Shimoliy Koreya Eron tomonda
Tahlil
−
20 iyun 13989 4 daqiqa
“Gumbaz ostidagi” Shimoliy Koreya Eron tarafida turib Isroil va uning G‘arbdagi ittifoqchilari, xususan, AQSHga qarshi bayonot e’lon qildi. Kim Chen Inning “monarxiyasi” G‘arb mojaroga “burun suqmasligini” xohlamoqda. Aniqrog‘i, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi AQSH va Yevropa davlatlarini Eron-Isroil o‘rtasidagi mojaroga aralashmaslik haqida ogohlantirdi.
19 iyun kuni e’lon qilingan bu bayonotda Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi Eronning muhim infratuzilmasi, shu jumladan energetika ob’ektlari va fuqarolik inshootlarini nishonga olgan Isroil havo hujumlarini qoraladi. Shimoliy Koreyaning rasmiy axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda Isroilning harakatlari “insoniyatga qarshi dahshatli jinoyat” deb ta’riflangan.
“2025 yil 13 iyun tongida Isroil tomonidan Eron Islom Respublikasiga nisbatan amalga oshirilgan yirik miqyosdagi harbiy hujum davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan terrorizmning noqonuniy harakati bo‘lib, xalqaro hamjamiyatda keskin norozilik va xavotir uyg‘otmoqda hamda Yaqin Sharqda yangi keng ko‘lamli urush xavfini kuchaytirmoqda. Isroilning xalqaro huquq va BMT Nizomining asosiy tamoyillarini ochiqchasiga buzgan holda tinimsiz ravishda fuqarolarga qarshi amalga oshirayotgan harbiy hujumlari – bu suveren davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga nisbatan ochiq tajovuz bo‘lib, insoniyatga qarshi kechirib bo‘lmaydigan jinoyatdir”, deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, vazirlik bayonotida hozirgi inqiroz AQSH va G‘arb mamlakatlari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlangan Isroilni Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka jiddiy tahdid sifatida shakllantirgani bayon qilingan. Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi vakiliga ko‘ra, AQSH va Yevropa kuchlarining mintaqadagi ishtiroki nafaqat keskinlikni kuchaytiradi, balki Eronning o‘zini himoya qilish huquqiga ham qarshi chiqadi. Eng e’tiborga molik jihati shuki, vazirlik bayonotida Isroil “saratonga” qiyoslangan. Odatda yahudiy davlatiga nisbatan bunday ta’riflar Eron rasmiy doiralaridan yangrardi.
“Yaqin Sharqda yangi urushni boshlab bergan tajovuzkor kuchlar global tinchlikni barbod qilganlik uchun javobgarlikdan qochib qutula olmaydi. Bugungi murakkab vaziyat Isroilning AQSH va G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli Yaqin Sharqdagi tinchlik uchun xavfli o‘smaga aylanganini va global tinchlik hamda xavfsizlikni izdan chiqarayotgan asosiy aybdor ekanini aniq ko‘rsatmoqda”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Shimoliy Koreya rasmiy idorasi o‘tgan asrdagi Isroil bosqinlari va bu orqali yahudiy davlati o‘z hududini muntazam ravishda kengaytirganini ham eslatib o‘tgan.
“Isroil o‘tgan asrlarda to‘rt bor yuz bergan Yaqin Sharq urushlari hamda o‘nlab harbiy bosqinlar orqali o‘z hududini muntazam kengaytirib kelgan. So‘nggi yillarda esa u Falastinning G‘azo sektori, Iordan daryosining G‘arbiy sohili, Livan, Suriya va boshqa mintaqa davlatlariga qarshi harbiy hujumlarini bosqichma-bosqich kuchaytirdi. Oqibatda o‘n minglab tinch aholi halok bo‘ldi, og‘ir gumanitar inqiroz yuzaga keldi”, deya qayd etilgan TIV bayonotida.
Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat hozirda Isroilning tajovuzkor hududiy ekspansiyasini qoralash o‘rniga, jabrdiyda Eronning qonuniy suveren huquqi va o‘zini himoya qilish huquqini tanqid ostiga olib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni boshqarib bo‘lmaydigan halokatli bosqichga olib chiqayotgan AQSH va G‘arb kuchlarini diqqat bilan kuzatmoqda. Vazirlik bayonotining eng so‘nggida esa Isroildagi hokimiyat sionistlar deb atalgan va ularning qo‘llab-quvvatlayotganlar barcha qilmishlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi ta’kidlangan. Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etish joizki, bu Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro boshlangandan buyon Shimoliy Koreya tomonidan berilgan ilk rasmiy munosabat.
Hozircha Shimoliy Koreya o‘zining ilk qadamini ritorik jihatdan rasmiy Tehron foydasiga tashladi. Ammo ayni damda uning amaliy yordami haqida hech qanday ma’lumotlar yo‘q. Biroq G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Isroil bilan urushda sharqiy yarimsharda Eronni yo‘qlovchilar yetarlicha. Bugungacha 20 ta musulmon davlatining Tashqi ishlar vazirlari Isroilni qoralovchi qo‘shma bayonnoma bilan chiqdi. Tarkibida O‘zbekiston mavjud bo‘lgan SHHT a’zolari ham Isroil hujumining ilk kunlaridayoq bu harakatlarni qoralagandi. Faqat yahudiy davlati bilan mudofaa va yana ko‘plab sohalarda o‘ta yaqin bo‘lgan Hindistongina ushbu yakdil fikrga qo‘shilmagandi. Bundan tashqari, Pokiston eng birinchilardan bo‘lib Eron bilan birdamlik e’lon qilgandi. Turkiya ham bir necha kundan buyon Isroilga qarshi keskin ritorik pozitsiyada.
Ammo bular ichida hozirgi taxminlarga ko‘ra, faqatgina Xitoy Eronga bir nechta uchoq orqali harbiy yordam yuborgan bo‘lishi mumkin.
Joriy haftada “Telegraph” nashri Xitoy Eronga uchta samolyot orqali yuk jo‘natgani va bu yordam davom etayotgani haqida xabar berdi. Taxminlarga ko‘ra, samolyotlar Eronga harbiy texnika olib borgan. Qayd etilishicha, samolyot Xitoy shimolida ko‘tarilib, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston ustidan uchib o‘tgan va havo hududini butun dunyo uchun yopgan Eronga kirish arafasida radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Aslida esa samolyotlar Lyuksemburgga yetib kelishi kerak bo‘lgan, biroq ularning hech biri Yevropa havo hududiga kirmagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr