Pedofillarga o‘lim jazosi, Tramp AQSHni “qaysidir urush”ga tayyorlayapti, Isroilga “qizil kartochka” ko‘rsatilmadi – Weekend

Tahlil

Bundan bir necha kun oldin Qirg‘izistonda zo‘rlanib, keyinchalik o‘ldirib, dalaga tashlab ketilgan o‘smir qiz fojiasi mintaqani larzaga solishda davom etmoqda. Chunki Sadir Japarov bu holatga o‘lim jazosini qaytarish bilan javob berishga yaqin.

AQSH qaysidir urushga tayyorlanyapti. Ammo bu urush kimga qarshi ekanini Tramp va uning ma’muriyatidagilar o‘zi bilsa bo‘ldi.

Ikki standartlik o‘zining eng jirkanch ko‘rinishini Isroil misolida namoyish etmoqda. Hech kim uni xalqaro sport musobaqalari, jumladan, futbol bahslaridan chetlashtirishga jur’at eta olmayapti.

Ortda qolgan hafta davomida dunyoda ro‘y bergan muhim voqea hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Weekend dasturida tanishing.

“Isroilning yashil maydonlardagi qon izlari”

Dunyo shubhasiz ikki standartlikdan charchadi. Biz yashayotgan asrda bu endi “normal” holatga aylanib bo‘lgan. Xalqaro huquq, xalqaro tartib nima o‘zi, degan savol endi ahamiyatsiz. Chunki bunday jumlalarning insoniyat va tashqi siyosatdagi o‘rni endi deyarli yo‘q. Istalgan sohada buning isboti Isroil misolida ko‘rishi mumkin. Futbol afsonasi Erik Kantona aytganidek, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan 4 kun o‘tiboq FIFA va UEFA Rossiyani xalqaro sport musobaqalaridan chetlashtirish harkatlarini boshlagandi, ammo Isroil G‘azoda asrning eng dahshatli genotsidini amalga oshirayotganiga bir necha kun emas, 2 yil to‘ldi. Biroq o‘sha tashkilotlar XXI asrdagi eng g‘ayriinsoniy qatliomlarni uyushtirayotgan davlatga qarshi hech narsa qila olmayapti. Rossiyani chetlatish orqali unga geosiyosiy bosim qilishga uringan o‘sha ikkita ikkiyuzlamachi tashkilot Isroilga kelganda “xalqaro siyosiy jarayonga ta’sir qila olmasliklarini” da’vo qilib, o‘zini chetga oldi. Saylangan rahbarlarning esa faqat aksariyatigina bunga qarshi nimalardir qilishga urinmoqda xolos. Ammo ularning ham Isroilni futbol va boshqa sport turlari orqali jazolashga kuchi yetmayapti.

Eng birinchilardan bo‘lib Isroilning genotsidiga qarshi chiqqanlarning oldi qatorida turgan va bu uchun tarixda yaxshi nom qoldirishi tayin bo‘lgan Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches yahudiy davlatini xalqaro sport musobaqalaridan chetlatishga chaqirdi. Ispaniya Kongressi a’zosi Patxi Lopes esa agarda Isroil terma jamoasi hozirda davom etayotgan saralash bosqichidan o‘tsa, Ispaniya 2026 yilgi Jahon chempionatida qatnashmasligi mumkinligini haqida ma’lum qildi. Bu juda jiddiy signal edi. Chunki JCHni Ispaniyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ayni damda bu davlat futbol bo‘yicha xalqaro reytingda karvonboshi hisoblanadi. Lekin navbatdagi JCH qayerda o‘tayotgani bunga halaqit berishi tayin edi. Ustiga ustak, qonun himoyachilari bo‘lgan XJS haqli ravishda Netanyaxuni hibsga olishga order bergani uchun AQSH tomonidan sanksiyaga uchragani sababli FIFA va UEFA kabi tashkilotlar ham shunday ehtimoliy sanksiyalardan qo‘rqqan bo‘lish ehtimoli yuqori.

Isroil atrofida ketayotgan voqealarga esa kutilganidek AQSH va uning ultraisroilparast rahbari aralashgani ayon bo‘ldi. Tramp ma’muriyati Isroilni futbol bo‘yicha Jahon chempionatidan chetlashtirish harakatlariga qarshi chiqqani aytildi. “Sky News” telekanaliga ko‘ra, Oq uy FIFA'ning Isroilni xalqaro futbol musobaqalari jumladan, hech bo‘lmaganda, chetlatishiga yo‘l qo‘ymaslik va Isroil terma jamoasining 2026 yilgi mundialda qatnashishini kafolatlashga harakat qildi. Manbalarga ko‘ra, Davlat departamenti Yaqin Sharqdagi "jazmaniga" qarshi sport sanksiyalarining joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mas’ul bo‘lgan. Yakunda esa adolat g‘alabasi kechiktirildi. UEFA Isroil terma jamoalari va klublarini xalqaro musobaqalardan chetlashtirish bo‘yicha qarorni ortga surishga majbur bo‘ldi.

Ammo Isroil sport musobaqalarida qatnashadi-mi yoki yo‘q, bunisi muhim emas. Insonlar uchun o‘ynaladigan sport turlari, jumladan, futbol ichida millionlab emas, balki milliardlab muxlislar yahudiy davlatining klublaridan tortib milliy termasining o‘yinlarini qanday kayfiyatda qarshi olayotganining o‘zi Isroil degan nom istalmaganlar va chetga uloqtirilgan, degan manoni anglatayotganidan dalolatdir. Hammasi muxlislar uchun va bu yerda barchasiga muxlislar baho beradi. Shunday ekan Isroil futbol klublari va termasi qatnashayotgan o‘yinlardagi atmosferadan barchasini anglash mumkin. Bu nom rad etilmoqda, hatto muxlislar o‘rindiqlarga “Isroilga qizil kartochka”, degan bannerlarsiz bormayapti. Hatto zamonaviy futbolning eng kuchli murabbiyi deya tan olinadigan Pep Guardiola ham so‘nggi paytlarda Ozod Falastin shiorining yuzlaridan biriga aylandi. U 4 oktyabr kuni Ispaniya fuqarolarini Barselonadagi Jardinets de Grasiya maydonida o‘tazilgan G‘azodagi genotsidga qarshi norozilik namoyishida ishtirok etishga chaqirdi. Tez orada Kataloniyadagi ushbu norozilik namoyishlarining ko‘lami kengaydi. 

“Biz minglab bolalar allaqachon vafot etgan va yana ko‘plab bolalar vafot etishi mumkin bo‘lgan genotsidga guvoh bo‘lmoqdamiz. G‘azo sektori vayron bo‘lgan, to‘da-to‘da odamlar oziq-ovqatsiz, ichimlik suvisiz va dori-darmonsiz sarson-sargardon holatda. Faqat uyushgan fuqarolik jamiyati odamlarning hayotini saqlab qolishi va hukumatlarni bir marta va butunlay harakat qilishga majbur qilishi mumkin. 4 oktyabr kuni Jardinets de Grasia ko‘chalarini to‘ldirib, genotsidni to‘xtatishni talab qilamiz”, deya murojaat bilan chiqdi Gvardiola.

U avval ham, xususan, joriy yil iyun oyida Manchester universitetining faxriy unvonini olganidan keyin G‘azodagi azob-uqubatlar haqida nutq so‘zlab, ko‘pchilikni hayron qoldirgandi.

AQSH qaysidir urushga tayyorlanyapti

AQSH ortda qolgan hafta boshida o‘zining barcha generallar va admiralarini bir joyga to‘pladi. Dunyoda global xavf ortgani, AQSH raqiblari birlashgani va bundan buyog‘iga har qanday holatda urushga tayyor bo‘lish chaqirig‘i bilan boshlangan bu shoshilich yig‘in Virjiniyadagi Kuaniko shaharchasida bo‘lib o‘tdi. Unda Tramp va endilikda Urush vazirligi deb nom olgan tuzilma rahbari Pit Hegset asosiy nutq so‘zlovchi bo‘ldi. Qiziq tomoni, bu yig‘ilishni iste’fodagi general Ben Xodjes tarmoqdagi sahifasida "1935 yil iyul" deb nomladi. Hegset esa Xodjesning postiga javoban “Ajoyib hikoya, general” deya izoh qoldirdi. Ma’lumot uchun, shu yili huddi shu oyda germaniyalik generallar Berlinda kutilmaganda shoshilinch tarzda yig‘ilishga chaqiriladi. Ularning eski Veymar konstitutsiyasiga bergan avvalgi qasamyodlari haqiqiy emasligi va ular endi fyurerga yangitdan shaxsiy qasamyod qilishlari talab qilinishi so‘raladi. Aksariyat generallar o‘z lavozimlarini saqlab qolish uchun yangi qasamyodni qabul qilishga majbur bo‘ladi. Ular o‘shanda bir necha yillardan so‘ng insoniyat tarixidagi eng daxshatli qirg‘inlarni boshlagan Adolf Gitlerga bo‘ysunadi. 

Xodjes ayni shu hikoyani qisqacha eslab o‘tdi. Hegset esa bunga kinoyali javob qaytardi. Chunki Tramp ma’muriyati o‘tkazgan mazkur yig‘ilishning ayrim jihatlari Gitler tashkil qilgan qaytadan qasamyod qilishga majburlash jarayoniga o‘xshaydi, deyish mumkin. AQSH armiyasi generallari va dengiz floti admirallari Hegsetning 45, so‘ngra Trampning bir soatlik nutqini eshitishga majbur qilingan shu kunda bundan keyin ko‘p narsalar o‘zgarishiga ishora qilindi. Pentagon zallarida semiz generallar va admirallar bo‘lmasligi aytilganidan tortib irqchilikka yashil chiroq ham yoqildi. Chunki Hegset irq kvotalari asosidagi tayinlashlarni to‘xtatish niyatini bildirdi. Bundan tashqari, u harbiy xizmatchilarga qilingan huquqbuzarliklar haqida xabar berishga imkon beruvchi shikoyat qilish tartiblari yo‘q qilinishini ham e’lon qildi. Masalan, endi qaysidir qora tanli askar irqiy kamsitishga uchraydigan bo‘lsa, uning shikoyati qabul qilinishi hamda tegishli tartibda hal etilishi amrimahol. Nafaqat irqiy kamsitish balki, jinsiy zo‘ravonlikdan tortib boshqa maishiy muammolar haqida ham e’tirozlar qabul qilish tizimi Tramp davrida falajlanadi. Bu esa AQSHning amaldagi Prezidenti haqida oldin aytilgan tanqidlar asosli ekanini ko‘rsatmoqda. Ya’ni Tramp qora tanlilardan nafratlanadi va u irqchi, degan fikrlar shunchaki tuhmat emas ekan. 

Hegsetning sharmandali va kulguli nutqi qanday qarshi olinganiga qaytadigan bo‘lsak, generallar uning so‘zlariga qarsak chalishni o‘zlariga ep ko‘rmadi. Urush vaziri o‘zini qandaydir ulug‘vor so‘zlar aytayotgandek his qildi va ora-orada qarsaklar kutayotgandek to‘xtab qoldi. Lekin zaldan olqishlar yangramadi. Undan so‘ng, Tramp so‘zga chiqdi va “bunday sukunatdagi odamlar guruhini hech ko‘rmagani” haqida hazilomuz so‘z qotdi. U yig‘ilgan harbiy rahbarlarga dushman AQSHning o‘zida ichkaridan hujum qilayotgani, "Amerika ichkaridan bosqin ostida" ekani haqidagi safsatalarni qayta-qayta takrorladi. 

"Biz ichkaridan bosqin ostidamiz. Ularning xorijiy dushmandan farqi yo‘q. Lekin ko‘p jihatdan bu tashqi bosqinchilardan xavfliroq. Chunki ular maxsus forma kiymaydilar. Agar ular forma kiyganlarida siz ularni yo‘ldan olib tashlashingiz mumkin bo‘lardi”, dedi Tramp.

Tramp bekorga bu gapni aytgani yo‘q. U ichki bosqinchilar deganda ko‘p ehtimol AQSHda uning siyosatiga qarshi namoyishlar o‘tkazayotganlarni nazarda tutdi. Chunki u Oq uyga qaytganidan beri bir nechta shtatga harbiylarni kiritib, kuch ishlatar tuzilmalarga kartblansh berdi. Bir necha kun oldin Oregon shtatining Portlend shahriga 200 nafar milliy gvardiya qo‘shinini kiritib "kerak bo‘lsa, to‘liq kuch ishlatish" buyrug‘ini bergani bunga yaqqol misol. Trampning chiqishi esa jiddiy generallar tomonidan huddi Hegsetniki singari sovuq qarshi olindi. U ham o‘zining urush vaziri singari, ba’zan to‘xtab qolar, go‘yo generallarning qarsak chalishini yoki kulishini kutgandek ko‘rindi. Ammo uning hazillariga kulgilar, hayolida huddi jarangdor chiqayotgan jumlalariga esa qarsaklar yangaramadi. 
Qisqasi, iste’fodagi general Xodjes ta’kidlaganidek, Tramp va Hegsetning ahmoqona buyruqlari shu kuni yig‘iilgan generallar tomonidan bajarilmaydi, degani emas. Ular o‘z qo‘shinlari yanada oqroq rangda bo‘lishi haqida signal oldi. Bundan tashqari, ushbu ofitserlar keyingi missiyalari asosan ichki norozilikni bostirishni o‘z ichiga olishi haqida ham ko‘rsatma oldilar. Eng qizig‘i ular lavozimlarini saqlab qolish uchun bu buyruqlarni bajarishi yoki ularga qarshi chiqib, iste’fo berish o‘rtasida tanlov qilish imkoniga ega. Lekin ko‘p ehtimol harbiy pogondagilarning aksariyati birinchi yo‘lni tanlashi tabiiy. Huddi Gitlerga qasamyod qilgan o‘tmishdagi mavqedoshlari kabi.

Japarov o‘lim jazosini tiklashni taklif qildi

Qirg‘izistonda jinsiy zo‘ravonlik va uning ortidan o‘lim holati sodir bo‘lishi mamlakatda o‘lim jazosi qayta tiklanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bir haftadan buyon Markaziy Osiyodagi internet foydalanuvchilari 27 sentyabrda issiqko‘llik 17 yoshli Oysuluv Mukashevaning ayanchli qismatidan yoqa ushlamoqda. 11 sinfga qadam qo‘yganiga ko‘p bo‘lmagam bu qiz o‘g‘irlab ketilib, jinsiy zo‘ravonlikka uchragani va keyin vahshiylarcha o‘ldirilib, dalaga tashlab ketilgani ma’lum bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni tushdan keyin Oysuluv Qorako‘l shahridagi dugonasinikiga borishini aytib, Barskaun qishlog‘idagi uyidan chiqib ketgach bedarak yo‘qolgan. U tushib qolgan kuzatuv kamerasi yozuvlarida qizning yo‘l yoqasida yurib ketayotgani aks etgan. Keyinchalik uning jasadi uzoq dara yaqinidagi Jal-Ariq hududidan topilib, qizning zo‘rlangani va o‘ldirilgani aniqlangan. Qirg‘iz OAVlarining yozishicha, jinoyat 27 sentyabr kuni Jenish qishlog‘ida joylashgan “Azamat” plyaji hududidagi olma bog‘ida soat 13:00 lar atrofida sodir etilgan. 

Hozirda esa kuzatuv kamerasida muhrlangan kadrlarga asoslanib, Oysuluvning yo‘ldagi o‘tkinchi mashinalardan biriga o‘tirib ketgani taxmin qilinmoqda va 41 yoshli haydovchi gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olingan. Oysuluvning jonsiz tanasi 30 sentyabr kuni o‘z qishlog‘ida dafn etildi. Mazkur voqea insonlar qalbini junbishga keltirdi, ijtimoiy tarmoqlar turli munozaralarga to‘lib-toshdi. Ammo Oysuluvning o‘limi shunchaki qayg‘uli bir voqea bo‘lib qolmadi. Uning ayanchli taqdiri Qirg‘iziston qonunchiligida tektonik o‘zgarishga asos bo‘lishi mumkin. Chunki Prezident Sadir Japarov Oysuluvning o‘limiga juda keskin siyosiy reaksiya bildirib, mamlakatda bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosi joriy etishni taklif qildi.

Bu esa aslida kutilmagan yangilik emas. Chunki Qirg‘izistonda 2022 yilda ham voyaga yetmaganlarga qarshi zo‘ravonlik holatlarining ortib borayotgani fonida qirg‘izistonlik ba’zi deputatlar bunday jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanilishini nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ilgari surgan. Hatto bu bo‘yicha referendum o‘tkazish masalasi ham ko‘tarilgan. Biroq ayrim ekspert va boshqa deputatlar bu tashabbusga qarshi chiqqan. Ular Qirg‘iziston sud tizimining adolatsiz va nomustaqil ekanini qayd etib, begunoh odamlar o‘ldirib yuborilishi mumkinligini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘rinbosari Edil Baysalov ham qonun loyihasiga qarshi chiqib, o‘shanda “hukumat bunday hissiy tashabbuslardan Konstitutsiyani qat’iy himoya qiladi”, degandi. E’tiborli tomoni esa, Japarov qaytarmoqchi bo‘lgan o‘lim jazosiga taqiq mamlakat miqyosida konstitutsion darajada man etilgan. Qirg‘izistonda o‘lim jazosi oxirgi marta 1998 yilda ijro etilgan. 1991 yildan 1998 yilgacha bo‘lgan davrda ushbu hukm otuv yo‘li bilan amalga oshirilgan. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ijro oshkora tarzda amalga oshirilmagan. Qatl ijro etilgachgina marhumning qarindoshlariga xabar qilingan, lekin jasad qaytarib berilmagan va dafn joyi sir saqlangan. 

Keyingi yillarda ham Qirg‘iziston qinunchiligida o‘lim jazosi saqlanib qolgan, ammo bunday hukmlar amalga oshirilmagan. 2007 yilga kelib esa Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Qurmanbek Bakiyev Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kirituvchi qonunni imzolab, o‘lim jazosini umrbod qamoq jazosi bilan almashtirdi. 2010 yilda Qirg‘iziston “Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro pakt”ning ikkinchi ixtiyoriy protokolini ham ratifikatsiyasini qilib, o‘lim jazosini butunlay bekor qilish majburiyatini olgan. Shu tariqa, bugungi kungacha mamlakatdagi eng og‘ir jazo chorasi mintaqadagi boshqa davlatlar kabi umrbod qamoq hisoblanadi. Umuman olganda, o‘sha kezlarda ya’ni 2007 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyoda o‘lim jazosidan voz kechish tendensiyasi kuzatilgan. O‘zbekiston ham o‘sha davrda bu jazo chorasini bekor qilgan.

Albatta, gap inson hayotiga qonuniy tarzda nuqta qo‘yish haqida gap borar ekan, bu masalada har bir elementar jihat ham o‘ta aniq dalillarga muhtoj va busiz barchasi o‘ta ayanchli yakun topishi mumkin. QALAMPIR.UZ bog‘langan inson huquqlari faoli Ozod Jo‘raboyevning fikricha, o‘lim jazosini tiklash masalasi gumanizm tamoyillari, xalqaro me’yorlar va jinoyatchilikka qarshi kurashning amaliy samaradorligi nuqtai nazaridan baholanishi zarur. U adolatga erishishning eng to‘g‘ri yo‘li jazoni o‘ta qattiqlashtirish emas, balki uning muqarrarligini ta’minlash ekanini ta’kidladi. Huquq faoliga ko‘ra, o‘lim jazosini tiklash qator fundamental sabablarga umumiy nomaqbul qadam hisoblanadi. 

“Japarovning taklifi Mukashevaning o‘limi tufayli yuzaga kelgan ijtimoiy g‘azabga siyosiy javobdir. Biroq, davlatlar populizmga emas, balki prinsipializmga va tizimli mustahkamlikka asoslanishi kerak. O‘lim jazosini tiklash bu oldinga emas, balki o‘tmishga chekinishdir”, deydi huquq faoli.

Ammo Japarov o‘lim jazosini voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlarga nisbatan joriy qilishi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Birinchi navbatda insoniyat boshiga balo bo‘lib turgan pedofilizmni cheklash uchun davlatlar og‘ir jazolarni joriy qilishga majbur bo‘ladi. Kimyoviy kastratsiyadan tortib, umrbod qamoq jazosiga qadar. Chunki, to‘g‘ri o‘lim jazosi juda og‘ir va ziddiyatli masala, ammo murg‘ak qizlarni zo‘rlab, keyinchalik vahshiylarcha o‘ldirib yuborish ham hech bir sog‘lom aql ko‘tara olmaydigan jirkanch jinoyatdir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Qirg'iziston Isroil FIFA UEFA Sadir Japarov Bin'yamin Netan'yaxu Pit Hegset

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing