WBA rahbari Inouega Gudmandan keyin Ahmadaliyev bilan jang qilishini buyurdi  

Sport

image

Birinchi yarimengil vazn toifasida vaqtinchalik WBA chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan Murodjon Ahmadaliyev keyingi jangini katta ehtimol bilan yaponiyalik vaznning mutlaq chempioni Naoya Inouega qarshi o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi va uning jamoasi WBA rahbariyatidan ushbu vaznda mutlaq jahon chempioni Naoya Inouega qarshi jang berishlarini talab qilmoqda. 

“Biz barcha kamarlar uchun jang o‘tkazishni istaymiz. WBA buning uchun o‘z tomonidan barcha zaruriy choralarni qo‘llashini so‘raymiz. Tushunamiz, tashkilot Inouening mashhurligidan kelib chiqib, uning kamarlarini olib qo‘ygisi kelmayapti. Lekin istak sabab qoidalarga qarshi bormaslik kerak”, deydi Ahmadaliyevning menejeri Vadim Kornilov. 

WBA tashkiloti prezidenti Xilberto Mendosaning xabar berishicha, WBA Inoue 24 yanvar kuni avstraliyalik Sem Gudmanga qarshi jangni o‘tkazib olganidan keyin majburiy ravishda Murodjon Ahmadaliyevdan chempionlik kamarlarini himoya qiladi.  

“Inoue va uning jamoasida Gudmanga qarshi jangdan keyin yakuniy qaror qabul qilish uchun 10 kun muhlat bo‘ladi. Shu muddat ichida Naoyaning jamoasi Ahmadaliyevning jamoasi bilan o‘zaro jang bo‘yicha kelishib olishlari lozim”, deydi Mendosa. 

Ahmadaliyevning yuristi, ya’ni huquqshunos-advokati Pet Inglish bokschi nomidan WBA tashkilotiga maktub jo‘natdi. 

“Bizga va’da berishgandi, lekin bu o‘z vaqtida bajarilmadi. Jang belgilash bo‘yicha rezolyutsiya bor edi. Biz hurmat bilan, lekin qat’iy ravishda WBA’dan imkon qadar tezroq Inouega qarshi jangni belgilashlarini talab qilamiz. Biz Naoyaning Gudmandan keyin yana bir ixtiyoriy himoya jangi o‘tkazishiga mutlaqo qarshimiz. Yaponiyalikning himoya jangi fursati allaqachon kelgan va u majburiyatlarni bajarishi shart”, deyiladi Inglish yozgan maktubda.

Ma’lumot uchun, Murodjon Ahmadaliyev 14 dekabr kuni tunda Monte-Karloda tashkil etilgan profboks oqshomida meksikalik Rikardo Espinozani 3-raunddayoq nokautga uchratib, vaqtinchalik WBA chempioniga aylandi.


Maqola muallifi

Teglar

boks Murodjon Ahmadaliev Naoya Inoue

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing