WCK Isroil harakatlarini mustaqil tekshirishni talab qiladi

Olam

image

Dunyo bo‘ylab inqirozli hududlarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi World Central Kitchen (WCK) nodavlat tashkiloti G‘azo sektorida gumanitar yordam yuk mashinalari karvoniga Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) hujumi oqibatida yetti nafar xodimining o‘limi yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi. Kecha, 5 aprel kuni tashkilot veb-saytida tegishli bayonot e’lon qilindi. 

"SAXAL G‘azo sektoridagi o‘z muvaffaqiyatsizligi bo‘yicha ishonchli tekshiruv o‘tkaza olmaydi. SAXAL G‘azo sektoridagi yuk mashinamiz karvoniga qilingan halokatli hujumdagi mas’uliyatni va o‘zining halokatli xatolarini tan oldi. Shuningdek, qo‘mondonlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rdi va boshqa islohotlarga sodiqligini ko‘rsatdi. Bular oldinga bo‘lgan muhim qadamlardir. Biroq dastlabki tergov shuni ko‘rsatadiki, SAXAL o‘z protokollari, buyruqlar zanjiri va jangovar harakatlar qoidalarini hisobga olmagan holda halokatli kuch qo‘llagan. SAXAL bizning guruhlarimiz barcha tegishli aloqa tartib-qoidalariga rioya qilganini tan oldi. Quroli bo‘lmagan va hech qanday xavf tug‘dirmagan shaxsiy tarkibimizga qarata o‘q uzish uchun biron sababni ko‘rsating", deyiladi WCK bayonotida.

WCK G‘azo sektorining tinch aholisi uchun gumanitar yordam olib ketayotgan karvonga asossiz raketa hujumining dastlabki sababi u yerdagi oziq-ovqatning halokatli taqchilligi ekanini aytadi. 

“Isroil insonparvarlik yordamini qo‘llab-quvvatlashga jiddiy qarasa, quruqlik orqali tashiladigan oziq-ovqat va dori-darmonlar hajmini keskin oshirishi kerak”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Ma’lumot uchun, 2 aprel kuni WCK xayriya tashkiloti SAXAL qo‘shinlari G‘azo sektori markazida Dayr al-Balah janubida yuk mashinalari karvoniga zarba bergani haqida xabar berdi. Avtomobillar dengiz orqali G‘azo sektoriga olib kelingan 100 tonnalik insonparvarlik yordamini yetkazgandan so‘ng jo‘nab ketayotgan edi. Shu bilan birga, WCK kolonna harakati Isroil harbiylari bilan muvofiqlashtirilganligini ta’kidlaydi.

Xabar qilinishicha, halok bo‘lganlar orasida Avstraliya, Polsha va Buyuk Britaniya fuqarolari, shuningdek, AQSH va Kanada fuqaroligiga ega bo‘lgan bir kishi hamda bir nafar falastinlik bor. Ushbu fojiadan so‘ng tashkilot keyingi qarorlar qabul qilinmaguncha mintaqadagi faoliyatini darhol to‘xtatishini ma’lum qildi.

Xuddi shu kuni Isroil Prezidenti Isaak Gersog harbiylarning bu fojiali xatosi uchun uzr so‘radi va voqea atroflicha o‘rganilishiga va’da berdi. O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘z videomurojaatida isroillik harbiylarning G‘azo sektorida begunoh odamlarga “beixtiyor” zarba berganini “fojiali voqea” deb atadi. 

"Bu urush paytida sodir bo‘ladi. Biz buni diqqat bilan o‘rganmoqdamiz, halok bo‘lgan xorijliklar hukumatlari bilan aloqadamiz va bu yana takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilamiz", degan Isroil Bosh vaziri.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil World Central Kitchen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing