Arqonni uzun tashlagan O‘zbekiston – Weekend
Tahlil
−
29 iyun 36809 12 daqiqa
Joriy hafta 27 iyun kuni kuzatuvchi davlat maqomida YeOII sammitiga borgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yana ittifoqqa to‘liq a’zo bo‘lishga chorlandi.
Isroil bilan 12 kunlik urushdan xulosa chiqargan Eron harbiy sohada Rossiya emas, balki Xitoyga yuzlanmoqchi.
SHHT doirasida aynan shu Xitoy va Pokistondan o‘pkalab kelayotgan Hindiston tashkilot ichida bir yoqadan bosh chiqarish jarayoniga putur yetkazmoqda.
So‘nggi kunlarda AQSHni Oq uyda emas, balki ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali boshqarayotgan Donald Tramp G‘azoda yana o‘zining manfur rejasini amalga oshirishi mumkinligi aytilmoqda.
Bizda esa ortda qolgan hafta davomida jahonda ro‘y bergan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturi.
Mirziyoyev Minskdagi yig‘ilishda ishtirok etdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Belarusning Minsk shahrida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi. Belaruslik Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi maqomida esa Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel, shuningdek, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mavjud sharoitdan kelib chiqib videomurojaat yo‘lladi. Mehmon sifatida Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid Ol Nahayon, Mo‘g‘uliston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Nam-Osorin Uchral va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev esa yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik qay darajada rivojlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot bergan. Xususan, kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida O‘zbekistonning Ittifoq mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 18 milliard dollarni tashkil etgani qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston savdoni qo‘llab-quvvatlash vositalari va mexanizmlarida – YeOII texnik jihatdan tartibga solishning raqamli tizimi va raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevrosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabilarda qatnashishdan manfaatdor ekani ma’lum qilingan. Bundan tashqari, tashkilot doirasida ishga tushirilgan “Chegarasiz mehnat” integratsiyalashgan platformasiga qo‘shilishga tayyorlik ham bildirilgan.
Ammo belaruslik Aleksandr Lukashenko Minskdagi mazkur yig‘ilishda O‘zbekistonni ushbu ittifoqqa to‘liq a’zo bo‘lishga chaqirdi. Putinning tashqi dunyo uchun “norasmiy matbuot kotibi”ga aylangan Lukashenko YeOII davlatlari O‘zbekistonni “doimo do‘st va yaqin ittifoqchi” sifatida ko‘rishi va to‘liq a’zo sifatida qabul qilishga tayyor ekanini aytdi.
“Siz YeOIIning qadrdon do‘stisiz. Biz sizni ittifoqimizning to‘laqonli a’zosi sifatida ko‘rishni doim intizorlik bilan kutamiz. Bundan xursand bo‘lamiz”, degan Lukashenko Shavkat Mirziyoyevga.
Bu Lukashenkoning birinchi bor O‘zbekistonni ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishga chaqirishi emas. Ortda qolgan yillar davomida Lukashenko ko‘p marotaba rasmiy Toshkentni YeOIIga qo‘shilishga da’vat etgan. O‘zbekiston esa 5 yildan buyon, aniqroq qilib aytganda, 2020 yildan beri YeOIIda kuzatuvchi davlat sifatida faoliyat olib boryapti. O‘shandan beri O‘zbekiston mazkur tuzilmaga kirish yoki kirmaslikning salbiy va ijobiy tomonlarini sarhisob qilib keladi.
Bu tuzilma 2014 yil tashkil etilgan va mintaqaviy iqtisodiy integratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bo‘lib, xalqaro yuridik shaxs maqomiga ega. YeOII tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi harakati erkinligini, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida muvofiqlashtirilgan yoki yagona siyosatni amalga oshirishni ta’minlaydi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga hozirgacha Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya kabi davlatlar to‘liq a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston, Eron va Kuba hozircha kuzatuvchi maqomida. Asosiy tashqi hamkorlar esa BAA va Xitoy hisoblanadi.
Yuqorida aytilganidek, O‘zbekiston 5 yildirki, faqat kuzatuvchi maqomida. Ammo shu o‘rinda rasmiy Toshkent mintaqa va tashqi dunyoda shakllanayotgan hamda integratsion xususiyatga ega istalgan ittifoq yoki format bo‘lsin doim to‘liq a’zo sifatida ishtirok etib keladi. Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va hokazolar shular jumlasidandir. Mamlakat o‘zi joylashgan Markaziy Osiyoda ham bosh integrator hisoblanishi ko‘pchilikka sir emas. Iqtisodiy loyihalardan tortib chegara masalasidagi kelishmovchiliklargacha ortda qolgan yillar davomida tomonlarni murosaga chaqiruvchi rolini yaxshi uddalamoqda. Bunday siyosiy tashabbuskorlik holati shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning qaysidir tashkilotda uzoq vaqt kuzatuvchi maqomida qolishi ko‘p ehtimol faqat ikkinchi tomon, ya’ni o‘sha tashkilotdagi kamchiliklar bilangina bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Eron Rossiya o‘rniga Xitoydan qiruvchi samolyot sotib olmoqchi
Joriy yil yanvar oyida Eron va Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolangandi. Mamlakatlar o‘rtasidagi shartnoma mudofaa, terrorizmga qarshi kurash, energetika, moliya, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, fan va texnologiya kabi barcha sohalarni qamrab olgan. Ushbu hujjat 47 moddadan iborat bo‘lib, delegatsiyalar almashinuvi, harbiy kemalar va kemalarning portlarga kirishi va harbiy kadrlar tayyorlashni o‘z ichiga olgan “keng ko‘lamli masalalarni” qamrab oladi. Mazkur shartnomaning mudofaa qismi mavjudligi bois ko‘pchilik Isroil va Eron o‘rtasidagi urushda Rossiyaning jim turganini Iroq, Suriya va Liviyaga qilingan xiyonatga qiyosladi. Ammo Pezeshkiyon va Putin tomonidan imzolangan bu shartnomaning mudofaaga oid bandlarida “agar biron bir tomon tajovuzga duchor bo‘lsa, ikkinchisi tajovuzkorga hech qanday harbiy yoki boshqa yordam ko‘rsatmasligi kerak”ligi qayd etilgan. Bu holatda esa Rossiyaning Isroilga yordam bermaganining o‘zi u o‘z majburiyatini bajarganini anglatadi.
Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, Kreml Isroil va AQSHning Eronga tajovuzi kuchaygan payt qoralovchi bayonotlar berish bilan cheklanib, Ukrainaga bosqin davomida son-sanoqsiz Shahed dronlari yetkazib bergan Eronni hech nima bilan siylamadi. Hatto uzoq yo‘l bosib kelgan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiga ham “Rossiya yordam berishga harakat qilyapti”, deb qo‘yildi xolos. Ammo shu kungacha Xitoydan allaqachon bir nechta samolyotlarda Eronga yordam kirib kelgani haqida xabarlar chiqib bo‘lgandi. To‘g‘ri, buni rasmiy doiralar haligacha jo‘yali tasdiqlagani yo‘q, ammo radarlar havo hududi yopilgan Eron hududiga kirib bo‘lgan samolyot tasvirlarini butun dunyoga ochiqlagandi.
