Voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish yoshi o‘zgaryapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish yoshini ko‘tarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilangan.

Loyiha Bugun, 9 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasida dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, qonun bilan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Ya’ni, voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish yoshini o‘n uch yoshdan o‘n to‘rt yoshga ko‘tarish, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar, xususan, Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalari sanksiyalarini kuchaytirish nazarda tutilyapti.

Shuningdek, loyihaga voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida to‘rt soatdan oshmasligini belgilash, voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda voyaga yetmagan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga ko‘ra psixolog ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

Muhokamalar so‘nggida, qo‘mita tomonidan qonun loyihasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qaror qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

397

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing