish orqali O‘zbekiston qonunchiligiga oyoq qo‘ygan deputat Sergey Mironov, O‘zbekistondagi maktabda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan o‘quvchining kaltaklanishi ortidan rasmiy Toshkentdan tushuntirish so‘rab, mamlakat suverenitetiga tupurgan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova yuqorida aytilgan “qora ro‘yxat”ga tushishi uchun asoslar yetarli. Ammo ko‘p ehtimol bunday amaliyot hali boshlanmadi. Chunki bir necha kun ilgari YeI va MO sammitidan so‘ng darhol Samarqandga halloslab yetib kelgan va O‘zbekistonga hurmatsizlikni samolyot trapidan boshlab, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan quchoqlashib ko‘rishishni o‘ziga ep ko‘rmagan Sergey Lavrov oldida o‘sha har doim O‘zbekistonning ichki ishlariga burun suqib turadigan Mariya Zaxarovani ko‘rdik. U bemalol kelib ketib yuribdi. Va Zaxarova bundan keyin ham butun boshli 37 million xalqni boshqarishga masul bo‘lganlarga aql o‘rgatib, mamlakat suverenitetini sariq chaqaga ilmaslikda davom etsa ham hech qanday to‘siqlarsiz O‘zbekistonga kirib-chiqib yuraversa ajab emas.
Tramp ma’muriyatida inqiroz
Donald Trampning multimillionerlar va milliarderlardan tashkil topgan hukumatida inqiroz boshlandi. Bir necha kunlar ilgari Ilon Maskning yangi ma’muriyatdagi umri nihoyasiga yetgani haqida xabarlar tarqaldi. U o‘z biznesiga qaytishi mumkinligi kun tartibiga chiqdi. Tramp ham milliarder ma’lum vaqtgagina davlat xizmatiga jalb qilingani, ammo u istasa xohlagancha qolishiga ruxsat berishini aytdi. Biroq voqealar rivoji Maskning hukumatdan ketishiga ishora qilyapti. U innauguratsiyadan keyin katta miqdordagi kapitalidan ayrildi. Ba’zi nashrlar Tesla o‘zi uchun yangi rahbar qidirayotgani haqida xabarlar bermoqda. Shuning uchun Mask ko‘p ehtimol DOGE ya’ni Hukumat samaradorligi agentligidan va umuman siyosiy doiradan ketishi shunchaki vaqt masalasi bo‘lib qolgandek. Bu esa Tramp uchun qanchalik salbiy ahamiyat kasb etishi noma’lum.
Ammo ancha oldinroq bir jurnalistni maxfiy chatga kiritib yuborgan milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uoltsning ketkizilishi jiddiy masala. Ochig‘i aytganda, kop ehtiol u o‘zining bunday ma’suliyatsizligi bilan Trampning hafsalasini pir qilgan. AQSH Prezidenti uni ko‘p bor himoya qilishga urindi. Biroq boshqa tuzilmalarning Uoltsga ishonchsizligi maslahatchining lavozimdan ketishiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Shu tariqa Mayk Uolts va uning o‘rinbosari Aleks Vong o‘z lavozimlarini tark etdi. Bu haqda dastlab qator OAV xabar bergandi. Oradan ko‘p o‘tmay, Trampning o‘zi ham buni tasdiqladi.
“Politico” ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp omma oldida harchand uni himoya qilmasin, jamoatchilikda holi vaziyatda Uoltsning “buzilgan”ini tan olgan. Uning o‘rniga ko‘plab manbalar Yaqin Sharq bo‘yicha maslahatchi Stiv Uitkoff nomzodini taxmin qilgan bo‘lsada, Tramp bu lavozimni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio egallashini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 51 yoshli Uolts Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrikada xizmat qilgan, nafaqadagi maxsus kuchlar zobitidir. U avval Oq uyda va Pentagonda ishlagan va 2018 yilda Kongressga saylangan. Tayinlanishidan oldin ham u Xitoyga nisbatan taniqli tanqidchi bo‘lib, mamlakatni “ekzistensial tahdid” deb atagan. Siyosatchi NATOdagi ittifoqdoshlarini mudofaa xarajatlari kamligi uchun tanqid qilgan va AQSHning Ukrainaga harbiy yordam berishiga shubha bilan qaragan. Uolts Rossiya va Qo‘shma Shtatlar bilan muzokara olib borayotgan Amerika jamoasining bir qismi edi. Trampning ma’lum qilishicha, endilikda u AQSHning BMTdagi vakili bo‘ladi.
Xullas, Uolts ketdi. Ammo shunga ham qaramay, bu yo‘qotish Tramp ma’muriyati uchun so‘nggisi bo‘lmasligi mumkin. Chunki butun boshli Pentagon rahbari Pit Hegset ham Uoltsdan qolishmaydigan xato qilgan. U Yamanga beriladigan zarabalar va undagi maxfiy ma’lumotlarni nafaqat Oq uy ma’muriyatidagilar va bir jurnalist, balki alohida chatda o‘z oilasi bilan bo‘lishgan. Shu bois qator yuqori martabali mulozimlar Hegsetga Uoltsdan kam ishonchsizlik bildirmagani aytilmoqda. Bu ham uning keyingi faoliyatiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Shu tariqa Trampning jurnalistlar va millirderlardan tuzilgan ma’muriyati 4 oyga bormasdan bosqichma-bosqich ishdan chiqmoqda. Oldinda esa yana 4 yil bor.
Live
Barchasi