Ayni damda esa urush tugagan. Biroq Eron bu urushdan o‘z havo mudofaa tizimini takomillashtirishi lozimligini chuqur anglab yetdi. Xabarlarga ko‘ra, endilikda Tehron pand bergan Rossiya mudofaa tizimini Xitoyniki bilan almashtirishi mumkin. 13 iyunda boshlangan va 12 kun davom etgan Yaqin Sharqdagi urush Isroilning Eron yadro inshootlariga – Fordo, Natanz va Isfaxon shaharlarida havo hujumlari bilan boshlandi va Isroilning F-35 va F-15 samolyotlari Eronning Rossiyadan olingan C-300 havo mudofaa tizimlari va radarlarini yo‘q qilib, Tehron osmonida hech qanday qarshiliksiz harakat qila oldi. Bu esa urushdan so‘ng Eronning yangi va zamonaviy mudofaa mahsulotlariga ehtiyojini oshirdi. “Khorasan” nashri Eron Isroil va AQSH bilan 12 kunlik urushda og‘ir yo‘qotishlarga uchragach, o‘z harbiy-havo kuchlarini tezkor ravishda modernizatsiya qilish niyatida Chengdu J-10C rusumli ko‘p maqsadli Xitoy qiruvchi samolyotlariga qiziqishini kuchaytirganini xabar qildi. J-10C – bu bitta dvigatelli ko‘p maqsadli qiruvchi bo‘lib, Xitoy uni G‘arbning F-16V va Gripen E samolyotlariga nisbatan arzonroq muqobil sifatida taqdim etadi. Uning bir donasi narxi 60 million dollardan oshadi, ammo ehtiyot qismlar, qurol-aslaha, kafolat va uchuvchilar tayyorlash bilan 90 million dollargacha yetadi.
Nashrga ko‘ra, Eron J-10C samolyotlariga qariyb 20 yildan beri qiziqish bildirib keladi. 2015 yilda 150 ta qiruvchi sotib olish bo‘yicha kelishuv tayyorgarlik bosqichiga kirgan, biroq kelishuv to‘xtab qolgan. O‘shanda Pekin to‘lovni xorijiy valyutada amalga oshirishni talab qilgan, Tehron esa valyuta tanqisligi sababli neft va gaz evaziga barter shaklida hisob-kitob qilishni so‘ragan. Shuningdek, Eron Islom Respublikasiga nisbatan BMT qurol embargosi ham muammo tug‘dirgan. Bu cheklovlar 2020 yilda olib tashlanganidan so‘ng Xitoy bilan muzokaralar qayta boshlangan, ammo o‘shanda samolyotlar soni 36 taga qisqargan bo‘lsa-da, to‘lov masalasi yana to‘sqinlik qilgan.
2025 yilgi “Military Balance” hisobotiga ko‘ra, Isroil bilan urushgacha Eron taxminan 150 ta qiruvchi samolyotga ega edi. Ularning aksariyati hali Islom inqilobidan oldin AQSHdan sotib olingan eski modellar bo‘lgan. Bundan tashqari, 1980 yillar oxiri 1990 yillar boshida yetkazilgan 18 dona MiG-29A/UB ham mavjud, lekin ehtiyot qismlar yo‘qligi va texnik xizmat ko‘rsatishning murakkabligi sababli ularning ko‘pchiligi ishlamaydi. Eron tomonidan eng so‘nggi sotib olingan xorijiy qiruvchilar – 2023 yilda xarid qilingan Rossiyaning to‘rtta Su-35 samolyoti edi. Umumiy buyurtma 50 dona bo‘lib, har birining narxi 100 million AQSH dollaridan oshadi. Biroq Ukrainadagi bosqin tufayli bu samolyotlarning ham yetkazib berilishi yaqin vaqt ichida sodir bo‘lmaslik ehtimoli yuqori.
SHHTni chayqatayotgan Hindiston
Hindiston yaxshigina rivojlanayotgan va hatto bir necha yillar oldin Yevropa Ittifoqiga “raqib” sifatida ham ko‘rilgan SHHT tashkiloti ichida bosh ko‘tarmoqda. Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat va yaqinda tugagan Eron va Isroil o‘rtasidagi urush bu jarayonni kuchaytirib yubordi. Dastlab rasmiy Dehli tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan Isroilning Eronga qilgan hujumini qoralovchi qo‘shma bayonotiga qo‘shilmagandi. 26 iyun kuni esa Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning Mudofaa vazirlari Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunida umumiy bayonot e’lon qilmadi. Sababi – Hindiston Mudofaa vaziri Rajnatx Singx joriy yilning 22 aprel kuni Jammu va Kashmir shtatining Paxalgam shahrida sodir etilgan terrorchilik hujumi bayonotda eslatilmagani sababli hujjatni imzolashdan bosh tortgani aytilmoqda. “Indian Express” nashri Rajnatx Singx terrorizmga nisbatan yagona va qat’iy yondashuv yo‘qligini tanqid qilib, bayonotni imzolamagani haqida xabar berdi.
Muammo nimadan kelib chiqqan? Aslida ikki mamlakat ham bir-birini ba’zi ma’lum mintaqalardagi tartibsizlik yoki teraktlar uyushtirishda ayblab keladi. Masalan, Pokiston Hindistonni Balujistondagi separatistlarni qo‘llashda ayblasa, Hindiston Kashmirdagi qo‘poruvchilik harakatlari uchun Pokiston javobgar ekanini iddao qiladi. Bu galgi qo‘shma bayonotda esa Balujiston eslangan-u, ammo joriy yil Kashmirda ro‘y bergan terakt qayd etilmagani aytilmoqda. Shu bois Singx qo‘shma bayonot Pokistonning pozitsiyasiga “mos tushganini” ta’kidlagan va uni imzolamagan. Umuman olganda esa SHHT doirasidagi murosasozlikning kelajagiga oldindan shubha bildirilgan. Tashkilot ichida bir-biriga prinsipial raqib bo‘lgan davlatlarning mavjudligi tufayli kelishib ishlash yoki bir yoqadan bosh chiqarish doim so‘roq ostida qolgan. Biroq jahon miqyosida urushlar avj olmagunga qadar SHHTda hammasi joyida edi. Ammo barcha pisib yotgan muammo va ziddiyatlar endi namoyon bo‘la boshladi.
Bundan tashqari, mintaqaviy mojarolarda an’anaviy tarzda Pokistonni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Xitoy SHHT doirasida ham amalda Islomobod tomonida chiqqan. “Indian Express” nashriga ko‘ra, sammit arafasida Pokiston Mudofaa vaziri Xavoja Asif Pekin va Islomobod Hindistonga qarshi razvedka faoliyatini muvofiqlashtirayotganini ochiq tan olgan. Sammitdagi keskin muhitda Hindiston Mudofaa vaziri Rajnatx Singx xitoylik mavqedoshiga hal etilmagan hududiy nizolar va chegarada uzoq muddatli tinchlik zarurligini eslatgan. Biroq u Hindistonning Xitoy va Pokiston bilan o‘zaro ishonch darajasi hanuz pastligicha qolayotganini ta’kidlagan.
Tramp “media Prezidenti”ga aylandi
Qo‘shma Shtatlarda biror bir nashr mamlakat tashqi siyosati, umuman olganda AQSH Prezidenti bilan bog‘liq qandaydir xabar chiqarsa, ortidan zudlik bilan Trampning Truth Social’ga kirishi va bu xabarni rad qilib, OAVni haqoratlashi oddiy holga aylandi. Tramp deyarli har bir xabarga ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi, juda bo‘lmasa qaysidir matbuot anjumanida munosabat bildirib o‘tishga vaqt topmoqda. Eron va Isroil o‘rtasidagi urush davomida boshlangan bu tendensiya hozirgacha davom etyapti. CNN, “The New York Times” ABC News kabilar uning eng asosiy nishoniga aylangan. Xullas, Tramp tashqi va ichki siyosatdan ko‘ra ko‘proq tarmoqlarda faol. Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva esa AQSH Prezidenti Donald Trampga murojaat qilib, uni “kamroq internetda o‘tirishga va ko‘proq davlat ishlari bilan shug‘ullanishga” chaqirdi.
“Bu notinch dunyoda AQSH kabi qudratli mamlakat rahbari o‘z so‘zlarini o‘ylab, e’tibor bilan gapirishi kerak. U ko‘proq davlat rahbari, kamroq internet foydalanuvchisi bo‘lishi, erkin savdo, ko‘p tomonlama hamkorlik va tinchlik haqida ko‘proq qayg‘urishi lozim. Ammo biz har kuni matbuotda nima ko‘ryapmiz? Bu la’nati sarlavhalarga ehtiyoj”, deydi Lula.
Bu Lula da Silvaning Trampni birinchi bor tanqid qilishi emas. Joriy yil may oyida Rossiyaga safari chog‘ida u Tramp tomonidan joriy etilgan boj stavkalarini tanqid qilib, AQSHga qarshi chiqqan va Moskva bilan hamkorlikni kengaytirish istagini bildirgan. Shuningdek, Trampning fevral oyidagi G‘azo sektori bo‘yicha bayonotlarini izohlar ekan, Lula uni keskin tanqid qilib, “Tramp dunyoni emas, balki faqat AQSHni boshqarish uchun saylangan”, deb bayonot bergan edi. Bu safargi tanqid esa o‘zgacha chiqdi. Odatda ota-onalar o‘z farzandlariga beradigan dakki, ya’ni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qisqartirish maslahati dunyoning eng qudratli davlatini boshqarayotgan shaxsga berilishi juda kulgili tuyulishi tabiiy. Ammo Lula da Silvaning gapida anchagina jon borligi ko‘pchilikka sir emas. Trampning so‘nggi paytlarda “media Prezidenti”ga aylanib qolganini butun dunyo ko‘rib turibdi. Hatto u AQSHni Oq uydan emas, balki Truth Social platformasidan boshqarayotgandek tuyulmoqda.
G‘azo bo‘lib yuborilishi mumkin
Isroil nashrlari Donald Tramp va Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni, bizning tilimiz va aslida haqiqat bilan aytganda, qirg‘in, genotsid va insoniyatga qarshi misli ko‘rilmagan jinoyatlarni tugatishga kelishib olgani haqida xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yaqin ikki hafta ichida amalga oshirilishi mumkin. “Israel Hayom” nashri bu muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tgani va unda Isroil va AQSH o‘rtasidagi harbiy-siyosiy muvofiqlashtirishning yangi bosqichi boshlanganini bildirdi. Jarayon hozircha rasmiy tasdiqlanmagan, ammo Isroil matbuotining yozishicha, tomonlar kelgusi 14 kun ichida G‘azodagi qirg‘inni to‘xtatishga kelishib olgan. “Israel Hayom” nashrining yozishicha, Isroil G‘azoda to‘xtagach, sektor boshqaruvi to‘rtta arab davlatiga o‘tkazilishi mumkin. Hozircha bu to‘rtta ehtimoliy davlat ichida ikki nomzod – Birlashgan Arab Amirliklari va Misr nomi keltirilgan, xolos. Tramp esa G‘azo kelajagiga batafsil to‘xtalmadi, ammo sektorda tez orada urush tugashi mumkinligini ma’lum qildi. U hatto sulh ikki emas, balki bir hafta ichida amalga oshirilishini ham istisno qilmadi.
“Ko‘p so‘rashadi va menimcha, bu juda yaqin. Men hozirgina bu jarayonda ishtirok etayotgan ba’zilar bilan gaplashdim. G‘azoda sodir bo‘layotgan voqea dahshatli. Biz o‘ylaymizki, keyingi hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatishga erishamiz. Biz bu hududga, bilganingizdek, ko‘p pul va ko‘p oziq-ovqat yetkazmoqdamiz, chunki buni qilishimiz kerak. Nazariy jihatdan biz bunga aralashmaymiz, lekin amalda aralashyapmiz, chunki odamlar o‘lyapti”, deydi Donald Tramp G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishish ehtimoli haqida berilgan savolga javob berarkan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr