VPN – O‘zbekistonda davlat xavfsizligi uchun yangi xavf! Uni hatto Hukumatdagilar ishlatyapti

Tahlil

image

Anchadan buyon og‘iz juftlab, aytishga vaqtmi yo qulay vaziyatni topolmay, yo‘q, qog‘ozga tushirolmay yurgan bir gapim bor: O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook’ga qanday kiryapti? U ba’zan Hukumat faoliyatiga doir xabarlarni Facebook’dagi sahifasi orqali e’lon qiladi. Ayrim hollarda boshqa mahalliy internet-nashrlarning maqolalarini kuzatuvchilari bilan bo‘lishadi. Qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, u doim onlayn holatda!
 
Bular qatoriga davlat rasmiylaridan Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari – Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori v.v.b. Komiljon Allamjonov, Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyevni, Toshkent shahar hokimiyati va boshqa viloyatlar hokimliklarini keltirish va bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin? Xo‘sh, ular Facebook’dan qanday foydalanyapti? VPN orqali, shundaymi?
 
Tugab borayotgan yil axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida, xususan internet tizimida O‘zbekiston uchun katta yo‘qotishlar yili bo‘lyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qaysi davraga kirmang, odamlar internetning pastligi, uyali aloqaning sifati yomonligi, to‘lanayotgan mablag‘ga nisbatan, ehtiyojga mos xizmat ko‘rsatilmayotganidan noliydi. Mamlakatda oxirgi uch oydan ziyodroq vaqt davomida nafaqat xorijiy, balki mahalliy saytlarga kirish kun sayin qiyinlashyapti. Bu ham yetmagandek, Facebook ijtimoiy tarmog‘i hech qanday izohsiz cheklab qo‘yildi. Unga VPN’siz ulanishning imkoni bo‘lmayapti. Facebook ortidan YouTube ham norasmiy taqiqqa uchradi.
 
Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb nomlangan joriy yilning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha bor axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida yig‘ilish o‘tkazdi va har bir uchrashuvda O‘zbekistonda internet tezligi past, sifat yomonligini tanqid qildi.
 
Ba’zan o‘zgarishlar bir zumda bo‘lmaydi, kutish, sabr qilish kerak, deb o‘zimizni o‘zimiz yupatamiz. Boriga shukr qilishga harakat qilamiz. Yuqorida o‘tirganlarga ham oson emas, minglab odam harakat qilyapti, deymiz. Lekin 2018 yilda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida amalga oshirilgan ishlarni tarozining bir pallasiga, ikkinchisiga esa odamlarning noroziligi, cheki-chegarasi yo‘q shikoyatlar va arzlarni qo‘yaylikchi, qay biri ko‘proq tosh bosarkin...
 
Endi esa maqola avvalida boshlaganimiz VPN masalasiga to‘xtalsak. Joriy yilgacha O‘zbekistonda kam sonli internet foydalanuvchilarigina VPN nimaligini bilar edi. Ularning yana bir necha kam sonlisigina VPN’dan foydalanardi.
 
Xo‘sh, VPN nima o‘zi?
 
Odam tilida tushuntiradigan bo‘lsak, VPN cheklab qo‘yilgan saytlarga kirish imkoniyatini yaratuvchi vositadir. Siz VPN orqali Facebook va YouTube’ga kiryapman, desangiz xato qilasiz. Chunki, VPN tugmachasini bosish orqali, o‘zingiz haqingizdagi barcha ma’lumotlarni, hatto, shaxsiy sahifangiz parolini ham xorijdagi xakerlarga uzatasiz. Bundan kelib chiqsak, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovdan tortib, Fecebook’ga VPN orqali ulanayotgan boshqa amaldorlarning shaxsiy ma’lumotlari allaqachon xalqaro bazadan o‘rin olib bo‘lgan.
 
Tan olish kerak, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida ish boshlagandan buyon mamlakatda VPN’ga ehtiyoj qolmagan edi. Chunki, O‘zbekistonda aytib bo‘lmaydigan, chiqarilishi cheklangan yoki taqiqlangan axborot qolmadi. Prezident OAV faoliyatini ochiq, erkin va shaffof bo‘lishiga shaxsan e’tibor qaratdi. O‘z-o‘zidan O‘zbekistonda Hukumatidagi voqeliklardan tortib, oddiy odamlar hayotidagi o‘zgarishlarni yoritib kelayotgan xorijiy saytlarga yashirincha kirish kamaydi. Bu esa VPN qurilmasini ishlatuvchilar soni tushib ketishiga olib keldi. O‘zbekistonda milliy axborot segmentiga e’tibor kuchaydi, mahalliy internet saytlarning obro‘si bir pog‘ona ko‘tarildi, biznesda ularning bozori yaratildi.
 
Internet – keng maydon. Uning boshi ham, oxiri ham, o‘rtasi ham, me’yori ham yo‘q. Uni jilovlash mumkin, biroq bu jilovlash, to‘sish, g‘ov bo‘lish ortidan bo‘lmaydi. Bugun esa O‘zbekistonda YouTube xalqaro media portali va Facebook ijtimoiy tarmog‘i to‘sib qo‘yilgan. 3 oydan ziyod vaqt o‘tdiki, bunga rasmiy izoh berilmayapti. Aksincha, ayrim mutasaddilarning o‘zi VPN’ga bo‘lgan talab ortishiga chetdan tomoshabin bo‘lib turibdi, yo‘l ko‘rsatyapti. Chunki bugungi davr odamlarini shunchaki cheklash bilan biror tarmoqqa ulanishdan qaytarib bo‘lmaydi.
 
Masalaning bir uchi boshqa tarafga borib taqaladi. O‘zbekistonda VPN’ni bilmaganlar qolmayapti. Bu esa YouTube va Facebook’dan ko‘ra bir necha barobar xavfliroq. Boisi yana mamlakatga bo‘hton va tuhmat toshlarini yog‘diradigan internet-saytlarining kuni tug‘adi, behayolikni, aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi, terrorizm va ekstremizm nafasi kelib turgan internet-saytlarga kirish oson bo‘lib qoladi. Xo‘sh, bundan kimga foyda? Bir narsani cheklash ortidan ikkinchi xavliroq yo‘lga qadam olmayapmizmi? Odamlar kun sayin VPN’ning imkoniyatlarini tushunib boryapti. Kuni kelib YouTube va Facebook ochib yuborilgan taqdirda ham boshqa cheklangan tarmoqlardan foydalanishda VPN ayni muddao bo‘ladi. Xo‘sh, yo‘qotishlarimiz oldida topadiganlarimiz arziydimi?
 
VPN bizga qanday zarar keltiradi?
 
– VPN xorijdagi egasi noma’lum bo‘lgan shaxs va guruhlar tomonidan boshqariladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz o‘zimizga oid ma’lumotlar, yozishmalar, kontaktlarni qo‘sh-qo‘llab ularga topshiramiz. Bu ma’lumotlar bilan jamiyatda istalgan o‘yinni o‘ynash mumkin.
 
– VPN  tekin emas, O‘zbekistonning real valyutasi chet elga oqib ketyapti.
 
– VPN orqali pornografik saytlarga kirish cheklanmagan. Bu esa bolalarimiz tarbiyasiga chang solayotgan eng katta xavf.
 
O‘zbekistonda YouTube va Facebook’ga rasmiy tashkilotlar tomonidan taqiq o‘rnatilgan deyishimizga asos bor. Ular bundan xabardor!
 
“O‘zbektelekom”ning savdo va xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zufarov bu haqda shunday degan edi: 
 
“O‘zbektelekom” komapaniyasi Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube videoxostingiga kira olmaslikni bartaraf qilish bo‘yicha qattiq shug‘ullanyapti.
 
Natija bo‘lishi bilanoq, hammaga ma’lum kilamiz. Bu masalani hal qilishimizga hech kim shubha qilmayapti. Faqat biroz vaqt talab qilinadi”, degan edi.
 
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov esa bu masalaga quyidagicha munosabat bildirgandi:
 
“Biz bu masalani yaqin vaqtlarda yechish uchun milliy operator va boshqa idoralar bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Men o‘zim, to‘g‘risini aytsam, bu masala hal bo‘lishini kutyapman, negaki, VPN’dan foydalanish ba’zida noqulaylik tug‘diradi”.
 
Men sizga aytsam, Facebook va YouTube’ning cheklab qo‘yilishi vaqti-vaqti bilan boshqa mamlakatlarda ham sodir bo‘lib turadi. Masalan, Turkiyada. Bunday vaziyatda Facebook va YouTube ma’muriyati mamlakat hukumati bilan kelishadi, faoliyatini tartibga soladi. Chunki Turkiya bozoridagi 55 million foydalanuvchini yo‘qotish Facebook va YouTube uchun katta judolik, biroq O‘zbekiston bozoridagi 4-5 million uchun ular murosaga kelarmikin?
 
Internet, YouTube va Facebook shunchaki ko‘ngilxushlik emas, juda ko‘p narsa degani. Bugun davlatlarning qanchalik rivojlangani, innovatsiya, ilm-fan va texnologiya, axborot va kommunikatsiyalar sohasiga bo‘lgan e’tibori aynan shular bilan o‘lchanmoqda. Qolaversa, turizm ham shunchaki rivojlantirishiz kerak, degan gap bilan rivojlanib qolmaydi. Kelayotgan sayyohga sharoit yaratilmasa, ular istagan joyida yaqinlari bilan aloqaga chiqolmasa, suratga tushib internetga, Fecebook’ga joylashtira olmasa, O‘zbekistonga keladimi?
 
Maxatma Gandining shunday so‘zlari bor: 
 
“Agar oynani yopib qo‘ysam, havo kirmaydi. Oynani ochsam, havo bilan birgalikda zararli bakteriyalar ham kirishi mumkin. Lekin havodan mosuvo qolmaslik uchun, oynani ochishga majburman”.
 
Bugungi davrda yuqoridagi oyna so‘zi o‘rnida, internet, YouTube va Facebook so‘zlarini bemalol qo‘llash mumkin. Biz ulardan keladigan xavfdan qo‘rqyapmizmi? Tamom! VPN bilan yangi xavfga yo‘l ochmaylik, uni Hukumat darajasida targ‘ib ham qilmaylik. O‘rniga o‘zimiznikini yarataylik, ammo o‘zimiznikini yaratish uchun ham avval internetni uchirib qo‘yish kerak!


Maqola muallifi

Teglar

VPN Facebook

Baholaganlar

363

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing